Breaking News

Islom Karimovning so'nggi takliflari nimadan dalolat beradi?


O'zbekiston rahbari demokratik islohotlar va konstitutsion o'zgarishlarga chaqirmoqda. Lekin ziyolilar orasida bunga ishonch past. Islom Karimov kelajak uchun zamin hozirlayotgani rost, deydi ular.
O'zbekiston rahbari demokratik islohotlar va konstitutsion o'zgarishlarga chaqirmoqda. Lekin ziyolilar orasida bunga ishonch past. Islom Karimov kelajak uchun zamin hozirlayotgani rost, deydi ular.


O’zbekiston rahbari Islom Karimov 12 noyabr kuni Oliy Majlisning qo’shma yig’inida gapirib, demokratik islohotlarga, konstitutsion o’zgarishlarga chaqirdi.

Prezident fuqaro huquqlari, jumladan, so’z va matbuot erkinligi hamda xususiy mulk haqida so’zladi.

Xalq orasida siyosiy faollikni oshirish; partiyalar rolini kengaytirish va ko’p-partiyaviylik; ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish va ular ustidan davlat idoralari nazoratini pasaytirish; sud-huquq tizimi islohotlarini davom ettirish; oshkoralik va mas’uliyat haqida to’xtaldi.

Oliy Majlis
Oliy Majlis

Karimov parlamentga ko’proq vakolat berishni, xususan bosh vazirni qonunchilik palatasida eng ko’p o’rin olgan partiya yoki teng miqdorda ovoz olgan bir necha partiya ko’rsatishini taklif qilmoqda.

Qonunchilik Palatasi va Senatning uchdan-ikki qismi ishonchsizlik bildirsa, bosh vazir ishdan olinadi. Bu bilan butun vazirlar mahkamasi iste’foga chiqadi.

Islom Karimov kiritayotgan yana bir taklif shuki, prezident turli sabablar bilan o’z vazifasini bajara olmagan taqdirda uning vakolatlari vaqtincha Senat raisiga o’tadi. Uch oy ichida esa yangi prezident saylanishi kerak. Bu bilan Karimov konstitutsiyaning 96-moddasini o’zgartiring demoqda.

Oliy Majlisning qo'shma sessiyasi, Toshkent, 12 noyabr 2010
Oliy Majlisning qo'shma sessiyasi, Toshkent, 12 noyabr 2010

Aytish joiz, prezident lavozimidan ketgach, hayotining oxirigacha Senat a’zosi bo’lib qoladi. 2006 yildan beri Senatga Xorazm viloyatidan Ilgizar Sobirov rais. Konstitutsiyaga binoan rais uchun Senat a’zolari ovoz beradi, lekin nomzodni prezident tavsiya qiladi.

Jamoatchilik orasida prezidentning bu nutqiga nisbatan fikrlar turlicha.

Ayrimlar och qornim tinch qulog’im, Karimov nima desa shu-da deya javob qiladi.

Boshqalar esa siyosat haqida o’ylashga fursat bormi, dardim tirikchilikda deydi.

Toshkentdan ism-sharifi ayon etilmasligini so’ragan ziyolilarning aytishicha, milliy televideniye, radio va matbuot chaynashi uchun kelasi saylovgacha yaxshi bir mavzu topildi.

“Prezidentning har bir gapini ro’kach qilib jonimizni olishadi”, - deydi bir oliygoh o’qituvchisi.

Prezident Karimov fikricha davlat rahbari o'z vazifasi o'tay olmay qolgan taqdirda uning vakolatlari Senat raisiga topshirilishi kerak
Prezident Karimov fikricha davlat rahbari o'z vazifasi o'tay olmay qolgan taqdirda uning vakolatlari Senat raisiga topshirilishi kerak

Suhrob Ismoilov, Ekspert Ishchi Guruhi deb nomlangan tahlil markazi rahbari fikricha, prezidentning so’nggi takliflari bir qarashda olamshumul yangilikdek, lekin katta o’zgarishlar kutishga asos yo’q.

“Chunki bu takliflarning to’liq ro’yobga chiqishi va hayotda ish berishi uchun konstitutsiyaning boshqa o’zgarmasdan qoladigan moddalari baribir ta’sir qilaveradi. Masalan parlament bosh vazir nomzodini ko’rsatadigan bo’lsa ham, uni ko’rib chiqib, yana parlamentning o’ziga taqdim etish prezident vakolatida qolaveradi”.

Nomzodni tasdiqlash uchun Oliy Majlis a’zolarining yarmidan ko’pi ijobiy ovoz berishi kerak. Vazirlar Mahkamasi tarkibi bosh vazir taqdimiga binoan prezident tomonidan tasdiqlanadi.

Davlat rahbarining bu takliflari ortida bir necha sabablar bor, deya tahlil qiladi Suhrob Ismoilov.

“Prezident so’zida, bundan keyin mushtumzo’rlik bilan davlatni boshqarib bo’lmaydi degan gapni qistirib o’tdi. Bizda mana shu narsa qiziqish uyg’otdi. Chunki keyingi paytlarda nafaqat aholi balki quyi va o’rta pog’onadagi mansabdor shaxslar orasida ham ba’zida bosh vazir (Shavkat Mirziyoyev) yuritayotgan siyosatga nisbatan norozilik tug’ilayotgan edi. Balki shu gaplar prezidentga ham yetib kelgandir”, - deydi ekspert.

“Yana bir sababi, biz o’ylaymizki, vorislik bo’yicha, ya’ni oliy hokimiyatni keyingi bir boshqaruvchiga qoldirish yuzasidan amalga oshirilayotgan rejaning bir qismi. Bu boyagi birinchi sababni inkor etmaydi. Ikkala sabab bir-biriga qarshi emas. Uchinchi sababi, qo’shnimiz Qirg’izistondagi parokandaliklardan keyin balki liberalizatsiya, siyosiy yengillashtirish tusini berish uchun amalga oshirilayotgan harakat bo’lishi mumkin”.

Ilgizar Sobirov, Senat raisi
Ilgizar Sobirov, Senat raisi

Bu sabablarning hammasi, deydi Suhrob Ismoilov, 2006 yildan beri davom etayotgan tendensiyaning davomi. Xususan partiyalar rolini oshirish va kelasi saylovgacha ularni yagona siyosiy kuchga aylantirish. Maqsad bu partiyalar bilan raqobat qilishi mumkin bo’lgan fuqaro tashabbus guruhlari, jamoat tashkilotlari va harakatlari uchun imkoniyat bermaslik, ya’ni O’zbekiston siyosiy maydonida faqat hukumatga moyil partiyalarga joy bor.

Bu takliflar respublika siyosiy elitasining manfaatlariga mos, deydi tahlilchi Suhrob Ismoilov.

“Qanaqa o’zgarishlar bo’lsa ham hammasi tepada tasdiqlangan dastur va rejaga mos holatda, asta sekinlik bilan, qadamma-qadam, ehtiyotkorlik bilan bo’ladi. Hatto hozir siyosiy partiyalar orasida qizdirilayotgan bir kurash - siyosiy o’yin ham judayam ehtiyotkorlik bilan boshqarilayotgan jarayondir”.

O’zgartirishlar qilinsa ham, parlament o’z so’zini o’tkaza oladigan kuchli organga aylanishi uchun hali ancha bor, deydi Suhrob Ismoilov.

Islom Karimovning o’rnini bosa oladigan odam bormi degan savolga javob olish oson emas. Hammaning o’z taxmini bor. Prezident bu haqda anchadan beri o’ylanib kelayotgani tayin, deydi ekspert.

Diloram Toshmuxamedova, Qonunchilik Palatasi spikeri
Diloram Toshmuxamedova, Qonunchilik Palatasi spikeri

“Davlat boshlig’i, u haqda nimalar deyishmasin, uzoqni o’ylaydigan, o’z ishiga puxta odam ekanini unutmaslik kerak. Bu harakatlar faqat shu sabab bilan cheklanmaydi. Takliflar bir paytning o’zida boya sanab o’tgan bir necha manfaatlar yo’lida xizmat qilayapti”,- deydi Suhrob Ismoilov.

“Qirg’izistondagi voqealar hisobga olingan, ya’ni u yerdagi kabi siyosiy parokandaliklarning oldini olish. Jamiyatga siyosiy ochiqlik va erkinliklarni salgina bo’lsa ham hadya qilib, vaziyatni sal yumshatish mumkin. Bosh vazirga signal jo’natib qo’yish mumkin, odamlardan kelayotgan noroziliklar tufayli”.

Huquq faoli Abdujalil Boymatov siyosiy bosim ostida O’zbekistondan chiqib ketgan va hozirda Irlandiyada yashaydi. Uning fikricha Islom Karimovning Oliy Majlisda aytgan gaplari odamlarning diqqatini tortgan bo’lsa ajabmas.

“Ayniqsa dunyo demokratik jamoatchiligi va O’zbekiston aholisi uchun juda jozibali gaplar. Lekin bu jozibali narsalarni 20 yildan beri gapirib keladi. O’zbekistonda shuncha “demokratik va iqtisodiy islohotlar” o’tkazilgani bilan mamlakat doim dunyoning 10 eng repressiv tuzumlari qatorida”.

Abdujalil Boymatov shu tariqa Islom Karimovning takliflari xalq hayotini osonlashtirishiga ishonmaydi. Qaniydi, deydi u, rahbariyat haqiqatda biror o’zgarish qilsa.

“Dunyoda eng ko’p qadrlanadigan narsa bu erkinlik, inson erkinligi. Masalan ommaviy axborot vositalariga erkinlik berilsa, bu O’zbekiston uchun nihoyatda katta bir o’zgarish bo’lar edi. Juda bo’lmaganda, jurnalistlarni ta’qib qilishni to’xtatsa, bu Karimov tomonidan oshkoralik yo’lida qilingan harakat bo’lar edi”,- deydi Boymatov.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev
Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev

“O’zbekistonda jamiki axborot vositalari hukumat nazorati ostida. Shuning uchun mamlakatda so’z va matbuot erkinligi haqida gap bo’lishi mumkin emas. Bu kulgili narsa. Qamoqdagi huquq himoyachilari, jurnalistlar ozodlikka chiqarilsa. Erkinlik uchun kurashgan odamlarning hammasini qamoqqa tashlagan – Yusuf Juma, Mamatali Mahmudov, Murod Jo’rayev… Ularning soni juda ko’p. Ular qamoqdan chiqarilsa, biz mana o’zgarish bo’ldi deb o’ylardik. Tojikiston, Qirg’iziston va boshqa qo’shni davlatlarga vizalar bekor qilinsa. Muxolif partiyalar, huquq tashkilotlari ro’yxatga olinsa, tazyiqlar to’xtasa, katta o’zgarishlarga olib kelar edi”,- deydi muhojir.

Faol turmalardagi qiynoqlarni ham tilga oladi. Qiynoqlar, deya so’raydi u, o’rta asrlarga xos narsa emasmi?

Islom Karimov deydiki, O'zbekistonda demokratik jamiyat qurish uchun barcha sharoit muhayyo
Islom Karimov deydiki, O'zbekistonda demokratik jamiyat qurish uchun barcha sharoit muhayyo

Abdujalil Boymatov faqat hukumatni emas, ommani ham tanqid qiladi. Tashqaridan qaraganda O’zbekiston ham siyosat, ham mentalitet bobida qoloq jamiyat sifatida ko’rinadi, deydi u.

“O’zbekiston rahbariyatida ham, xalqida ham erkinlik degan tushuncha yo’q-da. Butun dunyoda hamma erkinlik uchun kurashadi. Jamiyat qanchalik erkin bo’lsa, oshkoralik ta’minlanadi. Korrupsiya va poraxo’rlikka qarshi kurash shunchalik osonlashadi, ular shunchalik kamayadi”.

Abdujalil Boymatov Oliy Majlisda a’zolari o’tirgan siyosiy partiyalarni davlat rahbari tizginidagi “qo’g’irchoqlar” deb ataydi.

Muhojir nazarida O’zbekiston rahbari demokratik islohotlar haqida gapirib, xalqaro hamjamiyat tanqidini yengmoqchi.

“O’zbekistonning imidjini ko’tarish uchun. Bu birinchi sababi deb o’ylayman. Ikkinchidan, Karimovning yoshi o’tib qoldi. O’zidan keyin kimnidir qoldirmoqchi. Bu borada o’ylanayapti. Tashqi dunyo bu borada qiziqayapti. Karimov javob berishga majbur bo’layapti”,- deydi u.

Abdujalil Boymatov singari o’zbek muhojirlar va xorijda yashaydigan faollar xalqaro hamjamiyat e’tiborini bolalarni paxta dalalarida majburiy ishlatish, siyosiy mahbuslar taqdiri va boshqa masalalarga qaratishga urinmoqda.

Ayni damda Amerikada doktoranturada o’qiyotgan, siyosatshunoslik sohasida Vayoming Universitetida (Wyoming University) izlanayotgan yosh olim Ahad Abdurahmonov ta’biricha, Islom Karimov hali-beri hokimiyatdan ketmaydi. U yurtboshi sifatida oxirigacha turadi, deya fikrlaydi bu o’zbekistonlik.

O'zbekistonda xalq va hukumat bir-biridan juda uzoq, deydi sharhlovchilar. Davlat rahbari nima desa, shu-da degan qarash keng tarqalgan.
O'zbekistonda xalq va hukumat bir-biridan juda uzoq, deydi sharhlovchilar. Davlat rahbari nima desa, shu-da degan qarash keng tarqalgan.

“Har qanday tartibli mamlakat rejim almashishi uchun tayyorgarlik ko’rib borishi kerak. Bu demokratik davlat bo’ladimi yoki avtoritar, hamma joyda kuzatiladi. Bu praktika hamma yerda bor. Shunga asoslanib, hozirgi jarayonlar va nutqqa nazar tashlaydigan bo’lsak, uchta asosiy narsani ko’ramiz”,- deydi tadqiqotchi.

“Birinchisi, matbuotni erkinlashtirish. Ikkinchisi, davlat boshqaruv strukturasini isloh qilish va parlament vakolatlarini kengaytirish. Uchinchisi, xususiy mulkni himoya qilish”.

Bu harakatlar, deydi Ahad Abdurahmon, davlat rahbari o’zgarganida elita orasida ziddiyatlar vujudga kelmasligi uchun qilinmoqda.

“Ikkinchi prezident bo’ladigan bo’lsa va unda ham xuddi birinchi prezidentdagi singari vakolatlar bo’lsa, bu hamma orzu qiladigan taxt ekan, hokimiyat uchun kurash juda jiddiy bo’lishi aniq”, - deydi u.

Odamlarning siyosatga vaqti yo'q, tirikchilik eng dolzarb masala
Odamlarning siyosatga vaqti yo'q, tirikchilik eng dolzarb masala

“Parlamentga ko'proq vakolat, elitaga davlat qarorlariga ta’sir qilish uchun ko’proq imkoniyat berilsa, ular eng yuqori mansabga u qadar ham qattiq intilmasligi mumkin. Chunki ularga davlat rahbariga ta’sir qilish uchun yetarli mexanizmlar berilsa, ular davlat tepasida kim o’tirishidan u qadar qo’rqmaydi”.

Demokratik tuzumni xalq quradi, u xalq uchun xizmat qiladi va xalq tomonidan boshqariladi. Qadim greklar davridayoq demokratiya mana shunday ta’riflangan.

Ahad Abdurahmonov deydiki, O’zbekistonda hukumat xalq uchun xizmat qilishiga hali ancha bor. Davlat xazinasini xalqdan olingan soliq emas, asosan qazilma boyliklari va paxtadan tushgan daromad to’ldiradi. G’arbda soliq to’lovchi katta siyosiy kuchga ega. O’zbekistonda hali boshqaruv va fuqarolar orasida bunday munosabat, madaniyat yoki ogohlik tushunchasi shakllanmagan, deydi tadqiqotchi. Masalan Rossiyada ham shunday, hukumat xalqqa tobe emas.

“Bunday mamlakatlarda xalqning hukumatga ta’sir qilish qobiliyati kamroq bo’ladi. Men agar katta miqdorda soliq to’lab, davlat strukturasida ishlaydigan odamning oyligi men to’lagan soliqdan kelayotganini bilsam, shuni anglab yetsam, unda men davlat ishlariga, siyosatga ko’proq aralashaman. Hukumatni ko’proq so’roq qilaman”,- deydi tadqiqotchi.

Toshkent ko'chalarida
Toshkent ko'chalarida

Davlatchilikni mustahkamlash, qonunni tushuna bilish va unga bo’ysunishni o’rganish – uzoq murakkab bir jarayon.

Ahad Abdurahmonov jamoatchilikni kengroq fikrlashga undaydi. Yangi shakllanayotgan davlatlarda birinchi rahbar uzoq vaqt lavozimda o’tirganiga jahon tarixi ko’p marta guvoh bo’lgan, ayniqsa sharq mamlakatlarida.

Lekin hokimiyat hech kim uchun abadiy emas. Rahbarlar buni yaxshi biladi. Ulardan keyin siyosiy beqarorlik yuzaga kelmasligi uchun, deydi Ahad Abdurahmonov, tizimni o’zgartirish, ko’p hollarda parlamentga ko’proq vakolat berish kuzatiladi.

Suhbatdoshlarimizning hammasi bir narsada hamfikr: ulkan o’zgarishlar kichik qadamlardan boshlanadi. O’zbekistonda yaqin kelajakda katta yangilik kutmang. Prezidentni gaplari emas, harakatlariga qarab baholang. Lekin umidni ham boy bermang.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG