Qirg’izistonda bolalar mehnati: Zaruriyat, imkoniyat, amaliyot


Tadqiqotlarga ko’ra, Qirg’izistonda har uch o’smirning biri mehnatga jalb qilingan. Ishlayotgan bolalarning asosiy qismi dala va chorva yumushlari bilan band. O’smirlarni, shuningdek, bozorlarda, qurilishlarda, har xil ustaxonalarda uchratish mumkin.

Bolalar mehnatidan ayniqsa yoz hamda kuz oylarida keng foydalaniladi. Mutaxassislar o’lkada bolalar uchun xatarli mehnat turlarining ro’yxatini tuzish, tegishli idora va shaxslarning mas'uliyatini ko’tarish lozimligini aytishadi.

O’n ikki yoshli Qalbek O’sh shahrining markaziy bozorida qo’l aravasida yuk tashish bilan mashg’ul. Uning ikki ukasi ushbu bozorda ota-onasiga sabzavot sotishda ko’maklashadi.

Qalbekning daromadi yaxshi, har holda rasmiy statistikada ko’rsatilgan o’rta ish haqidan ancha yuqori.

Arava tortish aslida g’isht quyish, tosh tashish, tamaki dalalarida ter to’kish kabi og’ir yumushlar sirasiga kiradi. Shifokorlarga ko’ra, bunday ishlar bolalarning salomatligiga, yosh organizmning rivojlanishiga salbiy ta’sir o’tkazadi.

“Aytaylik, qishloq xo’jaligida qo’llaniladigan kimyoviy moddalar o’smir organizmining shakllanishiga ziyon yetkazishi tasdiqlangan”, - deydi suhbatdoshlardan biri.

Bolalarni muhofaza qiluvchi mahalliy nodavlat tashkiloti axboroticha, ish beruvchilar o’smirlardan arzon kuch sifatida foydalanadi, odatda mehnat shartnomasi tuzilmaydi, oqibatda yollangan bola haq-huquqsiz qoladi.

Qirg’izistonda har yili “Mehnat tarbiysiga - ha, bolalar mehnatini ekspluatatsiya qilishga - yo’q, deymiz” deb atalmish oylik o’tkaziladi.

Qishloq muallimi, ayni paytda ilg’or ferma egasi Azamatjon Vohidov bir paytlar maktab qoshidagi mehnat va dam olish lageriga rahbarlik qilgan.

“Bolalarni yoshiga mos va xos yumush bilan mashg’ul qilish, mehnatda chiniqtirib borish kelajak hayotga tayyorlashda muhim rol o’ynaydi. Mehnatda toblangan bola keyinchalik o’z o’rnini topa oladi. Albatta, bolani og’ir ishga jalb qilish o’sib kelayotgan niholni bukib qo’yish degan gap”, - deydi ushbu mutaxassis.

O’sh viloyat Aravon tumanilik mahalla boshlig’i Abdurashid Jo’rayevning aytishicha, hozirda qishloq shifoxonalarida turli xastaliklardan shikoyat qilib kelayotgan o’smirlarni uchratish mumkin. Kamqonlik, ichki kasalliklar tarqalgan.

“Og’ir mehnatni buyurish o’rniga bolalarni kasb-hunar hamda bilim olishga yo'naltirigan ma’qul. Avallari usta-shogird an’anasi rivojlangan edi. Hozir mahorat talab qilmagan ishlarga ko’proq berilishayapti. Pul topgan bolalar mablag’ni o’z o’rnida ishlatishni bilishmaydi. Darslarni tashlab yuborganlar ham talay”, - deydi Jo'rayev.

Uningcha, mehnat tarbiyasini to’g’ri yo’lga qo’yishda ota-ona hamda maktab jamoalarining mas’uliyatini oshirish darkor. Mahalla oqsoqolining 12 yoshli nabirasi tikuvchilikni o’rganib, hozirda qishloqliklarning buyurtmalarini bajarishga kirishganmish.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG