Afg'onistonda yana bir mashaqqatli yil


Qandahor, Afg'oniston

2016-yil afg'on xalqi uchun og'ir bo'ldi desak xato bo'lmaydi. Bir tomondan beqarorlik, ikkinchi tomondan iqtisodiyot zaif, ishsizlik. Ko'plab afg'onlar vatanni tark etdi.

Ayni paytda mamlakatda muhim o'zgarishlar ham yuz berdi. Afg'oniston jahon temir yo'llari bilan bog'landi. Saylov komissiyalariga yangi rahbariyat tayinlandi. Kelaj saylov uchun muhim qadamlar tashlandi.

Xavfsizlik

Oktabr oyida Qunduz shahrining Tolibon nazoratiga o'tishi 2016-yilning muhim voqealaridan. Shahar ancha muddat Tolibon nazoratida bo'ldi. To'qnashuvlarning asosiy qurbonlari oddiy aholi edi. Qunduz atrofi hanuz jangarilarga to'la ekani aytiladi.

Qunduzdagi janglarda toliblar ham jiddiy ziyon ko’rgan. Mudofaa vazirligiga ko'ra, kamida 314 tolib o'lgan va 121 nafar jangari yaralangan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma'lum qilishicha, 2016-yilda oddiy aholi orasida talafotlar ancha oshgan. BMTning Afg'onistondagi idorasiga ko'ra, olti oy ichida 1601 nafari o'lgan va 3565 kishi yaralangan.

Mamlakatda 2009-yildan beri qariyb 23 ming odam jon bergan, yaralanganlar soni 41 mingni tashkil etadi.

Iyul oyida poytaxt Kobulda norozilik namoyishlari paytida uyushtirilgan xudkushlik hujumida 80 odam nobud bo’ldi, 233 nafari jarohatlangan. O’shandan buyon Kobulda namoyishlar man qilingan.

Noyabrda esa Germaniyaning Mozori Sharifdagi elchixonasiga hujum qilindi. Voqeada to'rt kishi o’lgan, 120 odam yaralandi. Hujum mas'uliyatini Tolibon o'z zimmasiga oldi. Portlash shiddati 2-3 kilometrgacha o'z ta'sirini qoldirdi.

Faryobning Qo'rmoch tumanida Vitse-prezident general Abdulrashid Do'stum joniga qasd qilingan hujum ham 2016-yilida ro'y bergan muhim voqealardan.

AQSh hisobotiga ko'ra, joriy yilning sakkiz oyida Afg'oniston bo'ylab turli amaliyotlarda va xurujlarda 15 ming zobit o'lgan. Hukumat bu vaqt ichida 2,2 foiz yerni Tolibonga boy bergan.

“Afg'onistondagi 407 tumandan 258 tasi davlat nazorati ostida. 33 tuman jangarilarning qo'lida. 116 tasida esa kim hukmron ekani mavhum", - deyiladi hisobotda.

1-yanvardan 19-avgustgacha 101 xuruj sodir etilgan. Zobitlar 257 fuqaroni o'ldirgan, 125 nafarini yaralagan.

Iqtisodiyot:\

Afg'oniston joriy yilda iqtisodiy sohada yutuqlarga erishdi. O'zbekiston temir yo'llari orqali Xitoy bilan ulandi. Sentabrda Xitoyning birinchi yuk poyezdlari Afg'onistonga yetib keldi.

Afg'oniston 28-noyabr kuni Turkmaniston yo'li bilan Jahon temir yo'llariga bog’landi. Oqqina va Otamurod temir yo'llarining ochilish marosimida qatnashgan ikki davlat rahbarlari iqtisodiy aloqalar kuchayishini ta'kidlagan.

Afg'onistonning yirik iqtisodiy loyihalaridan biri bo'lgan Hirotdagi "Salmo To'g'oni" Hindistonning moliyaviy ko'magi bilan qurilgan. To'g'on 42 megavatt elekr quvvatini ishlab chiqaradi.

Boshqa tomondan, vazirliklarga taraqqiyot loyihalari uchun ajratilgan byudjetning katta qismi sarflanmagani oddiy odamlar hayotiga salbiy ta'sir qilgan. Qonunchilar joriy yilda ushbu byudjetning atigi 51 foizi sarflanganini bildiradi.

Hukumat

Hukumat ishlari ham 2016-yilda katta to'siqlarga duch keldi. Rasmiylarning o'zaro kelishmovchiliklari islohotlarga salbiy tas'ir ko'rsatgani aytiladi.

Bosh vazir Abdulla Abdulla, Vitse-prezident Abdul Rashid Do'stum hamda boshqa rahbarlarning prezident Ashraf G'ani bilan bo'lgan kelishmovchiliklari ancha keskinlashdi.

Hukumatning yetti nafar vaziri parlament tomonidan ishdan olindi. Bular Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy, Omma manfaatlari vaziri Mahmud Baliyg’, Ijtimoiy ishlar vaziri Nasrin O’riyoxil, Maorif vaziri Asadullo Hanif Balxiy, Transport vaziri Muhammadullo Batosh, Aloqa va axborot texnologiyalari vaziri Abdul Razzoq Vahidiy hamda Oliy ta’lim vaziri Farida Mo’mand.

Prezident Ashraf G'ani parlamentning bu ishini tanqid qildi.

2014-yili prezident saylovi inqirozga duch kelgach, saylov komissiyalari xalq oldida o'z ishonchini boy bergan edi. Hukumat ishonchni qayta tiklash uchun komissiyalar rahbariyatini yangiladi.

Ashraf G'ani saylov qonuniga ham o'zgarish kiritdi. Hozir komissiya parlament saylovlari uchun tayyorlik ko'rmoqda.

Matbuot

2016-yili afg'on jurnalistlari uchun og'ir kechdi. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilda 10 nafar jurnalist jon bergan.

Matbuot himoyasi bilan mashg'ul "Nay" tashkiloti jurnalistlatlarga qarshi zo'ravonlik hollari tekshirilmaganidan shikoyat qiladi. Rasmiylar jurnalistlarga kerakli ma'lumotlarni bermayapti, degan tanqid ham kuchli.

So'nggi besh yilda Afg’onistonda muxbirlarga qarshi hamlalar soni 72 foizga oshgan.

2016-yilda Afg'oniston rahbari ko'proq tashqi siyosatga urg'u berdi. Mintaqa va dunyo davlatlari bilan hamkorlikni oshirishga harakat qildi. Xorijiy davlatlar yordamlarini boy bermaslikka urindi.

Afg’oniston G’arbdan har yili 5 milliard dollar yordam oladi. Bu ham harbiy, ham iqtisodiy ko’makni o’z ichiga oladi.

XS
SM
MD
LG