Breaking News

AQSh va Xitoy rasmiylari Alyaskada uchrashdi. Iliqlikdan darak yo’q


Alyaskadagi uchrashuv chog'ida
Alyaskadagi uchrashuv chog'ida

Donald Trampning to’rt yillik prezidentligi davomida AQShdan dakki eshitgan va turli iqtisodiy sanksiyalar bilan yuzlashgan Xitoy hafta oxirida Bayden ma’muriyatining vakillari bilan ilk bor uchrashganda munosabatlar ancha yaxshilanadi deya umid qilgan edi.

Biroq AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Alyaskadagi muloqotni Xitoy tomon tanqidlar va ta’nalar bilan boshladi.

U Xitoy hukumatining Tibetda va Shinjonda inson huquqlarini poymol etayotganini, Gonkong muxtoriyatini yemirayotganini, Avstraliyaga qarshi iqtisodiy do’q-po’pisalar qilayotganini, Janubiy Xitoy dengizida hukmronlikka intilayotganini, Tayvanga qarshi tish qayrayotganini aytib tanqid qildi.

Bunday “mehmondo’stlik”ni kutmagan Xitoy Kommunistik partiyasining tashqi siyosat bo’yicha mas’ul rasmiysi Yan Dzechi qarshi hujumga o’tib, Amerikani Xitoy ichki siyosatiga aralashayotganlikda aybladi, uning xorijdagi harbiy intervensiyalari barqarorlikka tahdid ekanini aytdi, AQSh o’z aholisining huquqlarini hurmat qilmayotganini tilga olib, qora tanli amerikaliklar “qirilgani”ni da’vo qildi.

Ikki davlat yirik savdo hamkori bo’lib, AQSh Savdo vakili idorasiga ko’ra 2019-yilda o’zaro savdo aylanmasi 558,1 milliard dollarga teng bo’ldi. Mahsulotlar va xizmatlar eksporti tufayli AQShda minglab odam ish bilan ta’minlangan. Xitoy amerikalik fermerlar mahsulotlari uchun uchinchi yirik bozor hamdir.

Biroq Tramp ma’muriyati yillarida savdo urushi va boshqa omillar sabab ikki tomonlama aloqalar va savdo susaydi. AQShda prezident va Oq uy ma’muriyati yangilanishi ketidan Pekin munosabatlar tiklanishiga, sanksiyalar bekor qilinishiga umid qildi, ammo Blinken Alyaskadagi uchrashuv chog’ida bunday bo’lishiga, ayniqsa Xitoyning “Xuavey” (Huawei) telekommunikatsiya kompaniyasiga qo’yilgan savdo cheklovlari yumshatilishiga, Kommunistik partiya rasmiylariga qo’yilgan viza cheklovlari olib tashlanishiga yoki Xitoyning Xyustondagi konsullik idorasi qayta ochilishiga ishora qilmadi.

Shunga qaramasdan, muloqot chog’ida ijobiy notalar ham yangradi. “Shinxua” Xitoy davlat axborot xizmatining xabar berishicha, AQSh va Xitoy iqlim o’zgarishi bobida ishchi guruh tuzishga, COVID-19 paytida joriy etilgan bordi-keldi va viza siyosatini o’zgartirishga, ikki taraf diplomatlarini koronavirusdan emlashga, Xyustonda va Chenduda yopilgan konsullik idoralari hamda jurnalistlar uchun vizalar masalalarini muhokama qilishga kelishib oldi.

Bir AQSh rasmiysiga ko’ra, tomonlar yangi muloqot kuniga rasman kelishgani yo’q.

Blinkening muloqotdan so’ng aytishicha, ikki mamlakat tubdan rozi bo’lmagan qator sohalar mavjud va AQSh ularni ko’targanida Xitoy mudofaaga o’tdi.

"Qo’shma Shtatlar Xitoy o’z milliy suvereniteti, xavfsizligi va taraqqiyotga qaratilgan manfaatlarini himoya qilishdagi qat’iyatini jiddiy qabul qilishi kerak”, - dedi Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi uchrashuv ketidan.

Xitoy delegatsiyasi Ankorij shahrini biror rasmiy bayonotsiz tark etdi.

Blinkenning aytishicha, qiyinchiliklarga qaramay, ikki mamlakat Eron, Shimoliy Koreya, Afg’oniston va boshqa mavzularda ochiq muloqot qildi, fikr almashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG