Breaking News

Afg'oniston bo'yicha Toshkent deklaratsiyasi imzolandi


Toshkent, 27-mart, 2018
Toshkent, 27-mart, 2018

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg’oniston hukumati va toliblar o’rtasidagi tinchlik muzokarasini O’zbekistonda o’tkazishga tayyorligini bildirgan.

Afg’onistonda millionlab o’zbeklar yashashini aytgan Mirziyoyev xalqaro hamjamiyatni afg’on hukumati va muxolifat muzokaralarini bir ovozdan qo’llab-quvvatlashga chaqirgan. Toshkentdagi xalqaro konferensiyada 20 ga yaqin davlat vakillari Afg'oniston tinchlik muzokarasini yoqlab ovoz bergan, barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan Toshkent deklaratsiyasi imzolangan.

Mirziyoyev qo’shni davlatda tinchlik o’rnatilishiga doir bir nechta tashabbuslarni olg’a surgan.

Afg’on hukumati va toliblar o’rtasidagi muzokarani O’zbekistonda o’tkazishga hozirlik, muloqot tartibini ishlab chiqish, tinchlik jarayonining xalqaro hamjamiyat tomonidan qo’llab-quvvatlanishiga doir yo’l xaritasini tuzish, tomonlar o’rtasida shartsiz muzokaralar boshlanishini bir ovozdan ma'qullash, hukumat va muxolif kuchlar o’rtasidagi qurolli to’qnashuvlarni to’xtatilishi talab qilish shular jumlasidandir.

Shavkat Mirziyoyev o’z chiqishida O’zbekiston nima sababdan Afg’oniston barqarorligi bo’yicha tashabbus bilan chiqayotgani yuzasidan ham izoh bergan.

Prezidentga ko’ra, ikki davlat azaldan bitta tarixiy-madaniy hududda yashagan, Markaziy Osiyo uyg’onish davrining atoqli vakillari Afg’onistonda yashagan, faoliyat yuritgan, bugungi kunda ham Afg'onistonda millionlab o’zbeklar yashaydi, o’zbek tili uchinchi davlat tili maqomiga ega. Bugun Markaziy Osiyo xavfsizligini Afg’oniston barqarorligisiz tasavvur etib bo`lmaydi; shu ma’noda “Afg’oniston xavfsizligi - bu O’zbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo xavfsizligi va taraqqiyotining garovidir”, - dedi u.

Konferensiyada O’zbekiston va Afg’oniston prezidentlaridan tashqari AQSh, Rossiya, Xitoy, Pokiston, Hindiston, Eron, Turkiya kabi 20 ga yaqin davlatlardan bosh diplomatlar qatnashgan. Shuningdek, anjumanda Yevropa Ittifoqi Oliy komissari Federika Mogerini, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlardan vakillar ishtirok etdi.

Toshkent anjumanida AQShdan Davlat kotibi o’rinbosari Tomas Shenon qatnashgan. U avvalroq Prezident Mirziyoyev bilan alohida ushrashgan. Shenon anjumandagi chiqishida AQSh Toshkent tashabbusini qo’llab-quvvatlashi, Afg’onistonda tinchlik o’rnatilishini toliblar ishtirokisiz ta’minlash qiyinligi haqida gapirgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham o’z chiqishida Toshkent tashabbusini olqishlab, so'nggi paytda Markaziy Osiyoda Afg’onistonga nisbatan munosabat yaxlitlashayotganini ta’kidlagan.

O’zbekistonga ko'ra, konferensiyadan asosiy maqsad rasmiy Kobul va Tolibon o’rtasida shartsiz muloqotni boshlashdir.

Ammo anjumanda Tolibondan vakillar ishtirok etmagan. Harakatning Toshkent konferensiyasiga nisbatan munosabati ham hozircha mavhum.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoyev mahalliy matbuotga bergan intervyusida deydiki, Toshkent afg’on hukumati va toliblardan muvofiqlashgan munosabat kutmoqda.

“O’zbekiston, avvalo, Afg’onistonning qonuniy hukumati bilan muloqot olib boradi. Bu jarayon davom etadi, biz kutamiz. Barcha afg’on kuchlari, shu jumladan, toliblar ham markaziy hukumat bilan o’tirib, muzokaralarni boshlashadi”, - dedi Sodiq Safoyev O’zbekiston televideniyesida gapirar ekan.

Toshkent, 27-mart, 2018
Toshkent, 27-mart, 2018

Afg’oniston bo’yicha xalqaro konferensiya nafaqat rasmiylar, balki xalqaro miqyosdagi ko’plab ekspertlarni ham to’plagan.

Markaziy Osiyo va Afg’oniston bo’yicha mutaxassis, amerikalik taniqli ekspert Frederik Starr O’zbekiston tashabbusini yuqori baholayotgan xorijlik mehmonlardan biri. Ekspert mahalliy matbuotdagi intervyusida Markaziy Osiyo va Afg’oniston yaqinlashishi mintaqaning umumiy yutug’i, bu jarayonda O’zbekiston asosiy tashabbus markaziga aylanayotganini e’tirof etdi.

“Prezident Mirziyoyevning tashabbuslari bugun xalqaro miqyosdagi muhim qadamlardan biriga aylanib bormoqda. Uning janubga tomon yuzlanayotgani. Bu juda muhim. Hamma muammolarda, masalan, suv masalasini olsangiz ham, unda Afg’onistonning ishtirok etishi muhim. Yoki transport sohasini olaylik, masalan, O’zbekistonning temir yo`li Afg`oniston uchun juda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Gap shundaki, O’zbekiston Afg`onistonning iqtisodiy taraqqiyotida juda muhim rol o’ynash imkoniyatiga ega”, - dedi Starr.

O’zbekistonda Afg’oniston yuzasidan muzokaralar o‘tkazish tajribasi bor. Shunday muzokara 90-yillar oxirlarida Toshkentda “6+2” guruhi nomi ostida o’tgan. Unda toliblardan ham vakillar qatnashgan edi. O’sha uchrashuvda ham tomonlar deklaratsiya imzolagan, bu hujjat BMT Xavfsizlik Kengashiga taqdim qilingan, ammo uning natijasi amaliy harakatlar bilan kuzatilmagan edi.

Toshkent, 27-mart, 2018
Toshkent, 27-mart, 2018

Toshkent, 27-mart, 2018
Toshkent, 27-mart, 2018

Toshkent, 27-mart, 2018
Toshkent, 27-mart, 2018

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG