Breaking News

Tramp: Shimoliy Koreyaning kelajagi buyuk bo'lishi mumkin


Xanoy, Vyetnam, 27 fevral, 2019

Vyetnamda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashayotgan Prezident Donald Tramp deydiki, agar Pxenyan istasa, porloq kelajagini ta'minlay oladi. Yadroviy maqsadlaridan voz kechishi kerak, deydi Tramp.

Amerika prezidenti nazarida, Shimoliy Koreya bugun tinch va farovon yashayotgan Vyetnamdan saboq olishi lozim.

"Do'stim Kim Chen Un bilishi kerakki, istiqbol uning qo'lida. Ajoyib kelajak qura oladi", - deya tvit qildi Tramp bugun ertalab.

Atom qurollari emas, iqtisodiy taraqqiyot tomon harakat qilib rivojlanish murakkab yo'l, deydi prezident. Uning fikricha, Xitoy, Rossiya, Yaponiya va Janubiy Koreya bu jarayonda ulkan yordam ko'rsata oladi. Aynan shu davlatlar AQSh bilan hamkorlikda Pxenyan bilan til topishishga uringan.

27-fevral kuni AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari kechki ovqatni birga yeb, tashqi ishlar vazirlari va yaqin maslahatchilari ishtirokida norasmiy tarzda muloqotda. Rasmiy uchrashuv va muzokara esa 28-fevral kuniga rejalangan.

Tashrifga otlanar ekan, Tramp Pxenyanni yadroviy dasturidan voz kechishga ko'ndira olishiga ishonch bildirdi.

Tramp nazarida Shimoliy Koreya bu qarorni qilmasa, hech narsa o'zgarmaydi. Lekin, deydi u, bu davlat rahbari o'zi uchun va xalqi ravnaqi uchun to'g'ri yo'lni tanlashga qodir odam.

Prezidentning tasavvur qilishicha, ikki yarim kun davom etadigan muloqot Kim Chen Unni o'zgartirib, uning qarash va maqsadlarini yangilab, olamshumul yangilikka yetaklashi mumkin. AQSh bu noyob imkoniyatdan albatta foydalanib qoladi, deydi Tramp.

Hanoy, 27-fevral, 2019
Hanoy, 27-fevral, 2019

Birinchi uchrashuv o'tgan yilning iyun oyida Singapurda o'tgan edi. O'shanda Tramp Shimoliy Koreyadan endi hech qanday yadvroy xavf yo'q, deya qayd etgan edi.

Biroq hozirgacha Pxenyan atom qurollaridan Tramp aytgandek voz kechishi uchun biror konkret qadam tashlagani yo'q.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning ta'kidlashicha, progress bo'lmagani sabab ham Pxenyan hamon sanksiyalar ostida.

Pompeo deydiki, Shimoliy Koreya oldida ikki yo'l: biri hozirgisi - qashshoqlik va yakkalanish hamda yadroviy qurollar; ikkinchisi esa xalqaro maydonda hurmat va qo'shni Janubiy Koreya singari iqtisodiy jihatdan mustahkam tuzumga aylanish. AQSh unga ikkinchi yo'lni taklif qilmoqda, deydi Pompeo.

Tramp Kim Chen Unni do'st deb, u bilan muloqotdan buyuk natijalar kutayotganini aytsa, Pompeo oldinda og'ir vazifalar turibdi, deydi.

AQSh razvedkasi Pxenning harakatlariga shubha bilan qarab, Kim biror jihatdan o'zgarmoqchi emas, deya xulosa qilmoqda. Maxfiy xizmatlar to'plagan ma'lumotlar shundan darak beradiki, Shimoliy Koreya asosan e'tibor uchun intilmoqda, siyosiy burilishga tayyor emas.

AQSh razvedkasi rahbari Den Koutsning Kongressga hisobot berishicha, Shimoliy Koreya o'tgan bir yil ichida yadroviy sinovlar o'tkazgani haqida isbot-dalil yo'q. Biror, deydi u, atom qurollaridan voz kechmoqchi emasligini ham isbotlab turibdi. Bu qurollar Pxenyanning asosiy tayanchiga aylanib bo'lgan va davlat sifatida o'zini boshqacha tasavvur qila olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG