Breaking News

AQSh va Xitoy delegatsiyalari kelasi hafta Alyaskada uchrashadi


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning ta’kidlashicha, agar Xitoy hukumati Shinjonda uyg’ur aholi huquqlari hurmat qilinayotganini isbotlamoqchi bo’lsa, xorijiy kuzatuvchilarga u yerga kirishga ruxsat berishi lozim.

“Agar Xitoy [Shinjonda] hammasi joyida deya da’vo qilayotgan bo’lsa, xalqaro hamjamiyatga ochib bersin, bu juda muhim”, - dedi Blinken Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasi tinglovida.

Xitoyni Qo’shma Shtatlar uchun “eng jiddiy raqib” deb atagan Prezident Jo Bayden Pekinga nisbatan Tramp davridagi qattiqqo’l siyosatni davom ettirmoqda.

Blinken avvalgi nutqlarida Shinjonda genotsid ro’y berayotgani haqidagi xulosalarga qo’shilishini aytgan edi.

“Xitoy bilan munosabatlarimizni keragida raqobat, keragida hamkorlik asosida yuritamiz”, - deydi bosh diplomat.

Kelasi hafta AQSh va Xitoy o’rtasida yuqori darajadagi ilk muloqot rejalangan. Davlat kotibi Entoni Blinken Janubiy Koreya va Yaponiyaga safaridan qaytishda Alyaskada Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashadi.

“Bu xavotirlarimizni ochiq bayon qilish uchun imkoniyat”, - dedi Blinken qonunchilar savollariga javoban.

Eron haqida gap ketganda, Blinken bu mamlakatni yadro programmasi bo’yicha xalqaro kelishuv shartlariga amal qilishga ko’ndirish uchun AQSh hech qanday murosaga bormaydi, deya ta’kidladi. Sobiq prezident Donald Tramp kelishuvni 2018-yilda tark etgan.

Vashington kelishuvni 2015-yilda tuzgan mamlakatlar ishtirokida muzokara o’tkazishga qarshi emas, Yevropa Ittifoqining bu boradagi taklifini qabul qilgan. Tehrondan hozircha javob yo’q.

“Eron muloqotga tayyormi, yo’qmi, o’ziga havola”, - deydi Blinken.

Eronga ko’ra, kelishuvni birinchi bo’lib Qo’shma Shtatlar buzgani sabab Bayden ma’muriyati ishni Tramp joriy etgan sanksiyalarni bekor qilishdan boshlashi lozim.

Xitoy, Rossiya, Eron, Kuba va boshqa mamlakatlar bo’yicha qonunchilar bilan savol-javob qilgan bosh diplomat Kongress bilan maslahat qilmasdan siyosatda katta o’zgarishlar bo’lmasligini ta’kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG