Breaking News

"Stalinning vafoti" kartinasi Rossiyada qo'yilishi taqiqlandi

  • Amerika Ovozi

Britaniya kino ustalari suratga olgan “Stalinning vafoti” kartinasi sovet diktatori Iosif Stalinning o’limi haqida. Kartinani 2018-yil yanvarda Rossiya tomoshabinlariga taqdim etish rejalangan edi. Biroq Rossiya Madaniyat vazirligi uni mamlakat ekranlariga chiqarishni taqiqlab qo’ydi. Amerika tahlilchilari nazarida kartina hokimiyat uchun shafqatsiz kurashni komediya janrida ko'rsatib bergan.

"Stalinning vafoti" Rossiyada taqiqlandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:37 0:00

​“Stalinning vafoti” ("The Death of Stalin") kartinasi shu kunlarda Amerika ekranlariga chiqadi. Rossiya Madaniyat vazirligi esa filmni ommaga uzatilishining oldini olishga urinmoqda.

“Rossiya xalqiga nisbatan haqorat, kamsitish bu. Hatto mutaxassislar nazarida ham eng rasvo filmligi aytilyapti. Butkul yolg'on syujet. Bu g’irt mafkuraviy kurash biz bilan”, - deydi Kengash raisi Yuriy Polyakov.

“Stalinning vafoti” kartinasi Armando Ianuchchining siyosiy komediya janridagi birinchi ishi emas. U Amerika kino ishqibozlari sevib tomosha qiladigan “Vitse-prezident”("Veep") teleserialining yaratuvchisi hamdir. Kartina direktori filmga kirishishdan avval ko’plab arxiv materiallar ko’tarilganini, tarixchilar bilan ishlaganini aytdi.

“Sovet Ittifoqi boshdan kechirganlariga hurmat bilan qaraymiz. Kartinada 1950-yillarda bo’lgan voqealar, o'sha davrdagi insonlar taqdirini ochib berganmiz. Filmni ko’rgan rossiyaliklar “voqealar haqiqat va kulgili tasvirlangan” deyishyapti bizga”, - deydi Ianuchchi.

Kartinani man qilishning eng yirik tarafdorlaridan biri Rossiya Davlat Dumasining sobiq deputati Pavel Pojigaylo fikricha, bosh qo’mondon Georgiy Jukov masxarabozday tasvirlangan. Jukov rolini aktyor Jeyson Ayzeks ijro etarkan, u Stalin davri yumori kuchini his qilganini aytadi.

“Kulish orqali odamlar aql-hushini saqlab kelgan. O'sha davrlar oddiy xalq uchun hayot do’zax bo’gan. Diktatorni xalqchil qilib ko’rsatish maqsadida atayin Stalin haqida mutoyiba kitoblar tarqatilgan”,- deydi britaniyalik aktyor Jeyson Ayzeks.

“Syujet tarixga, haqiqatga asoslanganiga ishongan odam kartinani qabul qilishi, kulib-kulib ko’rishi mumkin. Komediya soyasida drama rivojlanadi. Tomoshabinga ham shu narsa zavq beradi. Kartinada qatnashish ham g’alati, ham ajoyib damlar bo’ldi”, - deydi britaniyalik aktrisa Andrea Raysboro.

Andrea Stalinning qizi Svetlana Alliluyeva rolida. Amerikaliklar Svetlanani Lana Piters nomi bilan tanigan.

“Svetlananing ko’nikuvchan, moslashuvchan xislatlariga havas qildim. U o’ta qobiliyati, ziyrak ayol bo’lgani uchun imkon qadar hayot chig’iriqlaridan o’tishning uddasidan chiqdi. Stalinday odamning qizi bo’lish qanchalik ruhiy og’ir bo’lganini tasavvur qilish qiyin. Svetlana obrazini, ayniqsa, uning kechinmalarini o’zlashtirishga ancha vaqt sarfladim”, - deydi aktrisa.

Kartina musiqasini kompozitor Kris Uillis bastaladi.

“Siyosiy komediya janridagi kartinalarda aktyorlar obraz kayfiyatini harakatlarda ifodalagani kabi, musiqada ham tanlangan obraz xarakterini ochish muhim. Lekin ko’z urishtirishlar, hazil-huzul faqat harakatlarda. Musiqada yorqinlik, yengil kayfiyatdan ko’ra, keskinlik, xudbinlikni tasvirlashga urindim. Komik kartina kayfiyatiga xos bo’lmagan kompozitsiya tomoshabinga yanada ko'proq ta'sir qiladi”, - deydi kompozitor.

Bu mavzuni tanlashda kartina direktorini ilhomlantirgan omil dunyoni boshqarayotgan liderlarning bugungi ahvoli.

“Kinoni yaratishdan avval faqatgina Putinni emas, Tramp, Turkiyadan Erdog’an va hatto Italiyadan Berluskoni kabi ko’plab siyosatchi liderlarni, ularning global ta’sirini o’rgandim”, - deydi Ianuchchi.

Rossiya Madaniyat vazirligi kartinani tan olmasligi Rossiyaning o'zida ham katta bahs-munozaralarga sabab bo’lmoqda. Filmning taqiqlanishini Moskva Kino va san’at jurnali bosh muharriri Anton Dolin tanqid qildi.

“Stalinning vafoti” kartinasini taqiqlash tarafdorlari bu masalani hukumat darajasida hal qilishi o’zlarining stalinparast ekanini ochiq va aniq ko’rsatib qo’ydi. Hech qanday tushunmovchilik yo’q aslida. Bu degani stalinparastlar Stalinni o’zlariga ideal qahramon qilib olgan. Uning har bir xatti-harakatiga taqlid qiluvchilar bu filmni ko’rib kulib o’tirishni qabul qilolmayapti, xolos”, - deydi u.

Kartina direktori Armando Ianuchchi tarixiy syujetga asoslangan bu film qachonlardir Rossiya ekranlariga chiqishidan umidini uzgani yo’q.

"Stalinning vafoti" kartinasi 2018-yil 9-martdan boshlab Amerika kinomuhlislari e'tiboriga havola etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG