Demokratiya uchun kurashgan Murod Jo'rayev 65 yoshida vafot etdi

  • Amerika Ovozi

Mustaqillikning ilk yillarida Murod Jo'rayev O'zbekistonning yetakchi yosh siyosatchilaridan edi. Xalq deputati, Qashqadaryo viloyati Muborak shahar hokimi edi. Tuzumni savolga tutgani, demokratiya tarafdori bo'lgani uchun panjara ortida tashlangan Jo'rayev 21 yildan keyin ozod etilgan edi. Shundan beri xorijda muolaja olish ilinjida yurgan bu inson bugun to'satdan olamdan o'tdi.

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkilotining O'zbekiston bo'yicha bosh eksperti Stiv Sverdlov tahlilicha, Jo'rayev demokratiya tarafdori bo'lgani uchun hayotining 21 yilini qamoqda o'tkazgan. Qiynoq va azoblarga bardosh berib, yaqinlari oldiga kasalmand holda qaytib, erta hayotdan ketgan fidoyidir, deydi Sverdlov.

Jo'rayev "Erk” demokratik partiyasi a’zosi bo'lgan. Huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanovga ko'ra, sobiq mahbus 4-dekabr kuni tushlik qilib o‘tirgan paytida to'satdan jon bergan.

Yaqinda olingan surat: Murod Jo'rayev HRW vakili Stiv Sverdlov bilan, O'zbekistonda
Yaqinda olingan surat: Murod Jo'rayev HRW vakili Stiv Sverdlov bilan, O'zbekistonda

Yaqinlarining ayishicha, Jo‘rayev yaqinda chet elga chiqish uchun ruxsatnoma olgan. Uni ikki yil kutgan. Germaniyada davolanish umidida edi.

Jo'rayev Mustaqil O‘zbekiston tarixida eng uzoq payt panjara ortida o'tirgan siyosiy mahbus. 1994-yilda qamoqqa olingan. 2015-yilning noyabrida, AQShning o'sha paytdagi Davlat kotibi Jon Kerri O'zbekistonga Prezident Islom Karimov bilan uchrashish uchun borganida, ozod etilgan.

Oliy sud uni 1995-yilda konstitutsion tuzumga tajovuz va davlat to‘ntarishiga urinishda aybdor deb topib, 12 yilga ozodlikdan mahrum etgan. Jo'rayevning jazo muddati bir necha bor uzaytirilgan.

1980-yillarning ikkinchi yarmida Jo‘rayev Qashqadaryo viloyatidagi Muborak shahar ijroiya qo‘mitasi raisi bo'lgan. O‘sha paytda Islom Karimov Qashqadaryo viloyatini boshqargan. Keyinchalik Jo'rayev deputatlikka saylangan.

Murod Jo'rayev xalq deputati, Qashqadaryo viloyati Muborak shahar hokimi edi
Murod Jo'rayev xalq deputati, Qashqadaryo viloyati Muborak shahar hokimi edi

Uni yaqindan bilganlar deydiki, Murod Jo'rayev vatanparvar, xalqparvar, oshkoralik va erkinlik tarafdori, mas'uliyatli boshqaruvni targ'ib qilgan, irodasi mustahkam, vijdoniga qarshi ish qilmaydigan odam edi.

O'zbekiston uchun uning siyosat maydonidan olinishi ulkan yo'qotish bo'lgan, deydi safdoshlari, Murod Jo'rayev xalqi uchun sidqidildan xizmat qilib, ezgu ishlarni amalga oshirgan bo'lar edi. Lekin umrining qariyb uchdan bir qismi zulmatda kechdi.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan beri 16 siyosiy mahbus ozod etildi. AQSh buni olqishlab, boshqalar ham erkinlikka chiqsin, deya undab kelmoqda. 10 kuncha oldin AQShning Toshkentdagi elchisi Pamela Spratlen sobiq siyosiy mahbuslar uchun ziyofat bergan. Murod Jo'rayev ham taklif etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG