BMT: Myanmada musulmonlarni qirishmoqda

  • Amerika Ovozi

Bangladeshdagi qochqinlar

BMT Inson huquqlari bo'yicha komissari Ziyod Raad al-Husaynning ogohlantirishicha, Birmada musulmon ozchilik qirg'inga uchramoqda. Jamiyatni ulardan "tozalashmoqchi", deydi BMT rasmiysi.

25-avgustdan beri Myanmadan 300 ming musulmon qo'shni Bangaldeshga qochgan. Odamlar azobda qolganini, mol-mulkiga o't qo'yilgani, qizlari zo'rlangani va erkaklar yoppasiga o'ldirilayotganini da'vo qiladi. Myanmadan kelayotgan videolar ko'p hollarda mana shunday dahshatli manzarani aks ettiradi.

"Myanma BMT tekshiruvchilariga eshikni ochmayapti", - deydi Husayn BMT Inson huquqlari kengashiga.

Xalqaro Amnistiya, huquq tashkiloti, bergan ma'lumotlarga ko'ra, Myanmadan chiqib ketishga uringan musulmonlar minalarga duch kelgan. Xavfsizlik kuchlari ularni o'ldirish uchun yo'llarni minalagan, deya bayon qiladi bu organ.

Rohinja viloyati notinch, deya u yerda maxsus operatsiyalar boshlagan hukumat vaziyat nazorat ostida va hech kimdan yordam kerak emas, deya xalqaro hamjamiyat takliflarini rad etmoqda.

O'zini Arakan Rohinja Najot Armiyasi deb nomlagan jangarilar politsiyaga hujumlar uyushtirgani ma'lum. Ular musulmonlarga nisbatan adolatsizliklarga qarshi kurashayotganini aytadi.

Jangarilar va armiya orasidagi to'qnashuvlarda 400 odam o'lgan.

BMT qochqinlarga oziq-ovqat tarqatmoqda, ularni vaqtincha boshpana bilan ta'minlamoqda.

Myanma rahbari Au San Su Chi musulmonlarga qarshi zulm haqida sukut saqlayotganlikda ayblanmoqda. Tinchlik yo'lidagi xizmatlari uchun Nobel mukofoti olgan xonim, demokratik harakat yetakchisi deydiki, Rohinja musulmonlari yuzasidan noto'g'ri axborot tarqatilmoqda. Vaziyat, uningcha, axborot vositalari yoritayotganidek yoki musulmonlar da'vo qilayotganidek dahshatli emas.

Nobel mukofotining boshqa egalari, xususan buddistlar rahnamosi Dalay Lama, Janubiy Afrika ruhoniysi Desmond Tutu va Pokistondan faol qiz Malala Yusufzoy musulmonlarni himoya qiling, deya da'vat qilmoqda.

"Human Rights Watch" xalqaro huquq tashkiloti nazarida ham Au San Su Chi musulmon aholining achchiq taqdiriga ko'z yumib, vijdonsizlik qilmoqda.

Ovozsiz, pasportsiz bu insonlar siyosatchilarning e'tiboridan yiroq, chunki ular siyosiy kuch emas, deydi sharhlovchilar. Myanma hukumati Rohinja musulmonlarini fuqaro sifatida tan olmay, ularni Bangladeshdan kelib qolib ketgan ishchilarning avlodlari deb biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG