AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning ta’kidlashicha, Qo’shma Shtatlar Isroilni boykot qilishga, uning kompaniyalariga sarmoya qilmaslikka undayotgan harakatni antisemit deb hisoblaydi.
Quddusda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu qatorida so’zlar ekan, Pompeo ushbu harakatni qo’llab-quvvatlovchi tashkilotlarni aniqlash va ularning hukumatdan mablag’ olishini to’xtatish uchun zudlik bilan chora ko’rilishini aytdi.
“Boykot, divestitsiya va sanksiyalar” yoki ingliz tilida BDS (Boycott, Divestment and Sanctions) harakati Isroil okkupatsiyasiga qarshi nozorilik aksiyasi deya tasvirlanadi. Tashkilotchilarga ko’ra, buning antisemitizmga aloqasi yo’q. Isroil esa BDS harakati uni yo’q qilishga urinayotganini da’vo qiladi.
Netanyaxu va Pompeo Tramp ma’muriyati davrida qilingan qarorlar, jumladan, Quddusning Isroil poytaxti sifatida tan olingani, AQSh elchixonasi bu shaharga ko’chirilishi va Iordan daryosining g’arbiy sohilidagi yahudiy mahallalar AQSh tomonidan qonuniy deb ko’rilayotgani yuzasidan bir-birini tabrikladi.
Ushbu qarorlar AQShning avvalgi yillardagi siyosatiga ziddir. Pompeo, shuningdek, yahudiy aholi punktiga tashrif buyurgan birinchi davlat kotibi bo’ldi.
Falastin rahbariyati Pompeoning tashrifini provokatsiya deya qoralamoqda. "Uning Isroil bosib olgan joylarga tashrif buyurishi okkupatsiyada faol qatnashish demakdir", - deydi Falastin rahbari so'zlovchisi Nabil Rudayna.
Dunyoning aksar davlatlari yahudiy mahallalarni xalqaro qonunlarga zid hamda Falastin bilan tinchlik kelishuviga erishish yo’lidagi to’siq deb biladi.
Mayk Pompeo G’o'lan tepaliklarida ham bo’ldi. Isroil bu hududni 1967-yildagi urush natijasida Suriyadan tortib olgan. Suriya hukumati ham Pompeoning xatti-harakatlarini "provokatsiya" deya BMTga arz qilgan.
“Bu hududning Isroil yeri deb tan olinishi ham Prezident Trampning qarori. Bu tarixiy ahamiyatga ega va shunchalik reallikni tan olishdir”, - deydi AQSh bosh diplomati.
Isroil tepalikni anneksiya qilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan.
Tramp prezidentligi davrida AQSh-Isroil munosabatlari “misli ko’rilmagan darajada” yaxshilanganini aytar ekan, Netanyaxu Bahrayn, Sudan va Birlashgan Arab Amirliklari bilan aloqalarni normallashtirish kelishuvlariga ham e’tibor qaratdi.
Ushbu kelishuvlar, Pompeo nazarida, Eron singari davlatlarning mintaqada ta’siri susayib va yakkalananib borayotganini ko’rsatadi. Bahrayn va Isroil elchixonalar ochish, onlayn vizalarni ishga tushirish va parvozlarni yo’lga qo’yishini bildirmoqda.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Yevropa va Yaqin Sharq bo’ylab safarda.
Facebook Forum