Konvertatsiya ochildi, sinov davri endi boshlanmoqda


O'zbekiston bozorlarida

O‘zbekiston hukumati valyuta siyosatini erkinlashtirishga bel bog'lagan ekan, so'mning qadri yanada tushib ketdi. Davlat jiddiy sinov davrini boshdan kechirmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning sentabr boshida imzolagan farmoniga ko'ra, konvertatsiya ochilgan. Keskin choralar ko'rilmasa, inflyatsiya 20-30 foizga ko'tarilishi mumkin degan taxminlar bor.

Iqtisod va moliya bo‘yicha mutaxassis Saparboy Jubayev tahlilicha, rahbariyat qarori biznes doiralar va tadbirkorlarni sergaklantirgan.

"O‘zbekistonda devalvatsiya bo‘ldi, ammo boshqa davlatlardagidek erkin konvertatsiya tizimi hali yo‘q. Hozir ko‘pchilik kutish davrida, ertaga nima bo‘lar ekan degan o‘yda. Erkin konvertatsiya, devalvatsiyaga o‘tdik, lekin valyutani erkin sotib olish masalasi to‘la hal bo‘lgani yo‘q. Faqat bank kartalariga sotishga ruxsat berilgan, va bu kartalarni hozircha faqat xorijda ishlatish mumkin. Dollarni faqat xorij banklaridan olish mumkin“, - deydi mutaxassis.

Markaziy bank tomonidan 7-sentyabr kuni tarqatilgan ma’lumotnomada jismoniy shaxslar tomonidan valyuta sotib olish tartibi haqida tushuntirish beriladi. Jismoniy shaxslarga xorij valyutasi faqat karta orqali sotilishi, valyutani xorijdagi bankomatlar orqali yechib olish, karta vositasida xarid, hisob-kitob qilish mumkin.

Toshkent savdo markazlarida
Toshkent savdo markazlarida

Ishbilarmonlar import mahsulotlari uchun boj to‘lovlari keskin oshishi mumkin deya xavotirda. Ayrimlarni valyutada olingan kreditlarni qaytarish masalasi qiynamoqda.

“Ayniqsa, tijoratchilarda xavfsirash bor. Birinchi sabab - boj to‘lovlari keskin oshgan. Avval so‘mda to‘langan bojlar endi rasmiy kurs bo‘yicha hisoblanadi. Bu degani ikki barobarga ko‘tarilishi mumkin. Shuning uchun tovarlar qimmatlashib ketsa, nima qilamiz deb o‘tirgan tujjorlar ko‘p. Ikkinchi bir qatlam - ko‘plar banklardan valyuta, dollar va yevroda kredit olgan. Endi ular bu kreditni qanday qilib qaytarishni o‘ylab turishibdi. Avval kredit olish va uni bozorda konvertatsiya qilib, kunini ko‘rishi mumkin edi. Hozir esa buning iloji yo‘q”, - deydi Jubayev.

Konvertatsiya ochilishi, xususan so‘m bahosining erkin belgilanishi uzoq yillardan buyon qora bozor kursiga moslashib kun ko‘rib kelayotgan, oldi- sotdini ham shu kursga muvofiq amalga oshirib kelgan aholi hayotiga unchalik ta'sir qilmaydi, degan fikrlar bor. Jubayev bunga qo‘shilmaydi.

“Baribir 20-30 foizlik inflyasiya bo‘ladi. Prezident Antimonopoliya qo‘mitasiga keskin topshiriq berdi. Narx-navoni nazorat qilish kerak, dedi. Hozir baholar shu topshiriqqa ko‘ra ushlab turilibdi, ammo bir-ikki oydan so‘ng bozor erkinlashadi, shunda baribir inflyasiya kuzatiladi", - deydi u.

Mutaxassis nazarida O‘zbekiston hukumati bu qadamlar bilan banklar xizmatini takomillashtirishni nazarda tutmayapti.

“Bizdagi banklar hammasi bir vositaga aylantirilgan. O‘zlari mustaqil tarzda kredit berib, foydasini topib ishlashga o‘rganganda edi, eplab ketishardi. Konvertatsiyani ochyapmiz, ya’ni obyektni tayyorladik, ammo subyektlar bunga tayyor emas. Masalan, banklar nima qilishini bilmasdan arosatda turishibdi. Ular faoliyati Markaziy bank tomonidan jiddiy cheklangan. Ertaga valyuta shoxobchasi ochib, dollar sotaman desa, bunga instruksiyasi yo‘q ”, - deydi Jubayev.

Erkin konvertatsiya tomon tashlangan qadamlar O‘zbekiston hukumati iqtisodni liberallashtirish qarorida qat’iyligidan darak.

“O‘z milliy valyutasi, so‘mining qadrini, sotib olish qobiliyatini ikki barobarga tushirishni hamma davlat ham qila olmaydi. Mana, hatto Qozog‘iston ham, kuchli iqtisodga ega deb hisoblaymiz. To‘rt marta devalvatsiya qildi, ko‘pi bilan 25-30 foizga zo‘rg‘a qildi. Shuning uchun bu juda katta qadam, ammo to‘liq erkinlik haqida gapirishga hali erta. Bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan ishlarimiz hali ko‘p”, - deydi Jubayev.

Iqtisodni erkinlashtirish, konvertasiyani ochish Mirziyoyevning saylov dasturida ko‘rsatilgan islohotlardan edi. O‘tgan yilning 8-sentabrida davlat boshqaruvini qo'lga olgan Mirziyoyev 5-sentabrga kelib valyuta siyosatini erkinlashtirishga doir dastlabki farmonini imzoladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG