Islom Hamkorligi Tashkiloti Myanmadagi vaziyatni qoralab, hukumatni BMT yordam berishi uchun sharoit yaratishga chaqirmoqda.

Islom Hamkorligi Tashkiloti (IHT) Myanmada azobda yashayotgan musulmonlarga yordam berish zarur deya bong urmoqda. Qozog‘iston poytaxti Ostonada o'tgan sammitda a'zo davlatlarning rahbarlari Myanma, sobiq Birma, hukumatini BMTning inson huquqlari bo‘yicha maxsus monitoring guruhini mamlakatga kiritishga chaqirdi.

Mazkur sammitda O'zbekistondan Prezident Shavkat Mirziyoyev ham qatnashdi va nutq so'zladi. Unda u asosiy urg'uni islom dunyosida fan va texnologiya o‘rniga berdi. 2020-yildagi sammit O‘zbekistonda o'tsin, deya taklif qildi.

Rohinja musulmonlariga oid vaziyat Islom Hamkorlik Tashkilotining amaldagi raisi Turkiya tashabbusi bilan sammitda muhokamaga chiqarilgan. Sammitda bu mavzuda hisobot tinglangan.

Tashkilot nazarida Myanma hukumati qochqinga aylangan musulmonlarni o‘zlari yashaydigan Rakxayn shtatiga qaytishi uchun zarur sharoit yaratishni so'ragan. Jamoa ular ona vatanida o'ldirilayotgani, azoblanayoti va doimiy ravishda kamsitilishini aytadi. Musulmonlarga Myanmada fuqarolik berishni taqiqlovchi qonun bekor qilinishi kerak, deya talab qilmoqda IHT.

Bangladeshga Myanmadan yuzlab ming musulmon qochib borgan. Bu davlat xalqaro hamjamiyatdan yordam olmoqda.

Myanma musulmonlari taqdiri ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamada. Bu borada mintaqa hukumatlari o'z pozitsiyasini bildirishi lozim, degan chaqiriqlarni ko'rasiz. Rohinja ahli boshdan kechirayotgan musibatlar xalqaro sammitda e'tiborda bo'lgani ijobiy kutib olindi.

Rohinja musulmonlari himoyasi uchun namoyishlar Rossiyada kuzatildi. Bu davlatda ancha yillardan buyon ishlab kelayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev deydiki, IHT allaqachon bu borada qat’iy bir bayonot bilan chiqishi lozim edi.

“Bu ularning vazifasi, lekin suiiste’mol qilib kelishadi. Shuning uchun ham musulmonlar ularga, bu tashkilot biror masalani yechishi mumkinligiga uncha ishonmaydi. Lekin sammitda Mirziyoyev, Erdog‘an ishtirok etgani, musulmonlar himoyasiga bayonotlar qilingani baribir muhim. Afsuski, bunday vaziyatlarda musulmonlarga yordam ko'rsatish IHTda tizimli ravishda yo'lga qo'yilmagan”, - deydi u.

Musulmon davlatlaridan iborat Markaziy Osiyoda faqat Qirg‘iziston rasmiy darajada va jamoatchilik miqyosida ham Myanmadagi vaziyatga munosabatda ajralib turadi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi vaziyatdan jiddiy xavotir bildirib, rasman bayonot chiqargan bo‘lsa, diniy tashkilotlar bu insonlarga yordam ko‘rsatuvchi markaz tashkil etgan.

Rohinja musulmonlariga qarshi zo‘ravonlik to‘xtatilishi talab qilingan yirik namoyishlar, xususan, Chechenistonda kuzatildi.

Bahrom Hamroyevga ko‘ra, musulmonlarning o‘zi keskin tazyiq ostida bo‘lgan Rossiyada bunday yirik namoyishlarning o‘tishiga ruxsat berilgani bejiz emas.

“Albatta, Birmadagi zo‘ravonliklar to‘xtatilishi kerak. Ammo Rossiyadagi namoyishlarga kelsak, bu yerda birinchidan bu chiqishlar Ramzan Qodirovning islom dunyosidagi obro‘sini ko‘tarish maqsadida tashkil qilinayotgan bo‘lsa, ikkinchidan Rossiyaning o‘zidagi ichki muammolarga, Kremlda ketayotgan ziddiyatlar bilan bog‘liq. Chunki hozir Putinning ketish-ketmasligi, qolish-qolmasligi ayrim kuchlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgani ham rost. Rossiyada vaziyat juda tezlik bilan o‘zgarishi mumkin, shunday vaziyatda Putin suyanadigan kuchlardan biri - Ramzan Qodirov”, - deydi Hamroyev.

56 davlat a’zo IHTning fan va texnologiya bo‘yicha sammiti birinchi bor o‘tkazilmoqda. 10-sentabr kuni o‘z ishini yakunlagan anjumanda Mirziyoyev musulmon mamlakatlar fan va texnologiya rivoji bo‘yicha oqsayotgani, buning uchun chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi haqida nutq so‘zlagan.

Mirziyoyevga ko‘ra, ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish uchun tadqiqotlar rag‘batlantirilishi kerak. Fan va texnologiyada erishilgan yutuqlar uchun IHT doirasida mukofot ta’sis etilishi maqsadga muvofiq, deya undadi O'zbekiston rahbari.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG