Breaking News

Afsonaviy basketbolchi Kobe Brayant halok bo'ldi


“Los-Anjeles Leykers” jamoasi sobiq o'yinchisi Kobe Brayant

Amerikaning afsonaviy basketbolchisi Kobe Brayant yakshanba kuni shaxsiy vertolyotida halokatga uchrab, qizi va yana bir necha odam bilan nobud bo’lgan. Brayant 41 yoshda edi.

Basketbolchining 13 yashar qizi Jiannadan tashqari yana yetti kishi Los-Anjeles tevaragida halok bo’lgan. Ular yoshlar basketbol turniriga yo’l olayotgan edi.

Brayant Los-Anjelesning tirband ko’chalariga tushmaslik maqsadida shaharga odatda vertolyotda uchar edi.

Los-Anjeles politsiyasi voqeani tergov qilmoqda. Sherif Aleks Villanuevaning aytishicha, vertolyot qulagan joy va uning atrofi motamsaro odamlarga to’layotgani sabab tergovni olib borish oson bo’lmayapti.

Sherif odamlardan tergovchilar ishiga halaqit bermaslikni so’ramoqda.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Twitter orqali Brayantning rafiqasi Vanessaga oilasi nomidan ta’ziya bildirdi. Sobiq prezident Barak Obama, Amerika va dunyo sport va shou-biznes yulduzlari ham hamdardlik bildirgan.

AQSh Milliy basketbol uyushmasining besh karra chempioni, ikki karra Olimpiya chempioni Kobe Brayant “Los-Anjeles Leykers” jamoasida 20 yil davomida 2016-yilga qadar to’p surgan edi. Brayant to’rt qizning otasi edi, kenjasi o’tgan yili yozda tug’ilgan.

Kristiano Ronaldu, Lionel Messi, Neymar kabi jahon futbol yulduzlari ham qayg'uda ekanini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG