Breaking News

Sobiq politsiyachi, professional xokkey o'yinchisi endi kongressmen


Kongressmenlar qanday yashaydi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:07 0:00

Kongressmenlar qanday yashaydi?

“Amerika Ovozi” Kongressga bir yil oldin saylangan ikki qonunchi - Kaliforniya shtatidan demokrat Keyti Porter va Minnesota shtatidan respublikachi Pit Stober faoliyatini yaqindan kuzatmoqda, ular yuzlashayotgan muammolar va yutuqlari haqida maxsus hujjatli film ishlamoqda.

Yillar oldin AQSh Kongressida ish boshlagan qonunchilar poytaxtga oilasi bilan ko’chib kelishardi. Biroq hozir bunday emas. Pit Stoberning oilasi, to’rt farzandi Minnesotada qolgan. Qonunchining o’zi Vashingtonga tez-tez qatnab turadi. Stober sobiq politsiyachi, professional xokkey o’yinchisi ham bo’lgan.

“Dam olganda shu yerlarga kelaman. Ov qilaman, baliq tutaman, xokkey o’ynayman. O’smirligim shu bilan o’tgan”, - deydi Pit Stober.

Uning hayoti rafiqasi Jodi bilan suhbatdan so’ng o’zgarib ketdi.

“Ikki yil oldin, balki undan ham ko’proqdir, Kongressga saylanish haqida gaplashgan edik”, - deydi Jodi Stober.

“Vashingtonga borib, ayrim kongressmenlar bilan uchrashishga, qonunchilik haqida ma’lumot olishga qaror qildik. Kongressda ishlab turib, otalik vazifasini ko’ngildagiday bajarishning iloji bormi deya qiziqdik”, - deydi Pit Stober.

Kongressmenning rafiqasi AQSh qurolli kuchlari xizmatidan nafaqaga chiqqan. U Minnesota shtatidagi Harbiy-havo kuchlari qo’mondonligida rahbarlik lavozimidagi birinchi ayol.

“O’g’limning sog’lig’i tufayli haligacha harbiy xizmatda bo’lish imkonim yo’q. Bolamga maxsus e’tibor kerak”, - deydi Jodi Stober.

To’rt farzandning tarbiyasi, asosan, ona zimmasida.Odatda Kongressga yangi saylangan erkak qonunchilar oilasida ahvol shu.

“Farzandlarim rafiqam bilan o’z uyimizdaligi ko’ngilni xotirjam qiladi. Vashingtonda chalg’imay ishlay olaman, vazifalarimni bajarashim uchun sharoit bor”, - deydi qonunchi.

Saylov kampaniyasi davrida Prezident Trampning tashrifi Pit Stoberga odatda demokratlarga ovoz beradigan okrugni respublikachilar qo’liga o’tkazishga yordam berdi. Tramp oldingi ma’muriyatning konchilikka qo’ygan cheklovlarini bekor qilishga va’da bergan edi. Bu esa Stoberning konchilik sanoati tarafdori imijini kuchaytirdi.

“Birgalikda Shimoliy Minnesotaning iqtisodiy qudratini oshiramiz”, - degan edi Pit Stober.

Jimmi Lovriyen va Bredi Sleyter “Dulut yangiliklari minbari” muxbirlari.

“Tramp cheklovlarni tugatishga va’da berib, bu siyosatni qo’llab-quvvatlab chiqdi”, - Jimmi Lovriyen.

“Bu hol Tramp tarafdorlariga Pit Stober Trampning odami ekanini ko’rsatdi va saylov kampaniyasida unga bo’lgan ishonchni kuchaytirdi”, - deydi Bredi Slater.

Stoberning keyingi saylovdagi vazifasi okrugni respublikachilar qo’lida saqlab qolish. Bu yo’lda u, politsiyadagi 23 yillik tajribasiga tayanmoqchi.

“Xizmat chog’ida ko’chada ekansiz, har xil odamlar bilan muloqot chog’ida ham jabrlanuvchi, ham gumondor bilan aloqa, ishonch o’rnata bilishingiz kerak. Kongressda ham aynan aloqa va ishonchga erishmoqchiman, chunki hammamizning maqsadimiz bir”, - deydi Pit Stober.

Vashingtonda faoliyat yuritayotgan Stober uyini qo’msaganida xokkey bilan ovunadi.

U “Detroyt Red Uingz” professional xokkey jamoasida qisqa vaqt o’ynagan. Hozir esa qonunchilar jamoasida yorqin o’yinchi.

Aynan o’sha damlar uni Kapitoliyga yaqinlashishga hissa qo’shgan.

“Jamoa bo’lib ishlash, intizom, mehnatkashlik, harakatchanlik nafaqat muz ustida, hayotda ham kerak”, - deydi Stober.

Pit Stober kim o’zi?

“Bolalarim uchun otaman, rafiqam uchun turmush o’rtoq, aniqrog’i Pit. Lekin kongressmen degan nomga ko’nikishim kerak”, - deydi Pit Stober.

Pit Stober Respublikachilar partiyasidan. Vashingtonda ish boshlashidan oldin politsiyachi bo’lgan.

U Kongressga Minnesotaning 660 ming saylovchidan iborat okrugidan saylangan. Bu yerdagilar ham mamlakat bo’ylab muhokamada bo’lgan muammolarga yechim kutyapti, masalan – immigratsiya.

Stober saylangan okrugda har 10 odamdan to’qqiztasi oq tanlilar. Boshqa hududlardan ancha yuqori.

Okrug asosan qishloqlardan iborat.

“Ishchi olishga qiynalamiz. Ispanzabon muhojirlar biz uchun muhim. Immigratsiya tizimini tuzatish kerak. Hozirgisi cho’loq tizim”, - deydi chorvador Ron Miller.

Dulut shahrida ishsizlik to’rt foizga ham bormaydi. Miller muhojir ishchilarga tayanadi. Pit Stober o’z partiyaning immigratsiyaga qarshi siyosatini quvvatlaydi, lekin saylovchilar ehtiyojini ham hisobga olishi kerak.

“Immigratsiya qonuniy bo’lishi tarafdoriman. Amerika qonuniy immigratsiya asosida qurilgan. Muhojirlar davlat ravnaqiga hissa qo’shadi”, - deydi Stober.

Kongressmen Stober Arizona-Meksika chegarasiga borib, ahvolni ko’rib keldi.

“Noqonuniy immigratsiya aynan shu yerda sodir bo’lyapti. Daryoning u tomoni, 23-24 metr narida Meksika davlati”.

Stoberning okrugi chegaradan 3200 kilometr uzoqda, ko’l bo’yida.

Ochiq maydonlar, o’rmonlar, fermalar, konlar bor bu yerda. Yangi mis konini ochish rejada.

Stober Kongressga taqdim etgan birinchi qonun loyihasida aynan shu loyiha tilga olinadi. Eski po’lat zavodi ham ishga tushiriladi. “Polimet” kompaniyasiga ko’ra, mis konini ochish mingga yaqin odamni ish bilan ta’minlaydi. Ammo yashil maydonlarni konchilik uchun qo’llash bahsli masala.

“Loyiha atrof-muhit bilan bog’liq federal standartlarga javob beradi. Shtat tabiati, o’rmonlariga ziyon qilmasdam misni qazib olamiz”, - deydi Pit Stober.

Biroq ko’l atrofida Chipua hindular qabilasi yashaydi. Kevin Dupi - qabila boshlig’i.

“Qariyb 500 yillik hovuzni asrab qolish, toza saqlash haqida o’ylashimiz kerak. Mahalliy hindular yerining, ayniqsa Ojibve qabilasiga tegishli joylarni kamida yana yetti avlodga yetkazish kerak. Hovuz suvining tozaligi nafaqat mahalliy hindular uchun, barcha amerikaliklar uchun muhim”, - deydi qabila boshlig’i Kevin Dupi.

Pit Stober taklif qilayotgan qonun loyihasi hozir ko’rib chiqilmoqda. Vakillar palatasida ovozga qo’yilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG