Breaking News

Amerikalik ekspert: Markaziy Osiyoda imkoniyatni boy berayapmiz


AQSh dunyoda eng ko’p yonilg’i iste’mol qiluvchi davlat bo’lib, energiyani asosan qo’shni Kanadadan sotib oladi.

Biroq Amerika neft va gaz kompaniyalari uzoq o’lkalar, xususan Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarida azaldan faoliyat yuritib keladi.

Tabiiy zaxiralarga boy mintaqalarga qiziqish katta, chunki resurslarni qazish va jahon bozoriga chiqarishda ko'maklashish ulkan daromad olib keladi.

Bu bir siyosiy haqiqat, lekin energetika siyosiy, strategik soha hamdir. Amerika va Xitoy singari yirik davlatlar rivojlanayotgan mamlakatlarga sarmoya kiritib, hamkorlik taklif etib o’z siyosiy- iqtisodiy ta’sirini ta'minlaydi.

Lekin yaqinda Markaziy Osiyoga safar qilib vaziyatni o’rgangan olim Aleksandros Petersen tahlilicha, Qo’shma Shtatlar mintaqada ko’plab imkoniyatlarni boy bermoqda.

Mutaxassis Amerika matbuotida chiqqan bu boradagi so'nggi maqolalarida Vashingtonni "nimani kutayapmiz"? deya sergaklikka chaqirmoqda.

Rossiya va Xitoy, deydi u, “energetik geosiyosatda AQShdan o’zib ketgan”.

Kobuldan turib "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan Petersen Vashington konkret qadamlar tashlashi kerak deydi.

Birinchidan AQSh Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda yangi strategiya ishlab chiqishi lozim. Chunki Kaspiy mintaqasi va Markaziy Osiyo yonilg’i manbalariga aynan Yevropa muhtoj. Ular bu borada Rossiyaga tobelikdan qutulmoqchi bo’lsa, dadilroq harakat qilishi kerak. Ikkinchidan, AQSh vositachilik rolini oshirishi kerak. Turkmanistondek tabiiyga gaz makoni bilan aloqalarimiz juda sust. Qozog’iston va O’zbekistondek tabiiy resurslarga boy davlatlarga ham real takliflar bilan chiqish kerak. Uchinchidan, mintaqada Vashingtonga nisbatan ishonch past. Uni oshirish uchun murosa qilishga to’g’ri keladi”,- deydi Petersen.

Lekin Vashingtonda ayrim siyosatdonlar olg’a suradigan nazariya shuki, AQSh Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoy bilan bellashmagani ma’qul, chunki ular geografik va tarixiy ustunlikka ega.

"Bu qarashda mantiq yo'q",- deydi Aleksandros Petersen, AQSh poytaxtidagi Atlantika Kengashi (Atlantic Council) deb nomlangan nufuzli tahlil markazi a'zosi.

Olim nazarida iqtisodiy taraqqiyot sekin kechayotgan Markaziy Osiyo aslida cheksiz imkoniyatlar makoni.

“Ishonchli sherik bo’lishni istasangiz, harakatingizni qiling”,- deydi Aleksandros Petersen Obama ma’muriyatiga qarata.

“Yevrosiyo - Qora dengiz va Kaspiy bo’yidagi mamlakatlar, butun Markaziy Osiyoni nazarda tutayapman - Amerika aniq reja bor desa, yo’q demaydi. Agar biz dunyoning shunday yirik va strategik qismiga Rossiya va Xitoy soyasidagi hududlar deb qarab qo’l qovushtirib o’tirsak, biz bu davlatlarni suveren va mustaqil tomonlar sifatida ko’rmayotgan bo’lamiz”.

“Bu degani Rossiya neoimperialistik siyosatini kuchaytirishda, Xitoy esa o’z iqtisodiy nufuzini oshirishda davom etadi. Bu degani tabiiy resurslarga boy bu mintaqalar faqat ularga qaram bo’lib qolaveradi, chunki boshqa imkoniyatlar yo’q”, - deydi olim.

“AQSh istasa Yevrosiyo geosiyosatida eng to’rdagi o’rinni mahkam egallab olishi mumkin, chunki u bilan hamkorlikka hamon ishtiyoq kuchli”, - deydi Aleksandros Petersen.

Biroq Amerika siyosatchilari orasida mintaqa davlatlariga ishonch past. Markaziy Osiyo rahbarlari bilan yirik kelishuvlar imzolash repressiv hukumatlar bilan tenglashishga qiyoslanadi.

Aleksandros Petersen fikricha esa energetik hamkorlik bobida bu mamlakatlarga tayansa bo’ladi. Chunki tabiiy boyliklar Turkmaniston, Qozog’iston va O’zbekiston singari davlatlarni boqadi, bu ularning noni.

“O’zaro ishonch huquq va demokratiya masalalariga kelganda juda past ekani sir emas”, - deydi olim.

“Bu sohalardagi kelishmovchiliklarni yengishning eng ma’qul yo’li ham o’zi iqtisodiy hamkorlik. Amerika bilan ishlab bu davlatlar xohlasa-xohlamasa o’zgarishga majbur bo’ladi. G’arbcha boshqaruv, amerikacha biznes bilan yaqindan tanishishi turgan gap. Avlodlar yangilanar ekan, siyosiy mentalitet ham yangilanadi. Bu nozik jarayonda bu xalqlar bilan yonma-yon turib, madad qo’lini uzatishimiz kerak. Buning bir yo’li – energetik hamkorlik, sarmoya va yangi quvurlar”, - deydi Aleksandros Petersen.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG