Breaking News

NASA Yer atrofidagi radiatsiya xalqasini o'rganmoqda


Koinot sirlari - Secrets of Van Allen Belt
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:28 0:00

Koinot sirlari - Secrets of Van Allen Belt

Koinot o’rgana boshlanganidan ko’p o’tmay, 1958-yilda Yer sayyorasi yuqori zaryadli zarralar bilan o’ralgani aniqlangan edi. Unga Van Allen radiatsiya xalqasi deya nom berilgan. Amerikalik kashfiyotchi olim Jeyms Van Allen sharafiga shunday atalgan. 2012-yilda AQShning NASA Fazo agentligi bu kashfiyot haqida ko’proq bilish uchun samoga ikki zond uchirdi. Olingan ma’lumot olimlarni hayratga keltirgan.

Fazoda ob-havo kutilmaganda o’zgarishi mumkin – xuddi Yerdagidek. Vaqt-vaqti bilan quyosh sirtidan yuqori zaryadli proton va elektron bulutlari otilib chiqadi.

Bo’ron ba’zida yergacha yetib keladi va Shimol yog’dusi kabi ko’zni qamashtiradigan ko’rinishda namoyon bo’ladi.

Quyoshdagi portlashlar gohida shu qadar kuchli bo’ladiki, elektrostansiyalar, aloqa jihozlari va elektr asboblarni ishdan chiqarishi mumkin.

Ammo aksar hollarda Yerning Van Allen radiatsiya xalqasi sayyoramizni bu zarralardan himoya qiladi. Shunga qaramay ular zarar yetkazish kuchiga ega, deydi NASA olimi Mona Kessel.

“Yer atrofida juda ko’p yo’ldoshlar uchib yuradi – aloqa vositalari, navigatsiya yo’ldoshlari. Samodagi hodisalar ularga qanday ta’sir qilishini o’rganishimiz, tushunishimiz kerak,” - deydi u.

Fazodagi iqlimni puxtaroq o’rganish uchun 2012-yilda NASA agentligi bir juft yo’ldoshni uchirdi. Van Allen zondlari deb nomlangan ikki sputnik sirli xalqani tadqiq etishi kerak edi. Ular ortga faqat quruq raqamlarni yuborishini kutgan edik, deydi olimlar.

“Hayratlanarli hech narsa topa olmaymiz, deb o’ylagan edim. Buni qarangki, biz kutmagan yangi strukturalarni aniqladik,” - deydi loyiha olimi Barri Mok.

Radiatsiya xalqasi ikki qatlamli emas, balki ora-orada zaryadli zarralarning uchinchi qatlami ham bor ekan. Buning natijasida zebrasimon yo’l-yo’l zonalar paydo bo’lishi ham aniqlandi. Elektr va magnit maydonlari zarrachalarni qanday qilib zaryadlashi o’rganildi.

Sputniklar yuborgan o’lchovlar fazodagi ob-havoni bashorat qilish uchun kompyuter modellarini yaratishda qo’l keladi.

“Quyosh sirtida chaqnashlar kuzatilsa, uning kuchini, magnit maydonini o’lchay olamiz. Bu ma’lumot bilan radiatsiya xalqasi bu hodisaga qanday javob berishini bashorat qilishimiz mumkin,” - deydi olim.

Quyosh bo’roni paytida fazogirlardan raketadan chiqmaslik so’raladi. Aloqa va navigatsiya yo’ldoshlarini esa vaqtincha o’chirib qo’yish mumkin.

“Koinotning nihoyatda dinamik qismi bu. Sayyoramiz atrofidagi elektromagnit hodisalarni yaxshiroq tushunishni istaymiz,” - deydi NASA olimi Mona Kessel.

Radiatsiya xalqasi yaxshiroq o’rganilsa, quyoshdan kelayotgan “tuhfalar”ga ham insoniyat puxtaroq tayyorgarlik ko’radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG