Breaking News

Prezident Shavkat Mirziyoyev 52 kishi yonib ketgan Aktobe fojiasida o’z fuqarolarini sarson-sargardonlikka majbur qilgan, xatolarni vaqtida tuzatmagan davlat rahbariyati ham aybdorligini tan olgan, qurbonlarga tovon puli to’lanishiga ko’rsatma bergan.

Mirziyoyev: Qozog'istondagi fojiada hukumat aybdor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:02 0:00

Qozog'istonda avtobus yong'inida halok bo'lgan o'zbekistonliklarning to’liq ro’yxati, halokat sabablari yuzasidan dastlabki tergov xulosalari e’lon qilindi. Faollarga ko’ra, bu fojiaga nisbatan hukumat, matbuot, jamoatchilikdagi mavjud munosabatlar hokimiyat va jamiyat o’rtasidagi masofani, ishsizlik muammosi hamon dolzarbligini ko’rsatmoqda.

Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan 52 o'zbekistonlik 18-yanvar kuni avtobusda tiriklayin yonib ketgan. Prezidentning qurbonlar haqidagi dastlabki bayonoti bir kun o’tib, Surxondaryoga qilgan safari davomida bildirildi.

At-Termiziy maqbarasida qurbonlar xotirasiga duo qilar ekan, Mirziyoyev fojianing asl sababi mamlakatdagi ishsizlikda ekanligini, odamlarni sarson-sargardonlikka mahkum qilgan bu xatolar davlat rahbariyati tomonidan o’z vaqtida to’g’rilanmaganini aytdi.

Prezident xatolarni o’z vaqtida to’g’rilamagan davlat rahbariyati deganda marhum Islom Karimovni nazarda tutdimi, yoki hukumatda uzoq yillar bosh vazirlik qilgan o’zini ham inobatga oldimi, bu aniq emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Mirziyoyev Surxondaryo viloyati faollari bilan o’tgan uchrashuvning aksariyat qismida ham Aktobedagi halokat haqida gapirgan. Hozircha jamoatchilikka taqdim etilmagan bu chiqishda prezident chuqur iztirobda ekanini, farzandlari halok bo’lgan ota-onalarga nima deb javob berishni bilmay qiynalayotganini aytgan.

Mirziyoyevning bu bayonotlari motam e’lon qilinishini talab qilayotgan o’zbek jamoatchiligini bir qadar tinchlantirgani kuzatildi.

Ammo jamoatchilikda, ijtimoiy tarmoqlarda hukumatning fojiaga nisbatan munosabatidan, davlat televideniyesi ko’ngilochar dasturlar namoyish etishda davom etganidan norozilik bildirganlar ham ko’p.

Toshkentlik faol Abdulla Tojiboy o’g’li mardikorlar muammosi bilan shug’ullanib keladi. Uning aytishicha, mehnat muhojirligiga ketishga qaror qilganlarning ko’pchiligini asosan mardikorlar tashkil qiladi.

Uning nazarida rahbariyat mamlakatda motam e’lon qilishi,hukumat komissiyasi esa fojia tafsilotlari haqida jamoatchilikka muntazam axborot berib turishi lozim edi.

“Men rahbariyat o’rnida bo’lganimda mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilardim, chunki bu hozir shart edi. Biz intizorlik bilan O’zbekiston televideniyesini kuzatdik, ammo fojia haqida asosan Rossiya va boshqa xorij televideniyesidan xabar topdik. Hukumat komissiyasi tuzilgan, hali u xalqqa hisobot berganicha yo’q - nimalar bo’lgan, surishtiruv qanday borayapti, kim aybdor, bu borada hukumat tomonidan biror hisobot berilgani yo’q. To’g’risini aytish kerak, mardikorlar chetdan ish qidirib ketishga majburligi ishsizlik bilan, ish o’rinlari haqida aytilayotgan bayonotlarning soxtaligi bilan bog’liq, odamlar oilasini boqishi kerak”, - deydi Tojiboy o’g’li.

​Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyadagi mehnat muhojirlarining O’zbekiston elchixonasi qarshisida o’tkazgan motam tadbiri ko'rsatilgan lavhalar tarqalgan. Ular ham motam o'tkazish lozimligi haqida gapirishadi.

O'zbekistonda juma tilovatlarida qurbonlar xotirasiga duo qilindi. Musulmonlar idorasi vakillari asosiy qurbonlar berilgan Namangan viloyatida bo’lishgan, ta’ziya marosimlarida qatnashishgan.

Qozog`iston huquq-tartibot idoralarining dastlabki xulosasiga ko’ra, avtobusdagi yong’inga olov bilan ehtiyotsiz muomala sabab bo`lgan. Salonda kavsharlashda ishlatiladigan lampa topilgan, bir necha litr benzin ham bo'lgan. Yo'lovchilar sovuqda lampadan isinishga harakat qilgani aytilmoqda. Avtobus oxrigi marta 2015-yilda texosmotrdan o'tgan.

O’zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi qurbonlarning to’liq ro’yxatini e’lon qilgan, ularning jasadlari mamlakatga qaytarilgan. Aksariyati Namangan va Farg`ona viloyatidan, 20 dan 40 yoshgacha bo`lgan yigitlar.

Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida tuzilgan hukumat komissiyasi hozircha o’z xulosasini bildirgan yo’q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG