Do'stumning samolyoti ona zaminda qo'na olmagan

  • Amerika Ovozi

General Do'stum shimoliy viloyatlarda katta nufuzga ega, bir necha urushlarda xizmat qilib tanilgan sarkarda

Afg'oniston Vitse-prezidenti Abdulrashid Do'stum 18-iyul kuni kechqurun vataniga qaytgan lekin uning shaxsiy samolyoti Mozori-Sharifga qo'nish uchun ruxsat olmagan. Bu haqda NATO ma'lumot berdi.

63 yoshli general, o'zbeklar sardori va unga yaqin bir necha odam anchadan beri tergov ostida. Ular yana bir o'zbek lider Ahmad Ishchini qiynoqqa solganlikda va zug'um o'tkazganlikda ayblanmoqda.

Do'stum ikki oydan beri Turkiyada edi. U yerga davolanish uchun borganini aytadi. Boshqalar gumon qilishicha esa Prezident Ashraf G'ani unga tergovdan qochish uchun ataylab ijozat bergan.

“General Do'stum Mozori-Sharifga qo'na olmadi", - deya tasdiqlaydi NATO so’zlovchisi Bill Salvin "Amerika Ovozi" bilan muloqotda.

“Ruxsat NATOdan kelmaydi, shu bois biz hech narsa qila olmadik", - deydi Salvin.

NATO mahalliy harbiy kuch malakasini oshiradi, tayyorlaydi, tuzumga yordamlashadi, biroq ichki siyosatga aralasha olmaydi.

Aviatsiya rahbariyati Do'stumning samolyoti Kobulga kelsin deya buyurgan lekin u Turkmaniston tomon uchgan.

Do'stumning odamlariga ko'ra, samolyotda Do'stumning o'zi bo'lmagan, u hali ham Turkiyada.

Afg'on hukumati lom-mim demaydi.

Do'stum yaqinda yangi koalitsiya tuzgan. Bu borada u Turkiyadan turib e'lon qilgan. Alyansga hukumatdan norozi kuchlar kirgan lekin ularning ayrimlari hamon amaldagi rahbariyatda.

Tergov hozirda yakunlanib, ish sudga oshirilgan.

Xalqaro hamjamiyat Prezident G'anini adolatni ta'minlashga undab, uning qo'li ostidagi arboblarni qonunni hurmat qilmayotganlikda tanqid qilib keladi. Do'stum oldin ham qator jinoyatlarda, xususan urush jinoyatlarida gumon qilingan. Huquq tashkilotlari uni jazo torting, deya bong urib keladi.

Afg'onistonni yaqindan quvvatlab kelayotgan AQSh hukumati nazarida urushdan tinkasi qurigan va yangi jamiyat barpo etilayotgan mamlakatda qonundan hech kim ustun emasligi isbotlanishi lozim.

Shimoliy viloyatlarda katta nufuzga ega Do'stum unga nisbatan har qanday ayblov va gumonlarni inkor etadi.

G'ani deydiki, Do'stumning Turkiyaga safari bosh prokuror ruxsati bilan qilingan, generalning muolaja uchun chetga chiqishga haqqi bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG