Tramp: Quddus - Isroil poytaxti, AQSh elchixonasi u yerga ko'chadi

  • Amerika Ovozi

Bugun AQSh Prezidenti Donald Tramp Quddusni Isroilning poytaxti sifatida tan oldi. U yirik dinlar uchun muqaddas shaharda yangi elchixona qurilishini aytdi. Shundan so'ng elchixona Tel-Avivdan Quddusga ko’chiriladi.

Tramp saylov kampaniyasi paytida Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga yechim topaman deb va’da bergan edi. Shu bilan birga, u Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olishi haqida ham ko'p gapirgan edi. Tramp bu ikki va'dasidan birini bajardi, ammo ikkinchisini bajarish qiyinlashmadimi? Tramp Isroilni qo’llab-quvvatlab, islom dunyosini o’ziga qarshi qaratib qo’ymadimikan?

Amerika prezidenti Falastin Muxtoriyati rahbari Mahmud Abbosga qo’ng’iroq qilib, Quddusni Isroilning poytaxti sifatida tan olish rejasini aytgan edi. Abbos Trampning qarori xato ekanini, Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga putur yetkazishini bildirgan.

“Bu xalqaro qonunga zid qaror bo’ladi”, - dedi Abbos vakili Nabil Abu Rudayna.

AQSh rasmiylariga ko’ra, elchixonani Tel-Avivdan Quddusga ko’chirish vaqt oladi, buning uchun hatto joy ham topilmagan hali.

Arab Ligasiga ko’ra, Trampning bu qarori arablarga qarshi yaqqol agressiya sifatida ko’riladi. Turkiya va Iroq rahbarlari ham bunday ehtimolni qoralagan. Rajab Toyib Erdog’an Isroil bilan diplomatik aloqani uzamiz, degan.

Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy esa falastinliklar, arablar va musulmonlarning huquqlarini inobatga olmagan bunday qadam mintaqa va dunyoda beqarorlikka, kutilmagan salbiy oqibatlarga olib kelishini aytdi.

AQShning turli mamlakatlardagi elchixonalarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG