Breaking News

Amerikalik ekspertlar: Xavfsizlik tashkilotlari hech narsaga yaramasligini isbotladi


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti - dunyodagi eng yirik xavfsizlik uyushmasi. Unga 56 davlat a’zo, jumladan Rossiya, AQSh va Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar.

Qurol-aslaha nazorati, inson huquqlari va matbuot-axborot erkinligi hamda saylovlar adolatli o’tishi uchun xizmat qilish bu tashkilotning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Shunday ekan, nega Qirg’iziston janubidagi mojaroga qarshi vaqtida chora ko’rilmadi?

Qonxo’rlik avj olganidan deyarli bir hafta o’tib ham xavfsizlik tashkiloti “tinchlikka chaqirish” bilan cheklanmoqda.

Faqat shumi deb Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga murojaat qildik.

Venadan Virgini Kulludon (Virginie Coulloudon), matbuot kotibi, quyidagicha javob berdi:

“Biz tinchlikparvar kuchlarga ega emasmiz, ya’ni mojaroni barataf etish uchun harbiy kuch safarbar eta olmaymiz. Bizning vazifamiz xavfsizlikni targ’ib qilish, tinchlikni mustahkamlash yo’lida ishlash”.

Xo’sh, unda tashkilot Qirg’izistonda barcha fuqarolarning, jumladan, o’zbeklarning xavfsizligini ta’minlash uchun nima chora taklif qilmoqda?

“Biz qator konkret takliflar bilan chiqayapmiz va ularni amalga oshirishga kirishayapmiz. Ichki ishlar va huquq-tartibot tizimini yaxshilash, chegaradagi vaziyatni o’nglash va insonparvarlik yordami yetkazish. A’zo davlatlar maslahatlashmoqda”, - deydi tashkilot vakili.

Tashabbuslarga hozirgi rais – Qozog’iston boshchilik qiladi. Bu davlatning maxsus vakili Janibek Karibjanovning bayon qilishicha, asosiy e’tibor zo’ravonlikni to’xtatish, odamlarga yordam berish va reabilitatsiyaga qaratiladi.

“Insonparvarlik yordamini BMT bilan hamkorlikda yetkazamiz”, - deydi Kulludon xonim.

"Vaziyat og’ir, mojaro ko’lami kengayishi mumkin".

Amerikaliklar nima demoqda?

Qo’shma Shtatlar, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining yetakchi a’zosi, yuqorida tilga olingan choralarni quvvatlamoqda va xalqaro hamjamiyat birgalikda harakat qilishi kerak degan fikrda.

Shon Roberts (Sean Roberts), Qirg’iziston janubida etnik hamjihatlikni targ’ib qilib, qator loyihalar yuritgan mutaxassis.

“Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ishini bilganida “endi nima qilamiz?” deb xayron bo’lib o’tirmagan bo’lar edi”, - deydi u. "Buning ustiga hozir Qirg’izistonning qo’shnisi Qozog’iston uning boshida turibdi".

“Hech kim tinchlikni ta’minlash vazifasini o’z bo’yniga olmoqchi emas. AQSh va Rossiya o’zini chetga olmoqda. Ular muhim rol o’ynaydigan tashkilotlar bo’lsa, juda sust harakat qilmoqda. Bu haqiqiy fojia. Shanxay-chi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xavfsizlik eng muhimi deb bong uradi, ular qayerda qoldi”? - deya so’raydi Shon Roberts.

“Amerika - inson qadriyatlari, huquq va erkinlik haqida jar soladigan davlat, Qirg’iziston aprel oyidan beri notinch ekanini yaxshi biladi. Bakiyev ketib, uning o’rnini egallagan odamlarni qo’llab, “sizga demokratik jamiyat bo’lishingiz uchun yordam beramiz” deb kelayotgan edi. Beg’araz yordam o’z yo’liga, ammo zo’ravonlikni zudlik bilan to’xtatish uchun nahotki effektiv chora bilan chiqish mumkin emas? AQSh bunda xalqaro hamjamiyatga yetakchilik qilishi mumkin axir”, - deya afsuslanadi ekspert.

Muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva "xunrezliklar boshlanishi bilanoq AQShdan harbiy yordam so’ragan, ammo “yo’q” degan javob olgan", - deydi yana bir ko’zga ko’ringan tahlilchi Stiv Levin (Steve LeVine).

Uning fikricha, AQSh harbiy chora ko’rishni Rossiyaga qo’yib bermoqda.

Amerika, deydi u, 1990-2000 yillarda Markaziy Osiyoda faol siyosat olib borgan va o’zini bu mintaqa himoyachisi qilib ko’rsatgan. Rasmiylar buni tan olmasligi mumkin, lekin Rossiya bilan qattiq raqobat ketgan.

O’tgan 10 yil ichida Vashington o’z strategiyasini ancha o’zgartirdi. Yondashuv bugun ancha tor. Muayyan manfaatlar yo’lida, xususan Afg’onistondagi harbiy harakatlar samara berishi uchun mintaqa bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Lekin bu yerdagi xalqlar boshiga bugungidek balolar kelganida, uni hal etishni dunyoning o’sha qismida hukmron kuchlarga, Rossiya singari qudratli davlat yoki uning atrofida birlashgan tashkilotlardan kutmoqda.

“Amerika hukumati va xalqi Qirg’izistondagi qonli voqealarga loqayd emas”, - deydi Stiv Levin.

Obama ma’muriyati gumanitar yordamni oshirib, Qirg’iziston faqat “Manas” bazasi uchungina muhim emasligini isbotlashga urinmoqda.

Vashington, tahlilchi ta’biricha, mojaro va o’zbeklarga qarshi jinoyatlar ortida kim turganini tekshirish, javobgarlarni topish va talofat ko’lamini aniqlash ishlariga bosh-qosh bo’lishi lozim.

"Bu bizning insoniy, siyosiy bir burchimiz”, - deydi u.

Oddiy amerikaliklar Qirg’iziston yoki Markaziy Osiyo haqida ko’p tasavvurga ega emas, ammo hozir u yerda qanday dahshatli voqealar bo’layotganini ko’rib, eshitib, joni achiyotgani, ozgina bo’lsada yordam berish haqida o’ylayotganiga guvohmiz.

“Odamlar bu yerda o’z yog’iga qovurilib yotibdi. AQShning butun diqqati hozir Meksika bo’g’ozidagi neft halokatida. Millionlab litr qoramoy butun atrof-muhit va xalq hayotiga raxna solmoqda. Lekin O’sh va Jalolobodda qancha-qancha begunoh insonlar etnik nafrat qurboni bo’lganini eshitib, amerikaliklarning ham eti jimirlab, ko’ziga yosh kelib o’tiribdi desam adashmagan bo’laman”, - deydi Stiv Levin.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG