Breaking News

Opioidlarga tobelik AQShda epidemiya darajasiga yetgan


AQShda kuchli dori va narkotiklarni suiiste’mol qilish avjiga chiqqan. Kasalliklarni nazorat qilish markaziga ko’ra, 2016-yilda peredozirovka oqibatida 40 ming amerikalik hayotdan ko’z yumgan. Prezident Donald Tramp sog’liqni saqlash borasida favqulodda holat e’lon qilib, chora ko’ryapmiz, demoqda.

Opioidlarga tobelik AQShda epidemiya darajasiga yetgan.

“Bu ko’chaga kirish o’zingiz bilan kurash demakdir”.

Dorilarni dozadan ortiq iste’mol qilish kuniga o’rtacha 115 kishining yostig’ini quritadi. Opioidlarga geroin kabi noqonuniy narkotiklardan tortib, oksikodon singari og’riq qoldiruvchi preparatlar kiradi.

“2000-yillar o’rtalarida bu preparatlarga e’tibor qaratildi, cheklovlar qo’yildi, ularni qo’lga kiritish qiyinlashdi. Lekin bir paytning o’zida, bularga mukkasidan ketganlar talaygina edi. Ana o’sha odamlar geroinga o’tishdi, narko-kartellar ko’chalarni geroinga to’ldirdi. Bu og’riq qoldiruvchi dorilarni retsept bilan ololmaydiganlar uchun ayni muddao edi”, - deydi jurnalist Keti Zezima.

Travis Rider mototsikl halokatidan sog’ayish davrida dorilar iskanjasidan chiqish azoblaridan o’tgan. Uning fikricha muammo aslida opioidlarda emas.

“Mototsiklimda avariyaga uchrab, oyog’im sinib, yurolmay qolgan edim. Travmadan keyin og’riq kuchli edi, dori ichmasam bo’lmasdi. Lekin uzoq vaqt nazoratsiz ichish muammoga aylandi”, - deydi u.

Narkomaniya va opioid krizisi bo’yicha prezident kengashi vakili Pem Bondi muammoga har tomonlama yondashish kerak, deydi.

“Prokuror sifatida qora bozorni yo’q qilish tarafdoriman. Bu juda muhim, lekin boshqa omillarni ham hisobga olish kerak. Qonunlarni kuchaytirish, bolalar ta’limiga e’tibor kerak”, - deydi u.

Mutaxassislar fikricha, qonuniy va noqonuniy opioidlarga qarshi kurashish kutilgan natijani bermayapti, chunki doriga berilganlar chorasiz qolganda uning sintetik turiga yoki boshqa xavfli narkotiklarga o’tishdan ham tap tortmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG