Farg’onalik sirk ustalari Qirg’izistonda tomosha ko’rsatayapti


Qirg’zistonning Botken viloyatida qo’shni o'zbekistonlik sirk ustalarining chiqishlari davom etmoqda. Xabarlarga ko’ra, Qadamjoy tumanida tomoshalar bir hafta mobaynida o’tadi. Ijodiy guruh Laylak tumani hamda konchilar shaharlari Qizilqiya va Suluktaga ham tashrif buyuradi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, keyingi oylarda ikki qo’shni mamlakatning madaniy aloqalarida keskin jonlanish yuz berdi. O’sh O’zbek akademik drama teatrining Farg’ona vodiysi bo’ylab safari ortidan Toshkentning Muqimiy teatri Janubiy Qirg’izistonda bo’ldi.

Oddiy odamlar, vaqti kelib, an’anaviy aloqalar keng ko’lamda tiklanishiga umid qilmoqda.

Taniqli sirk ustasi Tursunali polvon Mamajonov yetakchilik qilayotgan sirk guruhi asli Farg’ona viloyatining Vodil tumanida tashkil topgan. Vodilning chekka mahallasi Qirg’izistonning Qadamjoy shahri bilan tutashgan - azaldan odamlar qo’ni-qo’shni, qon-qarindosh.

O’tgan kuzda O’zbekiston rasmiy delegatsiyasi tarkibida Janubiy Qirg’izistonga tashrif buyurgan Tursunali polvon yaqin orada ijodiy safar uyushtirishni niyat qilgandi.

“Xudo xohlasa, dorbozlar, polvonlar, ko’chma hayvonot bog’imiz bilan kelib, tomoshalar ko’rsatamiz, xalq xizmatida bo’lamiz”, - degan edi ushbu ustoz.

Tursunali polvon Mamajonov o'tgan yilgi O'sh safarida
Tursunali polvon Mamajonov o'tgan yilgi O'sh safarida

Ikki mamlakat madaniy aloqalarining rivojlanishi odamlar kayfiyatini ko’targani ko’zga tashlanadi. Ayni paytda ko’pchilik iqtisodiy aloqalar ham rivoj topishi, bordi-keldi yo’lida to’siqlar olib tashlanishini orzu qiladi.

Botken viloyat Laylak tumanilik ijodkor, mahalliy tahlilchi Sarvar Turdiboyev “odamlar orziqib kutayotgan uch tadbir” vaqti kelganini ta’kidlaydi.

“Chegaradan o’tish osonlashsa edi. Hozidga O’zbekistonga to’y-maraka sabab telegramma-taklifnomalar asosida borib-kelinyapti. Vaholanki, hayot faqat tantana yoki qayg’ulardan iborat emas. Qarindoshlik, quda-andachilik, do’st-birodarlik rishtalari bor. Ikkinchidan, an’anaviy chegara bo’yi savdosini yo’lga qo’yish kerak. Uningsiz ham u-bu narsa olib o’tilyapti, lekin noqonuniy usullar bilan. Yaqinda O’zbekiston va Tojikiston iqtisod sohasida bitimlar imzolaganini eshitdik. Qirg’iziston bilan ham shu kabi kelishimlar tuzilsa yaxshi bo’lardi. Natijada yangi ish o’rinlari, odamlar uchun daromad bulog’i paydo bo’lardi”, - deydi suhbatdosh.

Turdiboyevning aytishicha, mintaqada O’zbekiston tarixi va madaniyatiga qiziqish katta. Ko’pchilik turizm sohasida aloqalar shakllanishini, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva yo’nalishida sayohat qilish imkoni osonlashishini kutmoqda.

Har qanday qalamkash kabi Sarvar Turdiboyev o’z kitobxonlarining saflari kengayishini istaydi. Uning asarlari qo’shni o’lkada ham e’tibor qozonsa, O’zbekistonda nashr etilgan kitoblar Qirg’zistonlik muxlislarga ham yetib borsa edi…

Yaxshi niyat - yarim mol, deydi dono xalqlarimiz.

Tursunali polvon Mamajonov shogirdi va qudasi Shamsiddin Hojimatov va nabirasi bilan
Tursunali polvon Mamajonov shogirdi va qudasi Shamsiddin Hojimatov va nabirasi bilan

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG