Breaking News

Amerikada menhat qilib vatanga qaytayotgan yoshlar


Amerikada qanday qilib ish topish mumkin? O’qish-chi? Grin kartaga hujjat topshirish uchun nima qilish lozim?

Bu singari savollar "Amerika Ovozi" tahririyatiga tez-tez tushib turadi. Ushbu saytning Ilm-fan bo'limidan ko’plab foydali ma’lumotlar topasiz.

AQShga yoshlarni olib keladigan dasturlardan biri "Work & Travel USA" bo’lib, uning asosida talabalar 4 oy davomida bu mamlakatda ishlashi mumkin. Mehnat va sayohat taklif qiluvchi bu programmada qatnashish o’ziga yarasha sarmoya va shijoat talab qiladi.

Ishchan, g’ayrat va umidga to’la, qiziquvchan yoshlar ko’p. Intilganga omad yor deb yurgan yigitlardan biri yaqinda Amerikaga kelib uch oy ishlab ketdi.

Vatanga qaytishdan oldin "Amerika Ovozi" ga o’z taassurotlarini aytib berar ekan, uyalibgina “iltimos, ism-sharifimni bildirmang” dedi, har ehtimolga qarshi.

Bu talaba O’zbekistonda o’qishini yakunlab, jamiyatga foydasi tegadigan bir mutaxassis bo’lish niyatida. Suhbatdoshimiz ingliz tilini yaxshi biladi, iqtisod va biznes yo’nalishida bilim olmoqda.

"Work & Travel" dasturi haqida qayerdan bildingiz? - deb so’raymiz undan.

”Hamma studentlar hayotda bir marta bo’lsa-da, Amerikani ko’rib kelishni orzu qiladi. Dastur haqida borib kelgan bolalardan eshitganman. AQSh elchixonasining www.usembassy.uz saytidan ma’lumot olganman”,- deydi u.

AQSh Davlat departamenti tomonidan ta’sis etilgan bu dastur CIEE (Council on International Education Exchange), Xalqaro Ta’lim Almashinuv Kengashi degan tashkilot tomonidan yuritiladi. Toshkentda u bilan “Resurs” (www.resursuz.com ) degan firma shug’ullanadi.

Dasturda qatnashish uchun universitet talabasi bo’lishingiz shart. Ish ta’til paytiga mo'ljallanadi. Programma tekin emas.

"Student bilan kontrakt tuziladi. 100 ming so’mdan ortiqroq pul to’laysiz buning uchun. Keyin esa programma uchun to’lanadigan pul bor, 800 dan 900 dollargacha", - deydi qatnashchi.

Ana shu shartnoma asosida keyin tashkilot sizga ish va turar joy topib beradi. Amerikaga kelish uchun yo’lkirani ham o’zingiz qoplaysiz.

O’zbekiston Havo Yo’llarida Toshkentdan Nyu-Yorkka va Nyu-Yorkdan Toshkentga uchish 1200-1400 dollarga tushadi. Nyu-Yorkdan Amerikaning boshqa yaqin va uzoq shaharlariga yetib olish va orqaga qaytish xarajati ham o’z bo’yningizda.

Odatda sizni kimdir kutib oladi, ammo o’zga yurtga borayotgan odam har narsaga tayyor turishi kerak.

"Meni hech kim kutib olmadi. Lekin ish beruvchi sizni kutib qoladi deyishgan edi. Telefon nomerlari va adreslarini berishgan edi. Men o’z ish beruvchimni kutib bir kunim bekor ketdi. Virjiniya shtatining Vudbrij shahrida", deya hikoya qiladi o’zbekistonlik student.

Suhbatdoshimiz avval basseynda qutqaruvchi bo’lib yollangan, ammo ish bu yigitning ko’ngliga o’tirmagan. Ish turini oldindan surishtirib olish, sizga ma’qul sohani tanlash maslahat beriladi. Borgach, bir gap bo’lar deb o’ylash yaramaydi. Chunki shartnomani buzsangiz jarima to’laysiz.

“Birinchi kuni kontrakt imzoladik. Yotoq uchun 200 dollar depozit to’ladik. Kontraktni buzsangiz 450 dollar to’laysiz. 3500-4000 dollar naqd cho’ntakda bo’lishi kerak. Chunki programmaning o’zi taxminan 3000 dollar ketadi. Keyin ishni boshlab olguncha yashab turish kerak. Buning uchun yana kamida 500 dollar kerak bo’ladi”,- deydi talaba.

Basseyndagi ishini tashlagach bu yigit ikki oy yangi joy izlagan. “Juda qiyin bo’ldi, lekin epladim, boshqa chora yo’q edi”,- deydi u.

“Oxiri McDonalds dan ish topdim. U yoqda ham yarim kunlik ish. Soatiga 7 dollar 25 sent to’lashdi, Amerikadagi minimal ish haqi”.

Shuncha harakat va xarajat arzirmikan?

“Men Amerikaga inqiroz paytida kelib qoldim. Taqdir ekan. Menimcha, uch oyda xarajatni qoplash mumkin. Programma ishlab, Amerikani ko’rib ketish uchun arziydi. Ammo bu dasturning studentlarga taklif qiladigan yaxshi bir imkoniyati bu ingliz tilini rivojlantirish, ingliz tilini yaxshilash deyishadi. Men bunga qo’shilmagan bo’lardim. Chunki buning uchun yetarli imkoniyat yo’q. Atrofingizda faqat immigrantlar. Men yashagan va ishlagan joyda ko’proq immigrantlarni ko’rdim, amerikaliklarni ko’p uchratmaysiz”, -deydi talaba.

Amerika murakkab jamiyat ekan, bu yerda kun ko’rish va oyoqqa turish ko’pchilik o’ylagandek oson emas ekan, deydi o’zbekistonlik yigit. Xilma-xil elat vakillarini uchratasiz, turli mentalitetlar, turlicha yondashuv. Odamlar har yerda har xil. Muhojir moslashuvchan bo’lishi, vaziyatga qarab ish tutishi kerak bo’ladi.

”Amerika juda chiroyli va qudratli davlat. Lekin menga yoqmagan jihati odamlarning munosabati, muomalasi. Nazarimda juda soxta. Dilda boshqa, tilda boshqa”,- deydi suhbatdoshimiz.

Lekin, deydi bu talaba, Amerika safari uning hayotida o’ziga xos burilish yasagan va kelajak maqsadlarini o’zgartirgan bo’lsa ajabmas.

"O'zim haqimda ko’proq o’rgandim. Kamchilik va ustun tomonlarimni oynada ko’rgandek bo’ldim", - deydi u.

”Musofir bo’lmaguncha musulmon bo’lmaysan deyishadi. Hayotning past- balandini ko’rdim. Ikki oy ishsiz yurishning o’zi bo’lmaydi. Nimadir qilish kerak, yashash kerak. Aytmoqchimanki, qiyinchiliklarda odam toblanadi. Eng asosiysi, o’tayotgan vaqtning qadriga yetishni o’rgandim. O’z ustimda ko’proq ishlashim kerakligini angladim”.

Amerikaga mavsumiy ish uchun kelgan talabalar odatda qutqaruvchi, farrosh yoki kassir bo’lib ishlaydi. Dam olish maskanlarida xizmat qiladi. Oshxona va restoranlarda idish-tovoq yuvishadi, yoki sotuvchiga yordamchi. Ofitsiantlik eng keng tarqalgan ish turlaridan, shunindek, mehmonxonalarda yugurdaklik.

Dastur yoqsa, kelasi yil yana kelish mumkin. Bir mavsum to’rt oydan uzoqqa cho’zilmasligi kerak va bu muddat bitgach siz vatanga qaytishga majbursiz. Qatnashchiga J-1 vizasi beriladi. Bu degani siz homiy tashkilot nazorati ostidasiz va belgilangan sohalardan boshqasida ishlay olmaysiz. Shartga bo’ysunmaganlar noqonuniy muhojir sanaladi va javobgarlikka tortilishi yoki deportatsiya qilinishi va Amerikaga boshqa kiritilmasligi mumkin.

Yozda Amerikada ishlab, O’zbekistonga qaytgan ayrim talabalar maxsus ruxsatsiz ketganlikda va tartibni buzganlikda ayblanib, o’qishdan haydalgani haqida ma’lumotlar bor.

Masalan, bu yili Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiyasi Universitetining kamida 10 studenti yuqorida tilga olingan sabablar bilan talabalar safidan chetlashtirilgan. Yoshlar, tabiiyki, bu qarordan norozi va xorijga borib kelib, biror nomaqbul ish qilmaganini aytmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG