Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 18-kun


Lvov oblastidagi Yavorov harbiy poligoni Rossiya Harbiy-fazo kuchlarining raketa hujumidan keyin
Lvov oblastidagi Yavorov harbiy poligoni Rossiya Harbiy-fazo kuchlarining raketa hujumidan keyin

Rossiyaning Ukrainadagi urushining 18-kuni. Rus qo’shinlari shanba kuni Ukrainaning qator shaharlarini o’qqa tutgan, jumladan Mariupol, Nikolayev, Xarkov, Chernigovni. Azov dengizi bo’yida joylashgan Mariupol shahri tevaragidagi hududlar qo’lga kiritilgan, Ukraina qurolli kuchlari va milliy batalyonlarning katta qismi iskanjaga olinmoqda, poytaxt Kiyevni qurshovga olish harakati davom etyapti.

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 18-kun
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:34 0:00

AQSh va Yevropa davlatlari Ukrainaga qurol uzatishda davom etar va Vashington o’tgan oy ajratilgan 350 million dollarga qo’shimcha ravishda 200 million dollarlik qurol va harbiy uskuna berilishi haqida e’lon qilarkan, Moskva qurol tashiyotgan kolonnalar nishonga olinishi haqida ogohlantirdi.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kulebaning aytishicha, rus qo’shinlari egallagan Xerson shahrida 2014-yilda Qrim, Donetsk va Luganskda bo’lgani kabi referendum o’tkazish va Xersonni xalq respublikasiga aylantirish rejalanmoqda.

Bugun Rossiya qurolli kuchlari Lvov oblastida joylashgan harbiy bazaga, ukrain rasmiylariga ko’ra 30 dan ortiq qanotli raketa otib, 35 odamni o’ldirgan. Polsha chegarasidan 25 kilometr naridagi Yavorov harbiy poligonida NATO harbiy instruktorlari ukrain armiyasi bilan mashq qilgan, biroq hujum paytida xorijiy harbiylar poligon hududida bo’lganmi, yo’q, ma’lum emas.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa hujumda xorijdan olingan qurollar va 180 ga yaqin xorijiy jangari o’lganini ta’kidladi. Lvov shu kungacha harbiy harakatlardan xoli edi.

Poytaxtga qo’shni Irpin shahrida aholi rus havo hujumlaridan qochishga harakat qilmoqda.

Bugun shaharda bir amerikalik jurnalist o’lgan, yana biri yaralangan. 50 yashar Brent Reno Iroq va Afg’onistondagi urushlarni ham yoritgani aytiladi. Uning yaralangan sherigi Xuan Arredondoning aytishicha, ular urushdan qochayotgan aholini suratga tushirish uchun mashinada ketayotganida ukrain nazorat punktidan o’tishi bilan orqadan o’qqa tutilgan.

AQShda ayrim sobiq harbiylar va yoshlar Ukrainada jang qilish uchun avval Polshaga yo’l olmoqda. Urushga borishni rejalayotgan 22 yashar illinoyslik Tristan Lombardo harbiy tajribasi yo’qligiga qaramay, ruslarga qarshi jang qilishga tayyor ekanini aytadi.

"Jang qilib o’lishga tayyor bo’lsangizgina g’alaba qozonishingiz mumkin”, - deydi u.

Lombardo urush haqida yangiliklarni ko’rib Ukrainaga borishga jazm qilganini aytadi.

“Ona-onamga ko’ngillilar bilan ishlashga ketyampan dedim, jang qilmoqchi bo’lganimni bilishmaydi”, - deydi u.

Lombardo urushda o’lishini biladi va bunga tayyor ekanini aytadi.

Amerikalik sobiq harbiy, Iroq va Afg’onistondagi urushlar qatnashchisi, ayni damda Ukrainadan voqealarni yoritayotgan “Kundalik signal” vebsahifasi muharriri Nolan Petersonning Ukraina tarafida jang qilayotgan amerikalik ko’ngillining so’zlariga ishora qilib aytishicha, 200 xorijiy jangaridan 170 nafari rus raketa hujumidan so’ng jang maydonini tark etishga qaror qilgan, ba’zilar halok bo’lgan.

Prezident Zelenskiyning aytishicha, Ukraina armiyasi 1300 odam, ruslar esa 13 ming qo’shin yo’qotgan, gumanitar korridorlar orqali salkam 125 ming kishi evakuatsiya qilingan.

“Rossiya Ukrainadagi urushning 18 kunida ikki chechen urushida o’lgan askardan ko’p odam yo’qotdi; 74 ta samolyot, 86 ta vertolyotdan ayrildi. Ukraina taslim bo’lmaydi, askarlarimiz, xalqimiz taslim bo’lmaydi”, - dedi u.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qilib, uni sulhga da’vat etgan Germaniya va Fransiya rahbarlari bilan telefonda gaplashgan Zelenskiyga ko’ra, G’arb urushni tugatishga qaratilgan muzokaralarga faolroq jalb bo’lishi kerak. U Isroil Bosh vaziri Naftali Bennetning Ukraina va Rossiya o’rtasida vositachi bo’lish harakatlarini olqishlab, muzokaralarni Quddusda o’tkazishni taklif etdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG