Breaking News

200 qonunchi Prezident Trampni sudga berdi


Prezident Tramp va rafiqasi Melaniya
Prezident Tramp va rafiqasi Melaniya

Kongressning 200 a’zosi, demokrat qonunchilar, prezidentni sudga berib, Donald Trampni qonunni buzgan holda biznes daromad olayotganlikda ayblamoqda. Oq uydagi rahbar prezidentlikdan boshqa ish bilan shug’ullana olmaydi. Buning ustiga xorijdan biror maqsadda moliya olishi uchun avval Kongressdan ruxsat so’rashi kerak.

Tramp yanvar oyida prezidentlik qasamyodini keltirishi bilanoq konstitutsiyani buzdi, deya da’vo qilmoqda demokratlar.

“Qonunni u bilib turib, qo’pol ravishda buzmoqda”, - deydi senator Richard Blumental.

Kongress xalq tomonidan saylangan siyosatchining daromadini tekshirish va tasdiqlash vakolatiga ega. Tramp yashirmoqda, deydi qonunchilar.

Trampni qonunbuzarlikda ayblab, sudga arz qilishdi. Uch alohida ish ochilgan. Prezident hamon dunyo bo’ylab biznes qilmoqda. Kongressdagi da’volar jiddiy, deydi siyosatdonlar, chunki ular oliy organ vakillari.

“Prezident Tramp biznesmen ekan, u siyosatni nimaga asoslanib belgilayotganini qaydan bilamiz. Ishonmaymiz unga”, - deydi senator Tom Udal.

Tramp bu masalani tezda hal etishi mumkin, deydi advokatlar.

“Bosh qomusda ko’rsatilgan shartlarga bosh egib, faqat prezidentlik bilan shug’ullansa, Kongress iznini olsa bo’lgani”, - deydi Elizabet Vidra, huquqshunos.

Prezident Tramp esa uning bizneslari hech qanday qonunni buzmayapti deb hisoblaydi. Uni himoya qilib chiqayotganlar ham bor. Huquqshunos Set Tillman prezident haq, degan fikrda.

“Chet davlat yoki chet eldagi kompaniya bilan biznes qilayapti deb dod solayotganlar qonunni yaxshilab o’rganishi kerak. Kongressdagilarning da’volari puch”, - deydi u.

Sudlar qanday hukm chiqaradi, buni vaqt ko’rsatadi.

“Amerikada oldin bunday vaziyat bilan yuzlashmaganmiz. Biror prezident bunday ish tutmagan. Shu bois bu ish qonun amaliyoti uchun katta sinov”,- deydi Jerri Nadler, demokrat congressmen.

Prezident qancha soliq to’lagani uning daromadidan darak beradi.

“Oldin ular bu hujjatlarni ro’kach qiladi. Biror asos topishsa, keyin uni impich qilishga harakat qilishadi”, - deya taxmin qiladi huquqshunos Tillman.

Biznesmen prezident atrofidagi mashmashaning oxiri ko’rinmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG