Breaking News

O'zbekiston rahbari 2700 mahbusni afv etdi


O'zbekiston qamoqxonalarida
O'zbekiston qamoqxonalarida

Mustaqil O’zbekiston tarixida ilk bor mamlakat prezidenti mahkumlarni afv etish vakolatidan foydalangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-dekabr kuni imzolagan farmonga ko'ra, jinoiy javobgarlikka tortilgan 2700 kishi afv qilinadi. O’zbekiston konstitutsiyasining 25 yilligi munosabati bilan qabul qilingan afv mahkumlar bilan o’tkazilgan suhbat asosida, o’z qilmishiga chin ko’ngildan pushaymonlik bildirganlarga nisbatan qo’llaniladi.

O'zbekiston: Afv amnistiya emas
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:52 0:00

Hozirgacha mamlakatda asosan amnistiya qo’llab kelingan. Afv, amnistiyadan farqli ravishda umumiy emas, jinoyat turi, ijtimoiy xavfilik darajasi, mahkumlar yoshi va jinsi kabi ko’rsatkichlar bilan cheklanmaydi. Kechiriladigan mahkumlarning ro’yxati prezidentga avvaldan taqdim qilinadi.

Prezident bu ro’yxatni tasdiqlashi, to’ldirishi mumkin, so'ng afv haqidagi farmoni e’lon qilinadi. Shu ma’noda kimlarga nisbatan afv qo’llanilishi bevosita prezident vakolatiga tegishli masala.

Afv qilinganlarning 956 nafari bevosita jazoni o’tash muassasalaridan ozod qilinadi. Afvga tushganlarning qolgani kimlar, tergov izolyatorida saqlanyotganlarmi, shartli jazo o’tayotganlarmi, sud hukmini kutayotganlarmi, aniqlashtrilmagan.

Huquq faollari afv haqidagi farmon matni bilan tanishishmagani uchun prezident kimlarni, qanday shartlarga ko'ra ozod etayotgani haqida gapirish qiyinligini aytishmoqda.

O’zbekiston Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov deydiki, jazo chorasini o’tayotganlardan tashqari yana kimlar afv etilgani uning uchun mavhum qolmoqda:

“Men tushunolmadim, sababi 2700 kishi afv etilishi ko’rsatilgan, 956 kishi qamoqdan ozod qilinadi, ammo qolganlari kimlar? Gap mahkumlar haqida ketayotgan bo'lsa, ularning hammasi jazo o’tayotgan bo’lishi kerak. Gap faqat javobgarlikka tortilgan mahkumlar haqida, nazarimda. Albatta, afv bu amnistiya emas. Lekin uning matni yo’q. Farmon bilan tanishganda diniylar, siyosiylar bu avfga tushgan yoki tushmagani haqida gapirish mumkin bo’lardi”, - deydi Surat Ikromov.

Shavkat Mirziyoyev bir yil oldin prezidentlikka saylangan edi
Shavkat Mirziyoyev bir yil oldin prezidentlikka saylangan edi

Farmon matni hozircha matbuotda yo’q, faqat sharh berilgan. Surat Ikromovga ko'ra, davlat mahkumlarga nisbatan afv rejalayotgani haqidagi ma’lumot sentabr oyida paydo bo’lgan, qamoqxonalarda maxsus komissiyalar ish yuritgan.

“Jazoni o’tash boshqarmasi tomonidan qamoqxonlarga komissiyalar yuborilgan. Komissya a’zolari mahbuslar bilan birma-bir savol javob o’tkazib chiqayotgani haqida men eshitgan edim. Mening oldimga kelayotganlar ham komissiya ishlayotgan ekan, buning natijasi nima bo’ladi, deb so’rashayotgan edi. Bu narsani ko’pchilik kutayotgan edi”, - deydi Ikromov.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan afv etgan mahkumlar qatorida siyosiy va diniy motivlar bilan qamalgan mahkumlar bor-yo’qligi hozircha noma’lum.

Mirziyoyev davridagi ilk siyosiy mahbus sifatida qaralgan toshkentlik tadbirkor Olim Sulaymonov 5-dekabr kuni ozodlikka chiqqan. Ammo uning chiqishi afv bilan bog’liq emas. Avvalgi mahkamada 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan tadbirkorning ishi shikoyat tartibida qayta ko’rilgan va sud qaroriga ko’ra ozod qilingan.

“Bu afv hammaga tegishli bo’lishi mumkin, albatta farmon matni bilan tanishilganda bu haqda aniqroq gapirish mumkin bo’lardi, u yerda nimalar deyilganiga qarab. Masalan, jurnalist Bobomurod Abdullayevga qo'yilgan ayblov og’ir jinoyatlar sirasiga kiradi. Agar faqat 159-moddaning o’zini olsak, lekin hozir unga faqat ayblov qo’yilgan”, - deydi Surat Ikromov.

Prezident farmoniga berilgan sharhda ta’kidlanishicha, afv faqat o’z aybiga iqror bo'lgan va bundan chin ko’ngildan pushaymonlik bildirgan mahkumlarga nisbatan qo’llaniladi. Faollar bu ta’kidni siyosiy va diniy mahbuslarning avf etilishini murakkablashtirgan to’siq sifatida ko'rmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG