Breaking News

Osiyodan qaytgan Prezident Tramp Oq uyda bayonot berdi


12 kun davomida Osiyoning besh davlati va olti shahrida bo'lib qaytgan AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uydan bayonot berdi. Odatda "Twitter" orqali murojaat qiladigan va telebayonotlarni xush ko'rmaydigan Tramp Osiyo safari haqida ma'lumot berdi.

Unga ko'ra, AQSh hukumati delegatsiyasini har bir mamlakatda hurmat va ehtirom bilan kutib olishgan.

"Agar mamlakatlarga hurmat bilan muomala qilsak, hurmat ko'ramiz", - dedi u.

Tramp oldingi prezidentlar va ma'muriyatlardan ko'plab muammolar qolganini aytib, Osiyoga safari davomida ba'zilarini hal qilish ustida ishlaganini aytdi.

"Yadroviy qudrati oshgan Shimoliy Koreya, minglab amerikaliklarni ishsiz qoldirgan adolatsiz xalqaro savdo amaliyotlari, "Islomiy davlat" jangari to'dasi kabi muammolar bizga meros bo'lib qoldi", - dedi Tramp.

AQSh rahbari safari davomida Amerika xavfsizligi va manfaatlarini himoya qilganini aytdi.

"AQSh manfaatlarini o'z ichiga olgan yangi ittifoqlar va iqtisodiy sheriklik tuzamiz", - dedi Tramp.

AQSh rahbari Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Vyetnam va Filippinga safarlari haqida qisqacha to'xtalib, har biri muvaffaqiyatli kechganini, Amerikada minglab ish o'rinlarini yaratishga qaratilgan milliardlab dollarga teng shartnomalar imzolanganini, Shimoliy Koreya yadro tahdidini bartaraf etish yo'lida hamkorlikka kelishilgani, xalqaro savdo qoidalarini tartibga solishga urg'u berilganini aytib o'tdi.

12 kun ichida Tramp uchta mintaqaviy anjumanda ham qatnashib, Avstraliya, Hindiston va boshqa mamlakatlar rahbarlari bilan ham uchrashganini eslatdi.

"Mintaqa rahbarlari mendan rozi, ishimdan mamnun", - dedi Tramp. Bayonoti so'nggida prezident muxbirlar savollariga javob bermadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG