Tinglov: Nega AQSh rasmiylari Afg'oniston haqida xalqni aldagan?

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston askarlari

Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha bosh inspector Jon Sopkoning aytishicha, AQSh rasmiylari va harbiy qo’mondonlar Afg’onistonda ishlar yaxshi ketayotgani haqida noto’g’ri ma’lumot berishdan manfaatdor bo’lgan. U “Vashington Post” nashrida AQSh harbiylari uzoq yillar jamoatchilikni aldab kelgani haqida shov-shuvli xabarlar chiqishidan bir oy o’tib qonunchilar oldida hisobot berdi.

“Muvofiqlashtirishning yo’qligi, mablag’ning behuda sarflanishi va yetarli darajada trening o’tkazilmagani Afg’onistonda zo’ravonlikni kamaytirish harakatlarini chippakka chiqardi”, - deydi qonunchi Maykl Makkaul.

AQSh va xalqaro koalitsiya 2001-yil Afg’onistonni bosib olgandan beri 2400 dan ortiq AQSh askari halok bo’ldi. Bu urush Vashingtonga qariyb bir trillion dollarga tushdi.

Kongress tomonidan Afg’onistondagi qayta qurish jarayonini tekshirish uchun maxsus tayinlangan inspektor Jon Sopko fikricha, urush natijalari haqidagi muntazam yolg’on AQSh harakatlarining besamar ketishiga hissa qo’shgan.

“Qisqa muddatli maqsadlar boshidan yolg’on gapirishni rag’batlantirdi. Olti oyga, to’qqiz oy yoki bir yilga borasiz va qilgan ishingizni ko’rsatishni xohlaysiz. Bu haqda tepaga xabar berasiz. So’ng prezident qo’lga kiritilmagan muvaffaqiyat haqida gapira boshlaydi. Qayerda yolg’on gapirilganiga emas, nega yolg’on gapirilganiga e’tibor qaratish lozim”, - deydi Sopko.

“Vashington Post” gazetasining yozishicha, rasmiylar AQSh Afg’onistonda erishgan muvaffaqiyatlar haqida jamoatchilikka uzoq yillar yolg’on ma’lumot berib kelgan. Nashr o’z hisobotiga hukumat taftishi natijalari aks etgan hujjatlarni ilova qilgan.

Bush ma’muriyati davrida Janubiy Osiyo bo’yicha davlat kotibi yordamchisi bo’lgan Richard Boucherning aytishicha, rasmiylar qasddan yolg’on gapirmagan.

“Hammamiz urushda nima bo’layotgani, biz yuzlashayotgan qiyinchiliklar, Afg’onistondagidek betartib vaziyatda ishlarni bajarish qanchalik murakkabligi haqida haqiqatni aytishga harakat qilganmiz”, - deydi u.

Tahlilchilarning aytishicha, urushning asosiy maqsadi – “Al-Qoida”ni yo’q qilish qisqa muddatda bajarildi, ammo ekstremist guruhlarning qayta bosh ko’tarishiga qarshi kerakli strategiya ishlab chiqilmadi.

“Yaxshiroq reja, strategiya, yaxshiroq trening dasturini yarata olsak, biz xohlagan Afg’onistonni, qobil hukumatni bunyod eta olamiz va xalq e’tiborini qozonib, barqarorlik o’rnatamiz, deb o’yladik. Bu qarashlarimiz mamlakat va uning odamlari haqidagi noreal tasavvurlarga asoslangan edi”, - deydi Afg’onostonda elchilik qilgan Richard Boucher.

Kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, hududni tez tark etish yanada og’ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

“Ketishimiz kerakligini biladigan bosqichdamiz, lekin buni mas’uliyat bilan amalga oshirishimiz kerak. Bu esa muloqotni talab qiladi”, - deydi ekspert Skot Smit.

Tramp ma’muriyati urushni tugatish uchun bir necha oydan beri Tolibon bilan tinchlik muloqoti olib bormoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 2020-yil, 16-yanvar