Breaking News

AQSh-Rossiya o’rtasidagi “o’zgaruvchan” munosabatlar


Yaqin Sharq alg’ov-dalg’ov ekan, AQSh-Rossiya aloqalari hozircha ikkinchi darajali masalaga aylanib qolgan. Kelasi to’rt yil Amerikani Barak Obama boshqaradi, Rossiyani esa olti yil Vladimir Putin.

AQSh va Rossiya, bugungi aloqalar/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:25 0:00
Yuklab oling

Barak Obama tashqi siyosatining to’ridan Rossiyaga joy ajratgan. Oxirgi to’rt yilda ikki davlat qurol nazoratiga doir yirik bitim imzoladi, Afg’oniston va Eron yuzasidan hamkorlik qilib kelayapti.

Lekin orada chuqur tafovutlar ham bor. Masalan, Suriya mojarosini qanday hal qilish borasida. Qo’shma Shtatlarning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini o’rnatish rejasiga ham Kreml keskin qarshi.

Rossiyashunos olim Stiven Jounsga ko’ra, Barak Obamaning ikkinchi muddatga saylangani Moskvada xushxabar sifatida qarshi olingan.

“Nazarimda, Obamaning nomzodi Rossiyaga ma’qul bo’lgan, chunki u bilan ishlay olishadi. Siz bilgan odam bilan muzokara yuritish osonroq”, - deydi u.

Kolumbiya Universitetidan Robert Legvold va boshqa tahlilchilar ham shu fikrda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin respublikachi Mitt Romni Oq uyga saylanishini istamagan. Romni, ma’lumki, Rossiyani AQShning birinchi o’rindagi geosiyosiy dushmani deb atagan edi.

Lekin, deydi Legvold, Mitt Romnidek Sovuq urush nog’orasini chaladigan odam saylanganida edi, bu Putinga qo’l kelardi, deydiganlar ham bor. Chunki Putinning o’zi Amerikani dushman qilib ko’rsatish bahonasida bir qancha qonunlarga o’zgartirishlar kiritgan, fuqaro jamiyatini ezgan. Oq uyga Romni kelishi bu siyosatni davom ettirishga xizmat qilgan bo’lardi.

Olimga ko’ra, AQShning Rossiyaga nisbatan davomiy siyosati Kreml uchun o’ta muhim.

“Rossiyada hozir hukumat e’tiborini talab qilayotgan ichki muammolar talay, ularni hal qilish kerak. Dunyoning turli burchaklarida urushlar, notinchlik bo’lib turgan bir pallada Kreml AQSh, Yevropa va Xitoy kabi muhim davlatlar bilan rishtalar barqaror bo’lishidan manfaatdor”, - deya mulohaza yuritadi Robert Legvold.

Xo’sh, yaqin kelajakdan nima kutish mumkin? Qo’shma Shtatlar o’tgan to’rt yildan bo’lgani kabi Rossiya bilan aloqalarga yetarlicha ahamiyat qaratadimi?

Siyosatshunos Stiven Jouns deydiki, ayni paytda AQShning butun diqqat-e’tibori Rossiyada emas, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi jarayonlarda. Amerika, shuningdek, Xitoy va Osiyo bilan mashg’ul.

Legvold AQSh-Rossiya munosabatlarini “o’zgaruvchan” deb ta’riflaydi.

“Do’stlik va ittifoqchilik o’z-o’zidan bo’lmaydi. E’tibor va tashabbus kerak. Hozir ikki davlat aloqalarini kutilmagan voqealar, tashqi faktorlar belgilayapti”, - deydi professor.

Shunisi aniqki, o’tgan yillar ichida AQSh-Rossiya munosabatlari shu dajarada oldinga siljib bo’ldiki, endi orqaga, Sovuq urush davriga qaytish yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG