Breaking News

AQShda respublikachilar qurultoyi yakunlandi


Ivanka Trump
Ivanka Trump

AQShda Respublikachilar partiyasining to’rt kunlik saylovoldi qurultoyi yakunlandi. Tadbirning so’nggi kunida Prezident Donald Tramp partiya nomzodligini qabul qilib, delagatlarga murojaat qildi.

Xalqaro hayot – 28-avgust, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:11 0:00

“Bu saylovdan keyin yo “Amerika orzusi”ni asrab qolamiz yo sotsialistik rejalar muqaddas taqdirimizni barbod qiladi”, - dedi Tramp.

Partiya syezdida Trampning har bir farzandi ma’ruza qilishga ulgurdi.

“Vashington Donald Trampni o’zgartira olmadi. Donald Tramp Vashingtonni o’zgartirdi”, - dedi prezidentning qizi Ivanka.

Mamlakat ijtimoiy beqarorlik va ko’cha zo’ravonliklariga yuz tutarkan, Tramp qonun va tartib haqida gapirdi, raqib nomzod Jo Baydenni Demokratik partiya ichidagi ultra so’l qanot kuchlar nazoratiga tushgan “Troyan oti” deb atadi.

“Jo Bayden zaif. U o’z shaharlarini barbod qilib, vayronalardan o’zini olib qochayotgan ikkiyuzlamachi siyosatchilar buyrug’iga bo’ysunadi”, - dedi Tramp.

Respublikachilar qurultoyida ham, demokratlar qurultoyida ham so’zga chiqqan delegatlar o’z nomzodini ko’klarga ko’tarib, raqib tomonni badnom qilishga harakat qildi. Tahlilchilar bunday strategiyani tanqid qilarkan, aniq rejalar haqida yetarlicha gap ketmaganiga ishora qiladi.

“Ayniqsa respublikachilar qurultoyida prezident nima ishlar qilmoqchi bo’lgani haqida aniq ma’lumot ololmadik. Iqtisodiyotni jonlantirish haqida umumiy gaplar, va’dalar bo’ldi, ammo tafsilotlarini eshitmadik, pandemiyani qanday yengishi haqida ham bila olmadik”, - deydi Chikago universiteti professori Uilyam Xovel.

So’rovlarda qatnashgan amerikaliklarning uchdan biri Trampning pandemiyaga qarshi siyosatini yoqlaydi. Tramp, asosan, niqobsiz va bir-biriga yaqin o’tirgan 1500 delegat oldida nutq so’zladi. Aksariyati koronavirusga test topshirmagan.

Tramp qurultoy an’analariga zid holda ayrim tadbirlarni Oq uyda o’tkazdi. Ba’zilar buni etikaga qarshi deb tanqid qildi.

Syezdda, asosan, Tramp tarafdorlari so’zga chiqdi, unga kam ovoz berayotgan toifa – ayollar va ozchilikdagi guruhlardan ham vakillar bo’ldi. Masalan, qoradori bilan bog’liq jinoyatlar uchun umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan va o’tgan yili Tramp avf etgan qora tanli Alis Jonson hamda so’nggi namoyishlar paytida otib o’ldirilgan qora tanli politsiyachining bevasi Ann Dorn.

“Alis Jonsonga muruvvat ko’rsatildi. Jinoiy adliya tizimi islohotlari haqida gap ketdi. Ann Dornning nutqi juda ta’sirli bo’ldi. U Trampning qonun va tartib haqidagi ma’ruzasini oddiy qilib, hissiyot qo’shib saylovchilarga, asosan, qishloq saylovchilariga yetkazdi”, - deydi respublikachi strateg Amanda Iovino.

Trampning syezddagi ma’ruzasi paytida Oq uy tashqarisida norozilik namoyishi kuzatildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG