Afg’oniston Pokiston ustidan BMTga shikoyat qildi


Durand Line of Afghanistan

Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegara – Dyuran chizig‘i bo’yicha bahs avj olar ekan, bu chiziqni rasmiy chegara sifatida tan olish yoki olmaslik bo‘yicha ziddiyatlar kuchaymoqda.

1893-yili imzolangan hujjatga ko‘ra, Dyuran chizig‘i Afg‘oniston va Britaniya Hindistoni o‘rtasidagi norasmiy chegara hisoblanadi.

Ko‘pchilik nazarida, Afg‘onistondagi beqarorlik Dyuran chizig‘i bilan aloqali.

Hukumat rasmiylariga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi Pokistonga safari chog‘ida Afg‘oniston bilan chegara va, hatto qo’shni mamlakat hududlarini kezib chiqqan.

Afg‘oniston hukumati va kuzatuvchilar Rossiya rasmiylarining Pokistondagi bu harakatlarini tanqid qilmoqda. Ayrim tahlilchilar Rossiya bu bilan toliblarni himoya qilayotganini aytadi.

“Rossiya delegatsiyasi va Pokiston rasmiylari isyonchilar bilan uchrashgani aniqlandi”,- deydi afg’on politsiyasi generali Asadulla Sherzod.

Rossiya bundan oldin ham toliblar bilan aloqada ekanini tasdiqlagan edi. Moskva toliblarni Afg‘on hukumati bilan sulh qilishga undayapmiz, deb keladi.
Rossiyaning xavotiri shuki, agar Afg‘onistonning shimoliy viloyatlari beqarorlashsa, jangarilar Markaziy Osiyo davlatlari orqali Rossiyaga hujum qilishi mumkin.

Pokiston shu kunlarda Afg‘oniston bilan chegaralarini mustahkamlamoqda. Kobul bundan norozi.

“Rossiya yillar davomida afg‘onlarga tahdid solayotgan harakatga qo‘shilib kelmoqda”,- deydi afg’onistonlik qonunchi Nohid Farid.

Ayrimlarning taxmin qilishicha, Rossiyan toliblarni ham moliyaviy, ham qurol-aslaha bilan ta’minlayotgan bo’lishi mumkin va bu Afg‘oniston va Pokistonning Dyuran chizig‘i ustidan kelishmovchiligi avj olgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Dyuran chizig‘i rasmiy chegara sifatida tan olinishi kerakmi, yoq’mi? Buni xalq hal qilishi kerak, buning uchun chegaraning ikki tomonida referendum o‘tkazilishi zarur, deydi ayrimlar.

Pokiston hukumati bu chiziqni rasmiy chegara deb hisoblasa, afg‘on hukumati buni muntazam ravishda rad etib kelmoqda.

Afg’on deputatlari va siyosiy faollari ham bir fikrda emas. Pashtunlar chiziqning chegara deb qabul qilinishiga qarshi, boshqa xalqlar esa o‘nlab yillardan beri davom etib kelayotgan tortishuv va nizolarga barham berish uchun Dyuran chizig‘ini chegara sifatida qabul qilishga ta’kidlamoqda.

Mavzu muhokamasi avj olarkan, ayrim pashtunlar boshqa xalqlarni Afg‘onistonga kelib joylashgan muhojirlar deb atamoqda.

“Muhojirlar – Tojiklar Tojikiston, o‘zbeklar O‘zbekiston, turkmanlar Turkmanistonlariga ketaversin” deydi ular.

Bunday gaplar Afg‘oniston xalqlari orasida ichki nizoning qayta boshlanishiga zamin yaratishi mumkin, deydi tahlilchilar.

Tashqi ishlar vazirligi Dyuran chizig‘i bo‘yicha afg’on hukumati hech bir shaxs yo davlat bilan muzokara qilmaganini aytadi.

“Pokistonning Dyuran chizig‘i yaqinidagi xatti-harakatlari davom etsa, afg‘on hukumati xalqqa murojaat qiladi. Xalq nima xohlasa, o‘sha bo‘ladi”, deydi vazirlik so‘zlovchisi Shikib Mustag‘niy.

Mustag’niy afg’on hukumati Pokiston ustidan BMTga shikoyat qilganini bildirdi.

Daniyalik afg‘on eksperti Malik Sitezning yozishicha, Kobul-Islomobod o‘rtasidagi bu muammo xalqaro qonunlar va jahon usullariga ko‘ra hal qilinishi kerak.

“Yechimsiz masala yo‘q”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG