Breaking News

AQSh qonunchilari qo'shinlarni Afg'onistonda qoldirish tarafdori


AQSh qonunchilari prezident Barak Obamaning Afg’onistondan qo'shinlarni chiqarishga tayyorgarlik ko’rish haqidagi buyrug’ini tanqidga oldi. Kongress a’zolari nazarida mahalliy xavfsizlik kuchlarini harbiy tayyorgarlikdan o'tkazish uchun va boshqa maqsadda Afg’onistonda oz sonli harbiylarni qoldirish kerak.

Seshanba kuni Obama ma’muriyati Kobul bilan ikki tomonlama shartnoma imzolanmasa barcha Amerika qo’shinlari shu yilning oxirigacha mamlakatni tark etadi, deya ma’lum qildi.

Respublikachi senator Lindsi Grexemning aytishicha, afg’on prezidenti Hamid Karzayning hujjatni imzolashdan bosh tortayotgani Obamani ranjitgan.

“Bitimning imzolanishini qancha ko’p kutsak, rejalashtirish ishlari shuncha qiyinlashadi”, - deydi kongressmen.

Agar Afg’oniston yakka o’zi qolib ketsa, yana beqarorlik va zo’ravonlik girdobiga tushadi, xuddi Iroq kabi, deya xavotir bildiradi Grexem.

Respublikachi senator Jonni Ayzikson ham shunday fikrda.

“Harbiylarimiz Afg’onistonda qolishi kerak. Iroqda bunday qilmay xatoga yo’l qo’ydik. Umid qilamanki, prezident qanday kelishuvga erishmasin, harbiylarimiz Afg’onistonda qoladi”, - deydi qonunchi.

Kongressning ayrim a'zolari AQSh qo’shinlarining Afg’onistondan chiqishiga vaqt keldi va tejalgan mablag’ni Amerikaning o'zidagi muammolarni hal etilishga sarflash kerakligini aytadi.

Demokratlardan senator Jin Sheyn xavfsizlik bitimining imzolanishidan har ikki davlat manfaatdor degan fikrda. Aks holda, qo’shinlarni olib chiqishdan boshqa chora qolmaydi, deydi u.

“Xalqimiz urushdan charchadi. Askarlarimiz 10 yildan buyon bu urushda qatnashadi. Armiyada xizmat qilayotgan yigit va qizlarimiz uyiga qaytsin. Ular hayotini vatanida davom ettirishni istaydi,” - deydi senator.

Prezident Karzay AQSh qo’shinlarining ayrim harakatlari, xususan afg’onlar uylariga uyushtiriladigan reydlarga e'tiroz bildirib kelgan.

"Shartnomada afg’on xalqi tinchligi asos maqsad qilib ko'rsatilishi kerak, - deydi prezident matbuot kotibi Fayiq Vohidiy, - afg’on xalqi shunday bo’lishiga ishonch hosil qilsa, shartnoma darhol imzolanadi”.

Xabarlarga ko'ra, Afg’oniston qonunchilarining aksariyati ikki tomonlama shartnoma tarafdori. Prezidentlikka nomzodlar ham saylovga tayyorgarlik ko’rar ekan, agar Karzay hujjatni imzolamasa, prezidentlikka saylanganidan keyin bitimni imzolashni va’da qilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG