Breaking News

Bayden pandemiyadan keyin kuchli iqtisod va'da qilmoqda


Prezidentlik uchun uchinchi bor harakat qilayotgan 77 yoshli Jo Bayden 74 yoshli raqibi Prezident Donald Trampdan tamoman boshqacha rahbar bo'lishini aytmoqda

O'z shtati Delaverdan turib, Amerikaga xalqiga murojaat qilar ekan, prezidentlik uchun demokrat nomzod Jo Bayden ta'lim va ijtimoiy yordam sohasida 3 million yangi ish o'rni yaratishga va'da bermoqda.

Prezidentlik uchun uchinchi bor harakat qilayotgan 77 yoshli Bayden 74 yoshli raqibi Prezident Donald Trampdan tamoman boshqacha rahbar bo'lishini aytmoqda.

"Tramp na boshqaruvni biladi, na iqtisodni tushunadi. Mehnatkashlarga yordam bermaydigan rahbar u. Amerika ishchilari undan hech narsa kuta olmaydi", - deydi Bayden.

Bayden taklif qilayotgan rejada keksa yoshdagi amerikaliklar, shuningdek, imkoniyati cheklanganlar va ota-onalar uchun yangi imtiyoz va imkoniyatlar yaratish ko'zda tutilgan.

"Hozirgi inqiroz ham sog'liqni saqlash, ham iqtisodiyot bilan bog'liq. Ular bir-biriga bog'liq sohalar va masalalar. Xalq qanchalik harakat qilmasin, boshqaruv noqobil ekan, progress bo'lmaydi", - deydi Bayden.

"Men xalqni tushunaman, chunki sizdan chiqqanman. Bu Amerika. Biz qo'l qovushtirib turmaymiz. Biz intiluvchan xalqmiz. Faqat oldinga qadam tashaymiz va muvaffaqiyat qozonamiz".

Bayden oilaviy va tibbiy sabablar uchun yiliga uch oygacha pullik ta'til bermoqchi. Bu bilan, deydi u, ish o'rinlari saqlab qolinadi, odamlarning ishxonasiga mehri va ishonchi, ishiga esa sadoqat oshadi.

Pandemiyadan keyingi murakkab davrda mahalliy va shtat hokimiyatlariga hamda bizneslarga yordamni davom ettirish ham uning rejasining bir qismi.

"Kelajak nima bo'ladi deya xavotirda o'tirgan yurtdoshlarimga aytamanki, biz avlodlarimiz uchun yaxshiroq sharoit yaratamiz", - deydi Bayden.

"Ota-ona ishga boraymi yoki bolamga qaraymi, deya ikki o't orasida qolib ketmasligi kerak.

27 yoshidan beri siyosiy maydonda faol Bayden o'zini mehnatkash farzandi va umrini sodiq demokrat sifatida Amerika ishchi qatlami ravnaqi uchun bag'ishlaganini aytadi.

Bayden sog'liqni saqlash va ijtimoiy yordam ko'rsatish sohasida uzoq muddatni ko'zlovchi dasturi orqali tizimda doimiy ravishda yangi ish o'rinlari yaratish uchun yol ochmoqchi.

Rejaning bir qismi koronavirus oqibatlariga qarshi kurash va pandemiyalarning oldini olish borasida bo'lib, ilmiy izlaishlar va vaksina hamda dori-darmon ustidan tadqiqotlarni kengaytirishni maqsad qilgan.

Bayden, shuningdek, 3-4 yoshli bolalar uchun bepul bog'chalar ochishni va qiynalgan oilalarga bola tarbiyasi yo'lida moliyaviy ko'mak va'da qilmoqda.

Dasturda Amerika bo'ylab tarbiyachi va o'qituvchilarning maoshini oshirish haqida ham gap ketgan.

Mablag' qayerdan keladi? Baydenga ko'ra, uning iqtisodiy rejasi 775 milliard dollar zarur. U esa, deydi nomzod, ko'chmas mulk kompaniyalariga va eng boy qatlamga berilgan soliq imtiyozlarini bekor qilish evaziga keladi.

Trampga ko'ra, Baydenni soliqlarni oshirish uchun Oq uyga intilayotgan va bizneslar iqtisodning asosi ekanini tushunmaydigan siyosatchi.

Prezident uning bosh maqsadlaridan biri mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish ekanini aytadi. Bayden ham shuni va'da qilmoqda. Lekin, deydi demokrat, bu bilan xususiy sektorga haddan tashqari ko'p imtiyozlar berib yubormaslik zarur. Berilgan taqdirda ham, deydi u, foyda ishchilar maoshini oshirishini ta'minlash zarur, aks holda daromad juda tor doira manfaati uchun xizmat qilishda davom etadi.

Yaqinda Bayden iqtisodni yashillashtirish borasida ham o'z rejasini taqdim etgan edi. 2 trillion dollardan oshiq mablag' talab qiladigan dastur har bir iqtisodiy jabhani ekologik talablarga moslashtirishni va shu evaziga ham yangi ish o'rinlari yaratishni ko'zda tutadi.

Saylovoldi reytinglarida Bayden Trampdan oldinda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG