Breaking News

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Myanma bo’yicha maxsus vakili bu mamlakatning Rakxayn shtatidagi voqealarni “dahshatli” deya baholamoqda. Xalqaro Amnistiya tashkiloti esa Myanma xavfsizlik kuchlarini insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi.

Avgustdan buyon 600 mingga yaqin rohinjalik musulmon Bangladeshga qochgan. AQSh sobiq Birmadagi ahvolni etnik tozalash deb tan olganicha yo’q.

Musulmonlar Myanmadagi qishloqlarini yoppasiga tark etmoqda. Bangladeshda qochqinlar lagerlari gavjum. Xalqaro hamjamiyat Myanma hukumatini ta’qiblarga chek qo’ying, deya da’vat etmoqda.

BMT vakili Yangi Li so’zlariga ko’ra, vahshiyliklar odatda hukumat rasmiylarining bayonot va tanqidlari ketidan ro’y beradi.

“Afsuski, Myanmada rohinjaliklarga nisbatan munosabat o’ta salbiy. Ularni kelgindi va shuning uchun hech qanday huquqi yo’q, deyishadi. Hukumat o’nlab yillardan buyon xalqning qulog’iga shuni quyib kelmoqda”, - deydi rasmiy.

Ijtimoiy tarmoqlar rohinjaliklarga nisbatan nafrat qo’zg’atish uchun qo’llanilmoqda, deydi Li. Myanmaning BMTdagi elchisi bu xulosalardan yiroq.

“Myanmadagi voqealar o’nlab yillik ichki mojarolar, izolyatsiya va kambag’allik natijasida yuzaga kelgan muammolarni aks ettiradi. BMT hisobotida bular ko’rsatilishi kerak edi. Aksincha, undagi tavsiyalar bizning demokratiya tomon harakatimizga dog’ tushirmoqda”, - deydi elchi Tin Kyav.

“Amerika Ovozi” Xalqaro Amnistiya huquq tashkilotidan Joan Lin bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha, 600 ming rohinjalik musulmon Bangladeshga qochgani shundan dalolatki, Myanmada haqiqatan etnik tozalash ro’y bermoqda.

Tasavvur qiling, deydi Lin, AQSh poytaxtida yashovchi barcha aholi - ayollar, bolalar, erkaklar - jon saqlash uchun uy-joyini tark etsa.

Kongressdagi ayrim qonunchilar fikricha ham, AQSh Davlat departamenti Myanmadagi jinoyatlarni etnik tozalash deb tan olishi kerak. Tramp ma’muriyati hozircha jim.

“U yoki bu iborani qo’llashdan bosh tortayotganimiz yo’q. Myanmadagi vaziyatni obdon o’rganib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilamiz”, - deydi davlat kotibi muovini Patrik Merfi.

AQSh Myanma armiyasiga yordamni kesdi. Bu davlat harbiy rahbarlari AQSh homiyligidagi tadbirlarda qatnasha olmaydi. O’tmishdagi sanksiyalar ham tiklanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG