Breaking News

Demokratik partiya yulduzlari: Tramp AQShga xavf solmoqda


Demokratlar qurultoyi virtual o'tmoqda, kelasi hafta Respublikachilar partiyasi ham saylovoldi yig'inini shu tarzda o'tkazadi
Demokratlar qurultoyi virtual o'tmoqda, kelasi hafta Respublikachilar partiyasi ham saylovoldi yig'inini shu tarzda o'tkazadi

AQShda Demokratik partiya qurultoyning uchinchi kunida so'zlagan sobiq prezident Barak Obama, 2016-yilgi saylovda Oq uyni Donald Trampga boy bergan Hillari Klinton va vitse-prezidentlikka partiyadoshlari tomonidan nomzod sifatida rasman tasdiqlangan Kamala Harris amerikaliklarni yangi rahbar saylashga undadi, Jo Baydenni.

Ularning murojaati: Amerika xalqining hayoti va demokratik tizim xavf ostida. Obama va Klinton o'z ma'ruzalarida Prezident Trampni davlatni tobora jar tomon yetaklayotgan, o'zboshimcha, xalq manfaatini tushunmaydigan, fuqaro dardiga befarq, AQShning global nufuziga tinimsiz zarar yetkazib, ittifoqchi va hamkorlardan uzoqlashtirgan rahbar sifatida tasvirladi.

Amerikada ilk bor qora tanli fuqaro vitse-prezidentlik uchun ko'rsatildi.

"Nomzodlikni sharaf, faxr, ishonch, chuqur mas'uliyat va minnatdorchilik bilan qabul qilaman", - deydi 55 yoshli Harris Demokratik partiya qurultoyida.

3-noyabrda nafaqat prezident, balki Kongress uchun hamda mahalliy kengashlar, gubernator va merlar uchun ham saylov. Shuningdek, shtatma-shtat qator masalalar yuzasidan takliflar ham ovozga qo'yiladi.

"O'zgarish uchun ovoz bering, chunki shundagina ijobiy burilishlar bo'ladi. Ovozimiz xalq foydasini ko'zlashi, millatni e'zozlashi lozim", - dedi Harris.

"Har birimiz ovoz berish borasida o'z rejamizga ega bo'lishimiz kerak".

Kaliforniyaning liberal siyosatchisi deydiki, saratondan vafot etgan onasi unga hamon ilhom beradi, sadoqat va o'ziga nisbatan ishonch nima ekanini undan o'rgangan, adolat va tenglik bobida muhojir ota-onasidan saboq olgan.

Harrisning aytishicha, Bayden olg'a surayotgan takliflar, ichki va tashqi siyosat rejasi, Amerika tizimiga nisbatan nafaqat xalq orasidagi, balki dunyodagi ishonchni tiklaydi. AQSh ochiladi, pandemiya ortda qoladi va davlatni xalqaro maydonda yana hurmat qila boshlashadi, deydi u.

Oq uy demokratlar qurultoyida yangrayotgan bu kabi chiqishlarni qoralab, ularni "liberal cho'pchaklar" deya baholamoqda. Prezident Tramp o'z tvitlarida raqibini ulug'layotgan, uni esa "zararli" deya ta'riflayotgan demokratlarga kesatiq minnatdorchilik bildirib, deydiki, bu partiya vakili davlatni boshqarishni eplay olmagani uchun ham Amerikada saylovchi 2016-yilda uni bu lavozimga saylagan.

"3-noyabrda yana shunday bo'ladi, yana menga ishonch bildirishadi", - deydi Tramp.

24-27 avgust kunlari o'tadigan respublikachilar qurultoyida konservativ partiya liderlari demokratlarga tanqidlar yog'diradi. Tadbir Shimoliy Karolina shtatining Sharlot shahridan boshqariladi, lekin nutqlar asosan virtual qilinadi.

Qurultoyda respublikachilar prezidentlikka nomzod sifatida Donald Trampni, vitse-prezidentlikka nomzod sifatida Mayk Pensni rasman tasdiqlaydi.

Sobiq prezident Barak Obama Amerika inqilobi muzeyidan turib so'zladi, Filadelfiya, 18-avgust, 2020
Sobiq prezident Barak Obama Amerika inqilobi muzeyidan turib so'zladi, Filadelfiya, 18-avgust, 2020

Demokratlar Baydenni rasman nomzod deya e'lon qilar ekan, Tramp bu qarorni "chorasiz yo'l" deya atadi. Uningcha, partiya sobiq vitse-prezident va uzoq yillar senatorlik qilgan, Vashingtonda nimaga qodirligini allaqachon ko'rsatib bo'lgan odamni tanlab, xato qildi. Partiyadan boshqa hech kim chiqmaydi, deya kuladi Tramp.

Bayden esa aynan tajribasi va malakasi sabab ham Trampdan ustun ekanini aytib keladi. U o'zini siyosatda pishgan, qonun va qaror nima ekanini izchil tushunadigan, dunyo ishlaridan xabardor va samarali boshqaruvda ham charxlangan arbob deya targ'ib qilmoqda.

Sobiq davlat kotibi, sobiq senator, prezidentlikka sobiq nomzod Hillari Klinton
Sobiq davlat kotibi, sobiq senator, prezidentlikka sobiq nomzod Hillari Klinton

Ommaviy so'rovlarda amerikaliklar 77 yoshli Bayden va 74 yoshli Tramp bugungi Amerikani aks ettirmasligiga ham urg'u beradi. Reytinglarda Bayden oldinda, biroq har ikkisini ham ma'qul ko'rmaydigan saylovchilar salmoqli sonni tashkil etadi. Tahlilchilarga ko'ra, bu - muhim omil.

"Amerika demokratiyasi Trampga yana to'rt yil dosh bera olmaydi", - deydi Obama.

"Fuqaro o'z mas'uliyatini his qilgan holda, demokratik huquqini ishga solib, ovoz berishi va berganda ham demokratlarni tanlashi kerak. Aks holda, demokratiyamiz tahdid ostida", - dedi sobiq prezident qurultoydagi murojaatida.

Uning fikricha, Tramp prezidentlikni eplolmadi, "chunki bunga qodir emas".

Saylovchilarga ko'ra, hozirgi asosiy masala - pandemiyadan chiqish va boy bergan daromadni tiklash. Demokratlar buni tushunishini aytib, Bayden dasturi mamlakatni hozirgi inqirozdan bosqichma-bosqich olib chiqadi, deydi.

Vitse-prezidentlikka kim ko'rsatilgani, tarixan, saylov natijasiga uncha ta'sir qilmaydi. Ammo Bayden ayol, qora tanli va osiyolik muhojirlar farzandi, qonun va huquqni yaxshi biladigan, Kaliforniyadek ilg'or shtatdan chiqqan g'ayratli insonni o'rinbosar sifatida tanlagani saylovchi qarorida muhim ahamiyat kasb etadi, degan umidda.

Prezident Tramp qayta saylanishiga ishonishini aytadi
Prezident Tramp qayta saylanishiga ishonishini aytadi

Harris deydiki, Amerikaning bugungi og'ir ahvoli Trampning aybi. Vashington bu prezident sabab mashmasha ichida va xavfli qadamlar tashlash bilan band, deydi u.

"Biz bundan yaxshiroq davlatda yashashga, bundan tuzukroq rahbarga arziymiz. Shunday prezident saylashimiz kerakki, u vaziyatni har tomonlama ijobiy tomonga yetaklasin. Qora, oq, latino, osiyolik, tub aholi - xalqimizni to'g'ri yo'lga boshlasin. Kelajakni birga quraylik".

Klinton o'z murojaatida 2016-yildagi mag'lubiyatini yodga olib, yurtdoshlari bugungi muammolar va tahdidni yaxshi tushunib turganini aytadi.

"To'rt yildirki, odamlar menga aytib kelmoqda: "Men bu odamning qanchalik xavfli ekanini tushunmagan ekanman". Yana boshqasi deydi: "Qaniydi, orqaga qaytib, ovozimni o'zgartirsam". Yana kimdir "Attang, saylovga chiqib, ovoz berishim kerak edi", deydi. Bu saylovda bunday afsuslarga o'rin yo'q. Ovoz bering va yangi odamni saylang", - deya undamoqda Klinton.

Obama, shubhasiz, demokratlarning eng yorqin yulduzi bo'lib qolmoqda. Qurultoy qatnashchilari uni kuchli hayajon bilan kutib oldi. Sobiq prezident Filadelfiya shahridagi Amerika inqilobi tarixi muzeyidan turib so'zladi.

"Men Oq uyda har ikki nomzod bilan o'tirganman", - dedi Obama.

"Mendan keyingi prezident mening siyosatim yoki boshlagan ishlarimni davom ettiradi deb, tabiiyki, kutmagan edim. Biroq davlatimiz manfaati uchun Donald Tramp prezidentlikka jiddiy qarab, lavozim yuki va mas'uliyatini his etib, demokratik tizimni asrab-avaylagan holda qadam tashlaydi, deb umid qilgan edim. Axir biz unga davlat boshqaruvini topshirdik", - deydi Obama.

19-avgust kuni qurultoyda Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi, prezidentlik uchun harakat qilib, marraga yeta olmagan senator Elizabet Vorren va boshqa arboblar ham so'zladi.

17-18 avgust kunlari ham minbarga demokratlarning ko'zga ko'ringan arboblari chiqib, Tramp davri tugashi kerak, deya ketma-ket bong urdi.

Tramp esa ularga "mag'lub taraf" deb qaraydi. Amaldagi rahbar qayta saylanishiga ishonadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG