Breaking News

Sooronbay Jeenbekov Qirg'iziston prezidenti etib saylandi


Sooronbay Jeenbekov saylov uchastkasida ovoz bermoqda, 15-oktabr, 2017-yil.
Sooronbay Jeenbekov saylov uchastkasida ovoz bermoqda, 15-oktabr, 2017-yil.

15-oktabr kuni Qirg’izistonda bo’lib o’tgan prezident saylovlarida 58 yoshli sobiq bosh vazir, hokimiyatdagi Sotsial-demokratlar partiyasining vakili Sooronbay Jeenbekov g'olib chiqdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, u saylovchilarning 55 foiz ovozini qo'lga kiritgan. Asosiy nomzodlardan yana biri, sobiq bosh vazir O’murbek Babanov 33 foizdan ko'proq ovoz yig'gan. Oliy lavozim uchun poygada jami 11 arbob ishtirok etdi.

Tahlilchilarga ko’ra, Jeenbekovning g’alabasiga hal qiluvchi hissani uning ona yurti bo’lmish O’sh viloyati qo’shdi. Hududda har to’rt saylovchining deyarli uchtasi aynan ushbu arbobni tanladi. Vaziyat bilan tanish mahalliy ziyolilar mazkur siyosatchining muvaffaqiyati uchun davlat idoralari ko’p ter to’kkanini aytishadi.

“Amerika ovozi” O’sh viloyatilik saylovchilar hamda kuzatuvchilarning so’zlariga quloq tutdi.

Asosiy nomzodlarning mahalliy nomdor va puldor xonadonlardan iborat vakillari saylov kuni sharqona mulozamat hamda takalluf namunalarini ko’psatdi. Keksa insonlar, uy bekalari, kamxarj oilalar yengil mashinalarda tashildi. Avval tuzilgan ro’yxat bo’yicha kim kelib-ketayotganini belgilab turgan shaxslarning qo’llari ko’ksida bo’ldi.

Ovoz berish jarayoni hududda tinch va osoyishta o’tdi. Ayni paytda davlat tasarrufidagi axborot vositalari saylov arafasida oddiy aholi ongida shakllantirgan hadik va tashvish yaqqol sezilib turdi. “Saylovlardan nimalar kutayapsiz, qanday umidlaringiz bor?”, degan savolga ko’pchilik o’xshash javoblar berdi.

O’shlik siyosatshunos Erkin Abdirazaqov fikricha, ovoz berish jarayonida biometrik ma’lumotlar hamda boshqa zamonaviy usullar qo’llanishi ovozlarni hisoblash masalasida e’tirozga o’rin qo’ymaydi. Ayni paytda ayrim nomzodlar tomonidan davlat resurslaridan keng foydalanilganini ham inkor etib bo’lmaydi.

Jeenbekovning O’sh viloyati va umuman, Janubiy Qirg’izistonda qozongan yuksak natijalarini Abdirazaqov mahalliychilik, regionalizm ko’rinishlari bilan izohlaydi. Ushbu viloyatda tug’ilgan arbob davomli muddat viloyat gubernatori bo’lib ishlagan.

Mahalliy tahlilchilarning aytishicha, rasmiylar to’s-to’polonlar ehtimoli haqida ko’p gapirgani saylovoldi texnologiyalarning bir qismi bo’lib, bu ovozalar o’z tasdig’ini topmadi. Ammo aholining ma’lum qismining tanloviga turtki bo’ldi.

“Ayni paytda saylov jarayonida erkin matbuot xodimlarining faoliyatiga to’sqinlik qilish, ayrim mulozimlarning zo’ravonligi kabi qonunbuzarlik hollari haqidagi shikoyatlar tegishli idoralar diqqatidan chetda qoldi”, - deydi siyosatshunos Erkin Abdirazaqov.

Suhbatdoshning aytishicha, o’tgan prezident saylovlari asl demokratik tanlovlar sari jiddiy qadam bo’lsa-da, jamiyat va mutaxassislar tegishli xulosa va saboqlar chiqarishi uchun hali kamchiliklar mavjud. Aytaylik, xorijda faoliyat ko’rsatayotgan mehnat muhojirlarining katta qismi ovoz bera olmadi. 2-forma atalmish yo’llanma bilan ko’plab saylovchilarning boshqa ovoz berish uchastkalariga yo’naltirilishi ham kelajakda qayta ko’rib chiqilishi lozim masalaga o’xshaydi, deya xulosa qiladi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG