"Talabalarimiz O'zbekistondan ekanidan faxrlanamiz"


Nyu-Yorkning Bruklin shahridagi Long-Aylend universiteti - o’zbekistonliklar yaxshi bilgan dargoh. Ular bu universitetga 2000-yillardan boshlab ingliz tilini o’rgangani kela boshlagan. Ayni damda bakalavr, magistr darajasida tahsil olayotgan o’zbekistonliklarni uchratish mumkin.

Noga Laor universitetdagi ingliz tili instituti rahbari. U o’zbekistonlik talabalar bilan to’g’ridan-to’gri muloqotda. Noga o’zbek xalqi, madaniyati bilan yaqindan tanishayotganidan xursand. Nyu-Yorkdagi o’zbek taomlari pishiriladigan restoranlarga borishni odat qilgan. Osh pishirishni o’rganish, o’zbek to’ylarini ko’rish orzusida.

Noga Laor "Amerika Ovozi" bilan video muloqotda quyidagilarni izhor etdi:

"Talabalarimiz orasida o’zbekistonliklar ko’p. Ular yangi davlat, yangi jamiyat, yangi til va notanish madaniyatga tushib qolganiga qaramay, tinmay mehnat qiladi, ro’zg’or tashvishlaridan ortib til o’rganadi, o’qiydi. O’zbekistonlik talabalarimiz Nyu-Yorkni, yangi davlatni o’z uyiday yaxshi ko’rishadi. Yurtimizga loyiq bo’lish yo’lida o’z mehnatini ayamaydigan o’zbek xalqiday jafokash xalqni oldin uchratmaganman.

Universitetimizda dunyoning turli burchaklaridan kelib tahsil olishadi. Talabalarimizning katta qismi O’zbekistondan ekanidan faxrlanamiz.

Yillar mobaynida o’zbek xalqi bilan yaqindan tanishdim, madaniyatini o’rgandim, ko’zga ko’ringan o’zbeklarni uchratdim va bu xalqqa nisbatan hurmatim oshdi.

Nyu-Yorkdagi qonli voqeadan hayratdaman. Yaqinlarini yo'qotganlar oilasiga chuqur hamdardlik bildiramiz. Bir narsani yodda tutishimiz shartki, bu xuruj guruh bo’lib emas, birgina shaxs tomonidan sodir etilgan.

Umid qilamanki, biz millat sifatida birlashib terrorizmga qarshi kurasha olamiz va bunda mehr qahrdan ko’ra kuchliroq ekanligini ko’rsata olamiz", - deydi Noga.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG