Breaking News

Papa iste’fosi katolik cherkovi uchun jiddiy o’zgarish bo’ladimi?


Benedikt XVI ning papalikdan ketishi dunyoning 1,2 milliard katoliklari uchun ulkan ahamiyatga ega hodisadir.

Shu kunlarda pontifik o’zining so’nggi ommaviy ibodatlarini o’tkazmoqda. Rimning Muqaddas Pyotr maydonida o’rnatilgan bahaybat ekranlar orqali marosimlar namoyish etilyapti. Ularda yuzlab ming odam qatnashyapti.

Bugun pop sakkiz yillik papaligi davomida u bilan ishlaganlar, ko’maklashganlarga minnatdorchilik bildirib, birgalikda ibodat qilishni so’radi.

85 yoshlik pontifikning iste’foga chiqishi katolik cherkovida islohotlar boshlash imkonini beradi. Vatikan homilaning oldini oluvchi vositalardan foydalanish, gomoseksual munosabatlar va ayollarning ruhoniy bo’lishi kabi masalalar yuzasidan pozitsiyasini o’zgartirmasa bo’lmaydi, deydi ba’zi mutaxassislar.

Yangi papa aynan shu masalalar yuzasidan qat’iy fikr bildirishi kerak.

Vatikan Radiosining ko’p yillik tajribaga ega muxbiri Shon-Patrik Lovett fikricha, cherkovining yangi rahbari etib kim tanlanishidan qat’i nazar, keskin o’zgarishlar bo’lmaydi.

“O’zgarish kutmang, axir bu demokratik institutmas-ku. Uning uchun davomiylik muhim. Kim papa bo’lmasin, asosiy qarashlar o’zgarmaydi”, - deydi u.

Yangi papa oldida turgan dolzarb masalalardan biri – ruhoniylar orasidagi gomoseksual munosabatlar hamda ularning bolalarni zo'rlagani borasidagi janjallarga nuqta qo'yish. Lekin Lovett deydiki, bu masalada ham jiddiy o’zgarish bo’lmaydi.

“Yangi saylangan papa xuddi Benedikt XVI kabi jabrdiydalar bilan ko’rishadi, yangi qoidalarga rioya qilinishi va kelajakda bunday hodisalarning qaytarilmasligini kafolatlashga harakat qiladi,” - deydi u.

Vatikanda ishlaydigan yana bir jurnalist Alessandro Spechiale bu fikrga qo’shilmaydi. Jiddiy islohot boshlanishi kerak, deydi u:

"Jinsiy tajovuz masalasi cherkovni inqiroz bo’sag’asiga olib keldi. Inqiroz boshlanmay turib uni hal qilmasa bo’lmaydi” .

Hozirgi kardinallardan qaysi biri papa etib saylanishi hozircha noma’lum. Afrika va Lotin Amerikasida katoliklar katta sur’atlar bilan ko’payar ekan, Vatikanning yangi rahbari shu mintaqalarning biridan bo’ladi, degan bashoratlar yangramoqda.

Spechiale deydiki, hatto Afrika va Lotin Amerikasidan chiqqan papa ham amaldagi siyosatni keskin o’zgartira olmaydi:

"Afrikalik saylansa ulkan ramziy ahamiyatga ega bo’ladi, bu shubhasiz. Lekin siyosat va yondashuvlar o’zgaradimi? Bu papa etib kim saylanishiga bog’liq”, - deydi suhbatdosh.

Vatikanni ziyorat qilayotgan katoliklar yangi papaning Afrika yoki Lotin Amerikasidan tanlanishiga qarshi emas, biroq undan jiddiy o’zgarish kutmayotgan ko’rinadi.

"Qayerdanligi muhim emas. Eng muhimi e’tiqodi, mehnatsevarligi,” - deydi bir ayol.

"G’arbdagi odamlar rivojlanayotgan dunyoga yangi ko’z bilan qaraydi, u yerda nima bo’layotganiga e’tibor qaratadi”, - deya umid qiladi yana bir suhbatdosh.

So’nggi 600 yilda birinchi marotaba Rim papasi iste’foga chiqar ekan, dunyoning eng katta diniy instituti - Vatikan kelajagi ko’plarni qiziqtirmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG