Breaking News

Ukraina uchun mudofaani ushlab turish – asosiy vazifa


Ukrainani 2024-yilda nimalar kutmoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:42 0:00

Ukraina 2024-yilda 500 ming kishini urushga safarbar qilmoqchi. Bu haqda yil yakunlanishi arafasida katta matbuot anjumani o’tkazgan Prezident Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi.

Uning matbuot anjumani frontda ham, xalqaro maydonda ham Ukraina uchun vaziyat qiyinlashgan bir sharoitda o’tdi.

Jurnalistlar anjuman bundan istisno bo`lmaganini, ayrim vaziyatlarda Zelenskiy ancha asabiy ko’ringaniga diqqat qaratishmoqda.

Brifingda Ukraina jamoatchiligini xavotirga solib turgan asosiy savollarga javob berilmadi, xususan kelgusi yil frontda vaziyat qanday bo’lishi, urushning qanchaga cho’zilishi, ittifoqchilardan kutilayotgan harbiy yordam taqdiri masalasida.

Zelenskiy AQShdan Ukrainaga yordam masalasi ijobiy hal etilishiga ishonishini aytish bilan cheklangan. Prezident front kelajagi, harbiy rejalar haqida gapirishni, aniqrog’ bu ma’lumotlarni ochiqlashni istamadi.

Donetsk fronti, 22-noyabr, 2023
Donetsk fronti, 22-noyabr, 2023

Zelenskiyga ko’ra, Ukrainaning qarshi hujumini muvaffaqiyatsizlikka uchrashi qisman shunga, maqsad va mo`ljallar baralla e’lon qilinganiga ham bog’liq bo’lgan. Rossiyadagi mavjud harbiy imkoniyatlar qarshisida bunday ochiqlik mumkin emas.

Urushning qanchaga cho’zilishi ham mavhum. Prezidentga ko’ra, buni hech kim aniq ayta olmaydi, ammo urush muddati mavzusini suiiste’mol qilmaslik kerak.

Matbuot anjumanida ko’pchilikni Zelenskiy va Bosh qo’mondon Valeriy Zalujniy o`rtasidagi munosabatlar, xususan bosh qo’mondonning iste’foga chiqarilishi haqidagi ma’lumotlar qiziqtirgan.

Jurnalistlarga ko’ra, bu savollar prezidentni bir qadar asabiylashtirgan ham. Zelenskiy general Zalujniy bilan xizmat doirasidagi munosabatlar mavjudligi, o’z xodimlaridan samara talab qilishga haqli ekanligini aytish bilan cheklangan.

Bu javoblardan prezident bosh qo’mondon faoliyatidan qoniqmayotgani to’g’risida xulosa qilayotganlar ham bor.

Zalujniy ukrain jamoatchiligida ishonchi o’ta yuqori bo`lgan qudratlardan biri bo`lib qolyapti. Kiyev sotsiologiya instituti tomonidan o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalariga ko`ra, Zelenskiyga nisbatan ishonch pasaya boshlagan bir paytda Zalujniyga nisbatan ishonch hamon yuqori darajada.

Zalujniy iste’fosi bo’yicha o’tkazilgan so’rovda ishtirokchilarning 72 foizi bunga qarshi ekanligini bildirgan.

Zelenskiy qo`mondon iste’fosi bo’yicha berilgan savollarga “u bilan ishlashda davom etish niyatida ekanligi”ni aytgan.

Zelenskiy Ukraina prezidentligiga urushdan avval, 70 foizdan oshiq ovoz bilan saylangan edi. Urushning birinchi yilida, Ukraina ishg’oldagi ayrim hududlarini ozod qilishga muvaffaq bo’lgan davrlarda unga nisbatan ishonch darajasi 95 foizgacha yetgan edi.

So´nggi so’rovlarda bir qadar pasayish kuzatilgani bilan, Zelenskiyga ishonch hamon 70 foizdan yuqori. Bu Ukraina harbiy yordam masalasida qiyinchiliklarga duch kelayotgani, frontda esa tashabbus Rossiya armiyasi tomoniga o`tgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Xalqaro matbuotdagi tahlillarda 2024-yil Ukraina uchun ancha og´ir kelishi, armiya hujum emas, asosiy diqqatni mudofaaga qaratishga majbur bo`lishi, Rossiya armiyasini ayni paytdagi chiziqlarda ushlab qolishning o`zi muvaffaqiyat bo’lishi ta’kidlanadi.

Frontdagi vaziyatni tahlil qilib kelayotgan Urushni o’rganish instituti Rossiya armiyasi butun front bo’ylab hujumlarni kuchaytirgani, siljishga muvaffaq bo`lganini qayd qilmoqda.

Ukraina uchun mudofaani ushlash ayni paytda asosiy vazifaga aylangan. Bu nafaqat harbiy texnika, qurol-yarog’, balki yangi ommaviy safarbarlikni ham talab etadi.

Armiya safiga ixtiyoriy tarzda yozilgan ko’ngillilar oqimi to’xtagan, majburiy safarbarlik esa kutilgan natijalarni bermayapti, harbiy komissariatlar ko’p hollarda kuch ishlatishga majbur bo’lmoqda.

Bunday sharoitda 500 ming kishilik harbiy safarbarlik rejasini bajarish ancha og’ir kechishi ta’kidlanyapti. Ukraina armiyasi 2024-yilda nafaqat qurol-aslaha, balki jangovar tarkib zaxirasi bilan bog’liq muammolarga to’qnash kelishi mumkinligi aytiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG