Breaking News

Turkmaniston tabiiy boyliklaridan tushgan daromad qayoqda?


“Oshkoralik degan narsa bu davlat uchun begona... Shaxsga sig’inish madaniyati uchiga chiqqan. Jabha borki, prezidentning qattiq nazorati ostida. Korrupsiya – turmush tarzi”.

Turkmaniston dunyodagi yopiq jamiyatlardan biri bo’lib qolmoqda. Qurbonguli Berdimuhammedov boshliq tuzum jahondagi eng repressiv hukumatlardan, deya eslatadi Kaspiy dengizi bo’yidagi davlatlarni o’rganib kelayotgan Keyt Votters (Kate Watters). Bu mutaxassis yetakchilik qiladigan guruh nazarida xalqaro hamjamiyat, xususan Amerika va Yevropa Ittifoqi istasa, Turkmanistonni oshkoralikka undashi, huquq ahvoli yaxshilanishi yo’lida xizmat qilishi mumkin.

Turkmaniston-Ekologiya-Gaz-Neft-Siyosat-Navbahor-Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:24 0:00
Yuklab oling

Kate Watters-Crude Accountability-Turkmenistan-GWU-2-11-14.Mp3
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:29:01 0:00
Yuklab oling

Keyt Votters rahbarlik qiladigan nohukumat tashkilot “Crude Accountability” – “Oddiy mas’uliyat” deb ataladi. Oddiy javobgarlik yoki burch. Bu muassasa uzoq yillardan beri Jahon banki va Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki singari yirik donorlarni ogohlikka undab keladi. Jahon banki bu tashkilot bilan birgalikda Turkmanistonga nisbatan yangi strategiya tuzib chiqqan. Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki esa bu respublika tabiiy boyliklarini o’zlashtirish uchun mablag’ ajratmay qo’ygan. Sabab oddiy, deydi Keyt Votters, berilgan pul qayoqqa ketayotganini bilmaysiz, Ashgabat hech kimga hisobot berishni xohlamaydi va xalqni istaganicha ezib kelmoqda.

“Oshkoralik degan narsa bu davlat uchun begona. Monitoring, tekshirish uchun imkoniyat yo’q. Shaxsga sig’inish madaniyati uchiga chiqqan. Jabha borki, prezidentning qattiq nazorati ostida. Korrupsiya – turmush tarzi”.

Votters xonim deydiki, tashqi dunyo o’z tor manfaatlari sababgina bu davlat bilan aloqa qiladi.

“Respublikada hayot qanchalik mushkul ekaniga ko’z yumadi, chunki “u bizning ishimiz emas, aralashsak ham biror narsa o’zgarmaydi” degan ishonch keng tarqalgan”, - deydi ekspert.

Neft va gaz vazirligi prezident Berdimuhammedov uchun eng muhim organ. Qonunchilikka binoan tabiiy gaz va boshqa energetik boyliklardan tushgan daromadning atigi 20 foizi davlat byudjetiga tushadi. Qolgani qani deb surishtirishga hech kimning haqqi yo’q, haddi ham sig’maydi, deydi Votters. Prezident daromad kim, qayer va nimaga ketishini o’zi belgilash vakolatiga ega.

Turkmanistonda mustaqillik yillarida qurilishlar avj oldi. Poytaxtdan tortib boshqa shaharlargacha, hukumat obodonlashtirish va taraqqiyot loyihalari samara berib, turmush bugun har qachongidan ham farovon va to’q, deya qayd etib keladi. Berdimuhammedov o’z nutqlarida Turkmaniston har tomonlama boy va zaxiralardan tushgan daromad insonlar hayoti uchun sarflanmoqda, deydi.

Lekin, deydi Keyt Votters, davlat maqtaydigan taraqqiyot loyihalari aslida aholining katta qismini turar joy va tirikchilikdan ayirgan.

Bunga yaqqol misol Kaspiy dengizi bo’yidagi vaziyat, deydi mutaxassis, o’z tashkiloti olib borgan izlanishlarga asoslanib. Neft sanoati joylashgan hududlarda tabiat va hayvonot olami nobud bo’lib, o’nlab qishloq va posyolkalar yo’q qilingan. Uzoq davrlardan beri u yerda yashab, baliqchilik va dehqonchilik qilib hayot kechirgan turkmanlar bugun qayoqqa g’oyib bo’lgani mavhum, deydi ekspert. Neft quduqlaridan moy sizib chiqish hollari ko’p. Inshootlar xavfsizlantirilmagan.

O’tgan yili amerikalik pop yulduz Jennifer Lopez Kaspiy sohilidagi Avaza shahrida prezident Qurbonguli Berdimuhammedovning tug’ilgan kunida kuyladi. Inson huquqlari faollari shu qadar tanqid ostiga oldiki, xonanda borgani uchun ertasigayoq kechirib so’radi va repressiyaga befarq emasligini da’vo qildi.

Avaza bugun bo’m-bo’sh dam olish maskani, deydi Keyt Votters. Lekin 2002-yilgacha uning o’rnida ikkita yirik qishloq bo’lgan: Avaza va Tarta. 2007-yilga borib, Avaza tekislanib ketgan, aholi majburan Tartaga ko’chirilgan, biroq bugun bu qishloqdan ham nishon yo’q. Manzarani buzayapti deb uni ham ko’chirishgan. Aholi qayerga ketdi? Qanday kun kechirmoqda? Hukumat hisobot bermaydi, deydi “Oddiy mas’uliyat” tashkiloti rahbari.

Turkmaniston qamoqxonalarida dom-daraksiz ketgan minglab insonlardek, rivojlantirish ishlari ketayotgan katta-katta hududlarda aholiga nima bo’layotgani hech kimga tushuntirilmaydi. Turkmanlar bir amallab chet elga chiqib olsa, dardini aytishi mumkin. Ichkarida esa ular og’iz ochmaydi, deydi Votters.

2007-yilda prezident Berdimuhammedov Nyu-Yorkka safar qilib, Kolumbiya universitetida talabalar bilan uchrashganida, undan siyosiy mahbuslar haqida so’rashgan. Taniqli muxolifatchi va arboblarning nomlarini tilga olgan prezident ular hamon tirik, tashqi dunyo xavotir olmasin, qabilda javob bergan.

Turkmanistondek mas’uliyatsiz tuzumlarga dunyo shu qadar o’rganib ketdiki, deydi Keyt Votters, bugun uni hech kim savolga tutmaydi. Bu rejim shunaqa, deb tan olib, kerak bo’lganida u bilan til topishib, boshqa payt esa uning qilmishlariga ko’z yumib ketaveramiz, deya tana qiladi mutaxassis Jorj Vashington Universitetida qilgan ma’ruzasida.

Qurilish loyihalarini amalga oshirayotgan Yevropa kompaniyalari vaziyatga befarq. Afg’onistondagi qo’shinlarga Turkmanistondan yonilg’i sotib oladigan Amerika ham tanqid qilib charchagandek. Turkmaniston gazining asosiy xaridori Xitoy nazarida respublikada hammasi joyida. Rossiya ham o’z manfaatlarini ko’zlaydi xolos. Turkmaniston energetik boyliklarini hamon o’zi tomonga og’dira olmagan Yevropa Ittifoqining ham siyosati juda sust, deya tahlil qiladi Keyt Votters.

“Oddiy mas’uliyat” tashkiloti ekologik, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy muammolar qatorida turmalardagi ahvol yuzasidan ham ma’lumot olish uchun maxsus kampaniya boshlagan. “Ular tirik ekanini isbotlang!” degan shior ostida, G’arb jamoatchiligi quvvatlovi bilan ketayotgan targ’ibot ishlaridan maqsad – Turkmanistonda repressiya ko’lami va uning qurbonlarini aniqlash va xalqaro maydonda bu davlatga nisbatan e’tiborni oshirish.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, besh milliondan oshiq odam yashaydigan Turkmanistonda iqtisodiyot hajmi bugun qariyb 34 milliard dollar. Kishi boshiga yillik daromad 6500 dollardan ziyod. Bu raqamlarga hatto Jahon banki ham shubha bilan qaraydi. Qashshoqlik darajasi 30 foiz degan taxmin bor. Fuqaro gaz va energiya uchun haq to’lamaydi. Lekin yaqinda Berdimuhammedov bu borada o’zgarishlar bo’lishi haqida ogohlantirdi. Xonadonlarga endi gaz va tok iste’molini o’lchovchi vositalar o’rnatiladi.

Turkmaniston tabiiy gaz zaxiralari bo'yicha dunyoda beshinchi o'rinda turadi. 2013-yilda, rasmiy hisobda 80 millard kubometrga yaqin gaz ishlab chiqargan. Daromad qancha ekani haqida aytilmaydi, lekin 2011-yilda chet elga 66 millard kubometr gaz sotgani va undan 11 milliard dollar tushgani e'lon qilingan.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG