Breaking News

Chikagodagi "Jibek Jolu" qirg'iz restorani - madaniy o'choq


"Jibek Jolu" restorani, Chikago
"Jibek Jolu" restorani, Chikago

AQShda eng ko’p qirg’izistonliklar Chikagoda yashaydi. Shaharda ularning jamoat markazi bor. Marat Bilimbekov jamoaning faol a’zolaridan, bir nechta qirg’iz restorani ochgan.

Marat Bilimbekov Qirg’izistonda universitetni tamomlab, Amerikaga 14 yil oldin 22 yoshida kelgan. Ulkan mamlakatda do’stsiz, yaqinlarisiz yangi hayot boshlagan.

“Restoran biznesiga talabalik yillarim paytidayoq Bishkekda mehmonxonada ishlayotgan paytimda qiziqqanman. Girgitton bo’lib ishlardim, ish qiziqarli edi, bu soha menga juda yoqardi. Stollarni tuzash, taomlarni xo’randalarga uzatish menga qiziq edi, sohani chuqurroq o’rganishni istadim”, - deydi u.

Marat restoranni qanday ochishni boshida bilmagan, ammo bilishni juda orzu qilgan. Birinchi restoranni 10 yil oldin Chikagoda ochgan. Unga “Jibek Jolu”, ya’ni “Ipak Yo’li” deb nom qo’ydi. Shaharda bundan tashqari yana ikkita restorani bor, yaqinda Mayamida ham ish boshlashni rejalamoqda.

“Bir kuni do’stim bilan mahalladagi barga kirdik. Ba’zi xo’randalar bilan suhbatga kirishib ketdik. Bizdan qayerdan kelganimizni so’rashdi, taomlarimiz bilan qiziqishdi. Shundan keyin o’z restoranimizni ochishga qaror qildik. Chikagoda kengayayotgan qirg’iz jamoasi, ko’p sonli rus aholisi mijozlarimiz bo’lishini tasavvur qildik. Taomlarimizga talab bor edi. Restoranga joy qidira boshladik. O’sha paytda Linkoln xiyoboni degan joyda qirg’izlar mahallasi bor edi. O’sha yerdan kichik bir joy topib, ishni boshladik. Tajribamiz yo’q edi. Yosh edik. Biznes haqida bilimlarimiz ham yo’q edi. Birinchi uch yil rosa qiyin bo’ldi. Ammo ishni uddaladik. Amerikada muhojirlarga oson emas. Axir bu begona mamlakat, qonun-qoidalari, tartiblari boshqa, qonun-qoidalar ko’p. Amerikada biznes boshlash uchun ko’p pul kerak. Daromad kelguncha, mijoz orttirguncha ko’p pul ketib qoladi, tugab qoladi, yopilishga to’g’ri keladi. Bu yerda raqobat kuchli, yil-sayin oshmoqda. Restoranlar ko’paymoqda, xizmat sifati yaxshilanyapti”, - deydi Blimbekov.

“Jibek Jolu” restoranining birinchisi jamoa orasida ommaviylashganidan so’ng Marat yana 1-2 ta joyda oshxona ochishga qaror qildi.

“Men asli Qirg’izistondanman. O’sh shahrida tug’ilganman. Restoranimiz Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa taomlarini taklif etadi. Barcha taomlarni o’zimiz uydagidek tayyorlaymiz. Taomlarimiz xo’randalarimizni bolaligiga qaytaradi, buvisi pishirgan ovqatlarni esiga soladi. Vatanini sog’ingan muhojirlar bu yerga kelib, vatandoshlari bilan ko’rishib, o’z ona tilida so’zlashib turadi”, - deydi restoran boshqaruvchisi Alina Axmetshina.

“Jibek Jolu”ga amerikaliklar ham kelib turadi.

“Ular taomlarimizni juda sevadi. Ularni qo’l bilan, uydagiga o’xshab tayyorlashimiz yoqadi. Buning oson emasligini, hamma restoranlar ham bunday qilmasligini yaxshi bilishadi. Minglab dona manti va chuchvarani qo’lda o’zimiz tugamiz. Sifatli mahsulotlardan foydalanamiz”, - deydi tadbirkor.

Axmetshinaning aytishicha, restoran Chikagoda sayyohlar qatnaydigan 10 ta eng yaxshi restoran ro’yxatiga kiritilgan.

Amerikada fast-fud kafelari keng tarqalgan bo’lsa-da, Marat amerikaliklarni lazzatli uy ovqatlariga tanishtirishni maqsad qilgan. U vatanida ham restoran ochishni rejalamoqda.

“Qirg’izistonda do’stlarim bor. U yerga tez-tez borib turaman. Bir restoran ochishni xohlayman. Boshqa joylardan farq qiladigan restoran. Ko’proq amerikacha bo’ladi, qirg’izistonliklarga Amerika havosini ulashmoqchiman. Bu ishni amalga oshirishda menga bu yerdagi xodimlarimdan iborat jamoa yordam beradi. Qirg’izcha restoranlarni boshqa shtatlar va mamlakatlarda ham ochmoqchimiz”, - deydi u.

Restoran xizmatchilari Markaziy Osiyo va sobiq Sovet Ittifoqining turli mamlakatlaridan. Shef-povar Dilshod Ibaydullayev Qirg’iziston janubidan chiqqan o’zbeklardan. Uning aytishicha, restorandagi ko’p taomlar “Jibek Jolu”ning o’z retseptiga ko’ra tayyorlanadi.

“Amerikada hamma narsa odamlarning qulayligi uchun qilingan. Restoran ochilishidan oldin inspektorlar kelib uni tekshiradi. Hamma narsani. Hatto yong’in paytida evakuatsiya uchun eshik hajmini ham. Nogironlar ehtiyojlarini ham hisobga olishadi. Amerikada biznes qilmoqchi bo’lsangiz, oldin yaxshi g’oyaga ega bo’lishingiz kerak, so’ng uni amalga oshirishga kirishish zarur. Amerika ulkan mamlakat, imkoniyatlar cheksiz. Qo’rqmaslik kerak. Amaliyot orqali tajriba orttirasiz. Yolg’iz kitobdagi qoidalarga qarab muvaffaqiyatga erishib bo’lmaydi. Har bir vaziyat o’zgacha, bir-biridan farq qiladi. Ko’p izlanish kerak. Orzularingizga ergashing”, - deydi Marat Bilimbekov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG