O’zbekistonlik atoqli yozuvchi Abdulla Qodiriyning “O’tgan kunlar” romani Afg’onistonda birinchi bor nashr etildi. Bundan bir asr oldin O’zbekistonda kiril harfida nashr qilingan bu badiiy asar afg’onistonlik jurnalist Muhammad Hasan To’lqin tomonidan o’zbek arab imlosiga o’girilgan.

Uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, asarni u besh yil ichida o’girib chop etishga tayyorlagan, Afg’oniston o’zbeklari uchun mo’ljallangan arab imlosiga moslashtirilgan.

“Kobulga kelganimda internet tarmoqlariga ulanish imkoniga ega bo’ldim. “Ozodlik”, “Amerika Ovozi”, BBC va O’zbekiston saytlariga kirdim. Lotin va kiril yozuvini o’rgandim. Ayrim maqolalar va hikoyalarni arab imlosiga o’girib o’qidim. “Ziyouz” saytiga kirib, muhim kitob va maqolalar qidirayotganimda Abdulla Qodiriyning “O’tgan Kunlar” romaniga ko’zim tushdi. Bir necha betni o’qib chiqdim, shunda kitob o’zining badiiyligi bilan menga yoqdi. Afg’oniston o’zbeklari bu kabi asarlarga muhtoj ekani sabab uni arab imlosiga o’girishni boshladim”, - deydi jurnalist Hasan To’lqin.

Ming nusxada bosiq chiqarilgan 600 betlik romanni boshqa viloyatlar, xususan, talabalarga yetkazish ishi boshlangan. “O’tgan kunlar”ni chop etishda sobiq deputat Naqibullah Foiq moliyaviy ko’mak ko’rsatgan.
Ayni holda bu yangilik ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg’in kutib olindi. Lekin boshqalar qatori Hasan To’lqin ham o’zbek kitobxonlari juda oz ekanidan noliydi.

“Yig’inlarda odamlarning ko’pchiligi qatnashadi. Bizning asosiy tilagimiz odamlarning ilmiy, tarixiy, adabiy-badiiy asarni o’qishlaridir. Afsuski, kitob o’qish uchun o’zbeklarda qiziqish kuchli emas”, - deydi jurnalist.

Kitob taqdimotidan
Kitob taqdimotidan

​Kitobxonlar soni juda oz ekanidan shikoyat qilgan suhbatdosh nazarida, kitobxonlikni kengaytirish, uni insonlar hayotining ajralmas bir qismiga aylantirish, universitetlarda tashkil qilingan o’zbek tili va adabiyoti bo’limlari o’qituvchilarning zimmasiga ham o’tadi.

“O’zbek bolalari o’z ona tillarida o’qimaydilar. Ularning ona tillarida savod chiqara olmasligining yoxud kitob o’qimasligining asosiy sabablaridan bittasi shu”, - deydi To’lqin.

Jurnalist bundan oldinroq Yo’ldosh Eshbek tarjimasidagi “O’gay ona” romani, filologiya fanlari nomzodi Alimardon Hayit tarjimonligidagi “Alisher Navoiy” nomli asarlarni chop etishga muvaffaq bo’lgan.

Aytish joizki, Afg’onistonda bir qancha kitoblar O’zbekistondan olib kelib chop etilgan. Afg’onistonlik navoiyshunos Abdulla Ro’yin Navoiyning mukammal asarlari to’plamini arab imlosiga o’girib nashr etgan.

2015-yili o’zbekistonlik tarixchi Shuhrat Barlosning “Afg’onistonda o’zbek milliy g’oyasi” kitobi, 2016-yili O’zbekiston birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch” asarlari arab imlosida chop etilgan edi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG