Breaking News

Qirg’izistonning O’sh viloyatida sunnat to’yi munosabati bilan o’tkazilgan uloq va kurash musobaqalarida go’liblar uchun uchta yangil avtomashina, 10 bosh tuya, 60 bosh ot va qo’y, 2 oltin kamar hamda yirik miqdorda pul ajratildi. To’y tantanalarida olti mingdan ziyod mehmon, jumladan, mahalliy rahbar xodimlar, sobiq vazir, yirik mulkdorlar va boshqa kazo-kazolar qatnashdi.

Ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlarda qizg’in muhokama qilinmoqda.

Qirg’izistonda bunday serhasham marosimlar odat tusini olgan.
Mahalliy tadqiqotchilarning aytishicha, o’lka aholisining to’y-hashamlarga sarflagan mablag’i har yili bir necha milliard dollarni tashkil etib, bu raqamni mamlakatning tashqi qarzi bilan taqqoslash mumkin.

Hukumat bot-bot to’y-marakalarda sarflarni cheklashga chaqirib keladi. Ammo marosimlarni serxarj o'tkazish tobora keng ko’lam olayotgani kuzatilmoqda.

Nega moddiy-moliyaviy imkoniyatlari cheklangan, qarzga botgan Qirg’izistonda dabdabaga havas pasaymayapti? Vaziyatni izga solish uchun nima qilmoq lozim?

"Pullarini yaxshi amallarga sarflasalar edi..."

Taniqli qirg’iz ulamosi, Jalolobod shahridagi “Islom ta’limi markazi” nomli nodavlat tashkilot rahbari Dilmurod O’rozovning aytishicha, dabdabali to’y-marakalarni qadimdan qolgan urf-odat, deb atash nojoiz.

“Oddiy musulmon qatori aytardimki, bu ishlar harom. Bu to’y emas, o’zini, boyligini ko’z-ko’zlash, ayni paytda kambag’allarni, qo’lida yo’qlarni kamsitish. Bunday “tantilik”, isrofgarchilik - to’y emas, aslida atrofdagilarga nisbatan zulm. Bunday tomoshalar insonlarda hasad-adovat hislari uyg’otadi va oxir-oqibat yaxshilikka olib bormaydi. Pullari ko’paygan bo’lsa, yaxshi amallarga sarflasinlar. Yordamga muhtoj nochor xonadonlar, yetim-yesirlar, bolalar va qariyalar uylari, shifoxonalar, maktablar qanchadan qancha. Qancha ovullarda toza ichimlik suvi yo’q, shahar-qishloqlarning ko’chalari o’ydim-chuqur”, - deydi islomshunos olim.

To’q xonadon to’y qilsa, butun qishloq qo’noq boqadi

“Qarang, bir o’ziga to’q xonadon osh bersa, butun qishloq, hatto - joy yetmay qolsa - qo’shni ovul ham qo’noq boqadi. Har bir qo’noq tushgan uyda jonliq so’yish, pishir-kuydir, mast-alast…Bunday “urf”lar jamiyatning moddiy va ma’naviy dunyosiga putur yetkazmay qolmaydi. O’lkada tabaqalanish jarayoni kuchaymoqda”, - deydi ulamo.

O’shlik iqtisodchi Erkin Abdirazaqovning tadqiqotlarida ko’ra, uch yil muqaddam birgina O’sh shahrida kafe va restoranlarining kissasiga har xil oilaviy marosimlar o’tkazish uchun kuniga o’rta hisobda 11 million qirg'iz so'mi tushar edi. Bu, taxminan,165 ming AQSh dollari demakdir. Hozirda sarflar yanada oshgani aniq.

To’y-hasham - kim uchundir amal cho’qqilari sari yo’l

Iqtisodchi deydiki, bunday shohona to’ylar qilib, kattayu-kichikning og’zini moylar ekan, ayrim shaxslar kazo-kazolar safidan joy olish, mahalliy hamda oliy kengashlarga saylovlarda g’oliblar ro’yhatiga kirishni ko’zlaydi.

Yoshlar dabdababozlikka qarshi

Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat arbobi, yozuvchi Salima Sharipovaning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda qatnashayotgan yoshlarning aksariyati bunday ko’rinishlarlarni qoralamoqda va bu umid bag’ishlaydi.

Aytish joizki, ayrim amaldorlar va tahlilchilar xalq an’analari va urf-odatlarini qonun yo’li bilan cheklab bo’lmaydi, desalar, qator mutaxassislar kuch bilan emas, mafkura yordamida ish olib borish lozim, deydi.

Salima Sharipova tegishli mafkurani shakllantirish zaruriyatini inkor etmaydi. Lekin adolatli, puxta qonun zarurligini urg’ulaydi.

Bu o’rinda suhbatdoshlar behuda sarflarni chegaralashga muvaffaq bo’lganTojikiston tajribasiga e’tibor qaratadi.

Davlat idoralari qanday o’rnak ko’rsatayapti?

Jalolobod shahridagi “Islom ta’limi markazi”, atalmish nodavlat tashkilot rahbari islomshunos Dilmurod O’ro’zov fikricha, davlat idoralarining xodimlari mas’uliyatni his etishlari lozim.

“Bunday serhasham mehmondorchiliklarda qatnashib, muborakbod etayotgan siyosatchilarni, rahbar xodimlarni tushunmayman. Axir, bu aytilgan ko’rinishlarni qo’llab-quvvatlashni anglatadi”, - deydi dinshunos.

O’shlik tadqiqotchi Erkin Abdirazaqov esa ortiqcha sarflarga, keraksiz dabdabalarga yo’l qo’ymaslik borasida hokimiyatning o’zi o’rnak bo’lishi kerak.

“Davlatning qarzi boshidan oshib turgan bir paytda, Ko’cmanchi xalqlar o’yinlarini o’tkazish uchun hukumat necha bor katta pul sarflayapti. Bunday tadbir-tashabbuslarning keti ko’rinmaydi", - deydi iqtisodchi.

Ziyolilar esa tirikchilik g’amida

Abdirazaqov nazarida, ortiqcha sarflarni jilovlash yo’lida aniq-ravshan, qat’iy tadbirlar ko’rish vaqti keldi va bu aslida mamlakat parlamenti hamda tegishli idoralar uchun mushkul ish emas, xohish-iroda bo’lsa bas.

Suhbatdoshlar fikricha, qonunlar va moliyaviy tartib-nazoratni kuchaytirmoq lozim. Axir ko’p hollarda “shuncha pul qayerdan keldi”, degan savol ko’ndalang turadi.

Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat arbobi, yozuvchi Salima Sharipova ta’kidlashicha, ma’naviyatni yuksaltirish, salbiy ko’rinishlarga nisbatan tegishli kayfiyat shakllantirishda ziyolilarning o’rni va roli beqiyos.

“Ammo bizning ziyolilar, madaniyat va san’at ahli ko’proq qorin boqish, tirikchilik bilan ovora. Yozuvchilarimiz qay bir qavm-urug’larni maqtab kitob bitib, kun ko'rishayapti. Dolzarb mavzular esa chetda qolayapti”, - deya kuyunadi madaniyat arbobi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG