Breaking News

Shimoliy Oq uy va Janubiy Oq uy degan atamalarga tayyormisiz?


Nyu-York
Nyu-York

Amerikada yangi yildan multi-milliarder prezident bo’ladi. Nyu-Yorkdagi dabdabali hayotdan siyosiy markazga ko’chib, oddiygina ko’rinadigan Oq uyda yashash va dunyoning eng qudratli davlatini boshqarish Donald Tramp uchun qanday kechadi?

Trampning osmono’par binolari joylashgan ko’cha Nyu-Yorkning eng serqatnov nuqtalaridan. Boy va mashhurlar yashaydi bu imoratlarda. Yangi prezidentning koshonasi ham shu yerda.

AQShning yangi hukumati, oddiy qilib aytganda, mana bu muhtasham maskanda tuzilmoqda. Axborot vositalari katta joyni egallagan. Kim qaysi lavozimga tanlangani haqida darhol xabar berishga shay muxbirlar. Ular uchun imoratning alohida bo’limlari ajratilgan.

Jurnalist Xanter Voker o’zini baliqchiga o’xshatadi.

“O’tirasiz kutib… Sabr-toqat kerak. Hech kim ko’rinmaydi lekin boshqa ish bilan shug’ullana olmaysiz. Diqqatni yo’qotsangiz, quruq qolasiz. Qaramay turganingizda bir narsalar yuz berishi mumkin. Kim kelsa, taniy olishingiz, savol bera olishingiz kerak, darhol”.

Trump yashaydigan va ayni damda yangi ma'muriyat tuzilayotgan imorat xavfsizligi uchun kuniga 1 million dollar sarflanmoqda
Trump yashaydigan va ayni damda yangi ma'muriyat tuzilayotgan imorat xavfsizligi uchun kuniga 1 million dollar sarflanmoqda

Marmar bilan qoplangan koridorlar, yaltir-yultur bezaklar, qimmat mahsulotlar sotadigan do’konlar, oddiy ovqatni bir dunyo pulga taklif qiladigan restoranlar.

“Taomlar yomon emas. Xizmat ham a’lo. Imorat juda ko’rkam. Manzara bizga huzur baxsh etadi”, - deydi o'zini Syuzan deb tanishtirgan sayyoh.

202 metr balandlikdagi bino qurilganidan beri Donald Trampning xonadoni. Tramp uni shunday tasvirlaydi. Gollivud yulduzlari, taniqli sportchilar va ishbilarmonlar – hammasini topasiz bu yerda. Serhasham kvartiralar aynan shunday odamlar uchun bunyod etilgan.

Bayram mavsumi bo’lgani uchun bozor chaqqon. Lekin do’kondorlar bilan gaplashsangiz, vaziyat ularga ma’qul emas. Xavfsizlik xodimlari, cheklovlar ularning asabiga tegadi.

“Xaridorlarning yo’lini to’sishni xohlamaymiz. Ular bemalol kelib keta olishi kerak. Bu yoqdan yurma, u yerga o’tma degan yozuvlar xaridorni haydaydi. Bu degani millionlab dollar zarar”, - deydi Tom Kusik, tijoratchi.

Shahar meri Bill de Blazio uchun bu muammo emas.

“Guchi yoki Tiffani do’konlariga kelayotganlarning dardi men uchun muhim emas. Yo’l harakatini tartibga solish, osonlashtirish zarur”.

Melaniya Tramp hozircha Oq uyga ko'chmaydi
Melaniya Tramp hozircha Oq uyga ko'chmaydi

Donald Trampning rafiqasi Melaniya va 10 yashar o’g’li Barron hozircha Vashingtonga ko’chmaydi. Kelasi o’quv yilidan boshlab poytaxtda, Oq uyda yashaydi.

"Tramp minorasi deya tanilgan bu imoratni qattiq himoya qilayapmiz. Odamlarimiz sonini ko’paytirganmiz”, - deydi politsiyachi Karlos Gomez.

Xavfsizlikni ta’minlash kuniga 1 million dollarga tushmoqda. Mablag’ davlatdan keladi, mahalliy hokimiyatdan.

“Yangi prezidentimiz faqat Oq uyda emas, bu yerda ham yashashini yodda tutsak, bu katta pul. Uyi shu yerda. Demak, xarajatni qoplashimiz kerak. Qoplaymiz, qarshi emasman”, - deydi tarafdorlardan biri.

Tramp minorasi shimoldagi Oq uy bo’lishi kutilmoqda. Vashingtondagi Oq uy esa janubiy. Nyu-York shahri bunga fakt sifatida qarab, kerakli choralarni ko’ra boshlagan. Maxfiy xizmat ham, tabiiyki, faoliyatini kengaytirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG