Qirg’izistonda oilaviy zo’ravonlikka qarshi kurash


Qirg’izistonda "Oilaviy zo’ravonlikdan muhofaza qilish borasida" qonun qabul qilindi. Avvalroq mamlakat parlamenti tasdig’idan o’tgan hujjatni kuni-kecha Prezident Almazbek Atambayev imzoladi.

Qonunga ko’ra, huquq-tartibot idoralari zo’ravonlik haqida tushgan har bir xabarni diqqat bilan o’rganishi va chora-tadbir ko’rishi lozim. Himoyaga muhtoj insonga ma’lum muddat uning xavfsizligini ta’minlovchi hujjat, ya'ni order berish ko’zda tutilgan.

Qonun nafaqat jismoniy tazyiq, balki ruhiy va iqtisodiy bosim hollarini ham oilaviy jabr-zulm sifatida baholaydi.

Tadqiqotlarga ko’ra, Qirg’izistonda har to’rt uy bekasining biri o’z yaqinlari zulmiga duchor bo’lmoqda. BMTning Bolalar jamg’armasi hamda Qirg’iziston ta’lim vazirligi o’tkazgan so’rovda ishtirok etgan o’smirlarning 70 foizi oiladagi salbiy muhitdan aziyat chekayotganini ma’lum qilgan.

O’shlik tikuvchi qiz farzand ko’rishga ulgurmay kuyovidan ajrab ketgan.

“Qaynonamga hech yoqmadim. Kuyovim do’pposlashini qo’ymadi. Chidashning iloji bo’lmadi”, - deydi u.

Qalamkash Shirmonoy Boynazarovaning aytishicha, aksar oilaviy jabr-zulm hollariga odatda moddiy yetishmovchilik sabab bo’lmoqda.

“Ko’plab ota-onalar voyaga yetib-yetmagan qizlarini kuyovga uzatishayapti. Vaholanki, ular hali o’smir yoshida, turmushning achchiq-chuchugiga tayyor emas”, - deydi suhbatdosh.

“Ulibka” (Tabassum) deb atalmish nodavlat tashkilot oila, ona va bola muammolari bilan shug’ullanib keladi. Tashkilot rahbari Elmira Umarova yuqoridagi fikrni tasdiqlar ekan, ko’p hollarda oilaviy nizolarga ishsizlik, mehnat muhojirati bois oilalarning parokandalikka uchrayotgani sababligini aytadi.

Uningcha, zikr qilingan qonun oilaviy zo’ravonlikka ma’lum darajada chek qo’yishi kutiladi.

“Avvallari shunday hollar haqida biz huquq-tartibot tizimlariga murojaat qilsak, o’zlari ariza bermayaptiku, deb chora ko’rishmasdi. Hozir esa qo’ni-qo’shni bo’ladimi, qarindosh-urug’mi - kim xabar bersa tekshirib, chora ko’rishlari talab qilinadi. Bu hol, menimcha, mushtumzo’rni biroz bo’lsayam tiyilishga undaydi”, - deydi u.

Mahalliy mutaxassislarga ko’ra, oilaviy zo’ravonlikni, onalar va bolalarga nisbatan jabr-zulm hollarini oldini olish, ozaytirish uchun asosiy omil - bu o’lkadagi barqarorlik, farovonlik.

“Ota-onalar ishlash imkoniyatiga ega bo’lsa, bolalar ko’cha-ko’yga pul topish ilinjida kezib yurmasa, onalar farzandlar tarbiyasi bilan mashg’ul bo’lsa, xonadonlarda ham, jamiyatda ham o’zaro hurmat, totuvlik va ahillik ildiz otadi. Talash-tortish, zo’rlikka o’rin qolmaydi", - deydi Elmira Umarova.

Uningcha, zikr qilingan qonunni oilani mustahkamlash yo’lida bir qadam, deb atash mumkin.

XS
SM
MD
LG