Breaking News

AQSh davlat kotibi yangilandi


Reks Tillerson (chapda) va Mayk Pompeo

AQSh Prezidenti Donald Tramp Davlat kotibi Reks Tillersonni bugun ishdan oldi. Iste’fo sabablari hozircha aniq emas. Davlat departamentiga yangi rahbar etib Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Mayk Pompeo tayinlandi, uning o’rinbosari Jina Xaspel esa tarixda ilk bor boshqarmaning ayol direktori bo’ldi.

Afrika safarida yurgan Tillerson darhol Vashingtonda qaytdi. Prezident Tramp bilan til topisha olmagan Tillersonning ishdan ketishi mumkinligi haqida o'tgan yili matbuotda xabarlar chiqqan edi.

Tramp uning iste'fosi haqida "Twitter" orqali ma'lum qilib, Tillersonga sidqidildan ko'rsatgan xizmati uchun minnatdorchilik bildirdi.

Tramp vazirlar mahkamasini yangilab, tashqi siyosatda olamshumul o'zgarishlar qilmoqchi ekanini aytmoqda.

AQSh prezidenti Shimoliy Koreya rahbariyati bilan yuzma-yuz muzokara qilmoqchi; Pokistonni terrorchilarni himoya qilayotganlikda ayblab, uni jazolamoqchi; Hindistonni yaqin ittifoqchiga aylantirmoqchi; Rossiya bilan aloqalarni yaxshilamoqchi. Bu maqsadlar zaminida, deydi u, "Amerika birinchi" siyosati turadi.

"AQSh har jihatdan o'z manfaatlarini himoya qiladi va har bir masalada o'z foydasini o'ylab ish ko'radi", - deydi Tramp.

Jina Xaspel Markaziy razvedka boshqarmasiga rahbar etib tayinlangan birinchi ayol sifatida Amerika tarixiga kiradi, deydi prezident.

Davlat kotibi muovini Stiv Goldstinga ko'ra, Tillerson davlat kotibi vazifasida ishlayotganidan rozi edi va qolishi mumkin edi.

"U prezident bilan gaplashmadi va nima uchun ishdan olinganini aniq bilmaydi. Biroq bunday oliy lavozimda ishlash imkoniyati berilganidan minnatdor. Xalqqa xizmat qilganidan mamnun", - deydi Goldstin.

Tramp va Tillerson bir necha oydan beri chiqishmay qolgani ma'lum edi. Yopiq eshiklar ortida Tillerson prezidentni so'kkani, undan g'azablanib yurgani haqida ma'lumotlar sizib chiqqan.

Tillersonning o'rniga Pompeo kelishi mumkin degan mish-mishlar anchadan beri hukmron edi. Pompeo xavfsizlik sohasida ishlab tarjiba orttirgan. Kongress a'zosi bo'lgan. Vest Poynt harbiy akademiyasi va Garvard universitetini bitirgan.

Jina Xaspel professional razvedkachi. Boshqarmada 1985-yildan beri ishlab keladi. Samarali boshqaruvchi sifatida tanilgan.

Pompeo va Xaspel ishni boshlashidan oldin Senat tasdig'idan o'tishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG