Breaking News

2021-yil AQSh tashqi siyosati uchun qanday davr bo'ldi?


Prezident Bayden va Davlat kotibi Blinken
Prezident Bayden va Davlat kotibi Blinken

2021-yil AQSh tashqi siyosatida qanday yil bo’ldi? Bayden ma’muriyati ittifoqchilar bilan hamkorlik qilishga so’z berdi. Buning uchun yil boshida davlat kotibi lavozimiga tajribali diplomat Entoni Blinken tayinlandi.

Xalqaro hayot - 14-dekabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:42 0:00

U Davlat departamenti xodimlari bilan ilk uchrashuvda diplomatiyaga urg’u berishini bildirdi.

"Butun dunyoning nigohi bizda. Amerika qayta oyoqqa tura olarmikan deya so’rashyapti. Dunyoga yana yetakchilik qila olarmikanmiz, diplomatiyaga tayanib, ittifoqchilar va hamkorlar bilan pandemiya, iqlim o’zgarishi, iqtisodiy inqirozlar, demokratiyalarga tahdidlar, irqiy adolat uchun kurash kabi davrimizning eng katta muammolari bilan yuzlasha olarmikanmiz, g’animlarimiz va raqiblarimiz tomonidan xavfsizligimiz va global barqarorlikka tahdidlarga qarshi tura olarmikanmiz, shuni bilishmoqchi”, - degan edi Blinken.

2021-yil tashqi siyosatda voqealarga boy bo’ldi.

Fevral oyida Myanmada harbiylar davlat to’ntarishi uyushtirib, o’n minglab namoyishchilarni bostirdi. Iyul oyida Gaiti prezidentining joniga suiqasd uyushtirildi. Oktabrda Sudanda harbiylar isyon ko’tardi. Bayden ma’muriyati xalqaro sahnada yana ko’plab boshqa muammolar bilan shug’ullanishiga to’g’ri keldi.

Masalan, Efiopiya armiyasining Tigray mintaqasidagi urushi oqibatida millionlab odam ocharchilik bilan yuzlashmoqda.

“Nazarimda, Bayden ma’muriyati Jeffri Feltmanni maxsus vakil etib tayinlab, bu masalaga diplomatik tarafdan yondashdi. Biroq bu hukumat siyosatining o’zgarishiga olib kelmadi. Natijada Efiopiya davlatchiligi jar yoqasida turibdi”, - deydi Vashingtondagi “Tashqi aloqalar kengashi” tahlil markazidan Mishel Gavin.

Tashqi siyosatdagi muammolarga qaramay, ekspertlar Prezident Jo Bayden va davlat kotibi Entoni Blinkenga ijobiy baho bermoqda. Ularga ko’ra, hozirgi ma’muriyat sobiq prezident Donald Trampning “Amerika birinchi” siyosati natijasida zarar ko’rgan aloqalar va munosabatlarni tiklashga muvaffaq bo’ldi.

“Bayden va Blinken asosiy siyosatidan chetga chiqmaslikka harakat qildi. Bahorda Bayden Yevropaga borib, u yerdagi demokratik ittifoqchilarimiz bilan munosabatlar va ittifoqlarni kuchaytirishga urindi, Osiyoda ham AQSh tashqi siyosati qanday bo’lishidan ikkilanib turgan mamlakatlarni birlashtirishga harakat qildi”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Brayan Katulis.

Shu bilan birga, ekspertlar Amerikaning avgust oyida Afg’onistondan evakuatsiyani tartibsiz amalga oshirganini hamda Avstraliya bilan suv osti kemalariga doir bitim imzolab, Fransiya noroziligiga sabab bo’lganini ham tilga oladi.

“Yevropa bilan munosabatlar tiklandi. Yo’l tekis bo’lmadi. Afg’oniston va suv osti kemasi bo’yicha kelishuv g’adir-budurlikka misoldir. Biroq umuman olganda ittifoqimiz ancha yaxshi ishlayapti”, - deydi Germaniyaning Marshall jamg’armasidan Maykl Kimmaj.

Kuzatuvchilar 2022-yil ham qiyin bo’lishini bashorat qilmoqda. Ularga ko’ra, Xitoy va boshqa g’anim davlatlar Bayden va Blinken Ukraina chegarasidagi vaziyatni qanday hal qilishini yaqindan kuzatadi.

G’arbdagi ayrim mutaxassislarga ko’ra, Rossiya qo’shni mamlakatga hujum rejalamoqda. Shunday bo’lgan taqdirda AQSh bunga ko’z yumishga majbur bo’ladimi yoki ittifoqchilari hududiy daxlsizligini himoya qilishga bergan va’dasiga vafo qiladimi? Buni vaqt ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG