O'zbekiston jamiyati fidoyi a'zosidan ayrildi

Vasila Inoyatova, "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari, jafokash inson edi

"Ezgulik" inson huquqlari jamiyati asoschisi, 30 yildan oshiq davrdan beri O'zbekistonda erkinlik va adolat uchun kurashib kelgan Vasila Inoyatova 19-may kuni Toshkentda kasalxonada olamdan o'tdi. Oila a'zolariga ko'ra, huquq himoyachisi og'ir jarrohlik amaliyoti paytida jon bergan.

Vasila Inoyatova yaqinda 62 bahorini qarshilagan edi. O'tgan ikki yil mobaynida u 20 dan ortiq siyosiy mahbusning ozod etilishida faol hissa qo'shib, bu boradagi ma'lumotlarni nafaqat O'zbekiston ahli balki xalqaro hamjamiyat bilan ulashib kelar edi.

Vasila Inoyatova mustaqillikning ilk kunlaridanoq qonun ustuvorligini ta'minlash, erkinlik va huquq uchun jonbozlik ko'rsatgan. Davlat rahbarini haqorat qilganlikda ayblanib, panjara ortida o'tirib chiqqan. Lekin kurashni to'xtatmagan.

Vasila Inoyatova Toshkentdagi idorasida, 2018

Vasila Inoyatova huquq borasida O'zbekistondagi eng ishonchli manbalardan biri edi. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishda, axborot vositalari bilan aloqada, xorijdagi vatandoshlar, xususan faollar va muxolifatchilar bilan muloqotda Vasila Inoyatovaga teng keladigan huquqbon yo'q edi.

"Ezgulik" rasman ro'yxatga olingan paytda ham, keyinchalik siyosiy bosim va repressiya avjiga chiqqanida ham, hayoti doimiy ravishda xavf ostida bo'lsa-da, Vasila Inoyatova minglab insonlarning hayoti, ularning nohaq qamalmasligi va hibsda qiynoqqa solinmasligi uchun kurashgan.

"Amerika Ovozi" bilan Toshkentdan turib, shuningdek, Vashingtonga kelgan paytidagi suhbatlarida o'z faoliyatini tushuntirar ekan, maqsadi ezgu ekani hamisha ayon edi.

Vasila Inoyatova O'zbekistonda xalqning huquqlari, har bir fuqaroning erkinliklari hurmat qilinsin, der edi. Adolat talab qilish tabiiy emasmi, deya boshqalarni ham nohaqliklarga ko'z yummaslikka undar edi.

Sizga Vasila Inoyatova bilan 2010 va 2011 yillarda qilgan muloqotimizni taqdim etamiz. Marhum kuchli ovoz egasi edi. Bu qudrat asosida o'ziga va adolatga nisbatan ishonch va talab yotar edi.

Your browser doesn’t support HTML5

Vasila Inoyatova bilan Vashingtonda yuzma-yuz suhbat, 2 aprel 2011, Navbahor Imamova/ Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Vasila Inoyatova bilan suhbat, 2010