Breaking News

Sud AQSh Global Media Agentligi rahbari ko’zlagan o’zgarishlarni taqiqladi


Maykl Pek AQSh Global Media Agentligini 2020-yilning iyun oyidan beri boshqaradi

AQSh Global Media Agentligi (AGMA) rahbari Maykl Pek o’z boshqaruvi ostidagi tashkilotlar, jumladan, “Amerika Ovozi”ning jurnalistik faoliyatiga aralasha olmaydi. Vashington federal sudi shunday qaror chiqardi va mahkama o’tguncha unga amal qilishni buyurdi.

Prezident Donald Tramp tomonidan tayinlangan Maykl Pek Kongress moliyalaydigan axborot vositalari faoliyatiga hukumat aralashmasligi to’g’risidagi amaldagi tizimni o’zgartirishga kirishgan. AGMAning ishdan olingan va lavozimdan chetlatilgan besh rasmiysi Pekning qarorlari qonunga, xususan konstitutsiyaga kiritilgan birinchi o’zgartirishga zid deya sudga arz qilgan edi.

Pek ishga tushganidan beri AGMA iznidagi tashkilotlarning rahbarlari yangilandi, byudjet va xodim yollash muzlatildi, xorijiy jurnalistlarning vizalarini yangilash to’xtatildi.

Sud shikoyatida bayon qilinishicha, Tramp va uning ma’muriyatini salbiy tusda yoritgani gumon qilingan muxbirlar va muharrirlar ustidan ichki tekshiruvlar qo’rquv muhitini yaratishga xizmat qiladi.

Federal sud qarori AGMA rasmiylari va rahbariga quyidagilarni taqiqlaydi: “Amerika Ovozi” va boshqa telaradiolar tahririyatiga aloqador kadrlar masalasi bilan shug’ullanish va aralashish; direktor roziligisiz muharrirlar va jurnalistlar bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqa qilish (tashkilot rahbarlari bundan mustasno); kontent, jurnalistlar va etika qoidalari buzilishi yuzasidan tekshiruvlar o’tkazish.

Hukumat advokatlarining da’vo qilishicha, AQSh konstitutsiyasining so’z erkinligiga oid bandi “Amerika Ovozi” jurnalistlariga taalluqli emas, chunki ular federal hukumat xizmatchilari.

Sudya Beril Xovell fikricha esa Pek va uning yordamchilari konstitutsiyaga xilof ish tutayotgani isbotlanishi ehtimoli yuqori, chunki ularning xatti-harakatlari muxbirlarning o’zini o’zi senzura qilishiga yetaklashi mumkin.

AQSh Global Media Agentligi “Amerika Ovozi” qatorida yana to’rt xalqaro OAVni boshqaradi, jumladan “Ozodlik” radiosini. Koronavirus pandemiyasi va AQShda prezidentlik saylovlari yilida ushbu tarmoqlar auditoriyasi yanada kengayib, haftasiga 354 millionga yetgan.

“Ushbu OAV yakka bir AQSh rasmiysining siyosiy qarashlari va intilishlarini targ’ib qilishga qaratilmagan, hatto bu rasmiy AQSh prezidenti bo’lsa ham”, - deyiladi sudning 76 sahifali hukmida.

AGMA advokatlari deydiki, Kongress agentlik boshqaruvi va samadorligini oshirish maqsadida qonun qabul qilgan va unda bosh ijrochi direktor vakolatlari kengaytirilgan. Maykl Pek ana shu vakolatlardan foydalanmoqda.

Ammo sud xulosasiga ko’ra, media tashkilotlarni hukumat aralashuvidan himoya qiluvchi amaldagi tartib samaradorlikni oshirish istagidan ustun turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG